Jamiyat | 21:48 / 12.11.2019
97812
13 daqiqa o‘qiladi

Prokuraturaning Vahobov bo‘yicha qaroridagi paradoks: korrupsiyamidi yo tuhmat?

Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov shu yilning 14 avgust kuni Kun.uz sayti xodimlariga tahdid qilgach, bu voqea ijtimoiy tarmoqda rezonans keltirib chiqargandi.

Avvaliga Toshkent shahar prokuraturasi Vahobovning sayt xodimlariga nisbatan xatti-harakatlari yuzasidan tekshirish o‘tkazib, yakunda biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan edi.

Keyinroq, Vahobov lavozimidan ozod etilgani, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha o‘rganish uchun shahar prokuraturasiga yuborilgani ma'lum bo‘ldi.

Toshkent shahri prokuraturasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 19 oktabr kuni holat yuzasidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakuni bo‘yicha Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari A.Vahobov va Kun.uz muxbiri R.Isroilovning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Vahobov Kun.uz muxbiriga tuhmat qilmagan deb topildi

Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarordan xulosa qilish mumkinki, prokuratura A.Vahobovning tushuntirishidan boshqa birorta dalil bo‘lmay turib, R.Isroilov A.Vahobovdan 1 gektar yer maydonini so‘ragan, deb topgan.

E'tibor berilsa, prokuratura qarorning shu qismi bilan «R.Isroilov hokim o‘rinbosaridan yer so‘ragan», deb hisoblamoqda. Ammo qarorda ushbu holat aynan nima bilan tasdiqlangani, R.Isroilov A.Vahobovdan aynan qachon va nima maqsadda yer so‘ragani, buning evaziga qancha miqdorda pul (pora) taklif qilgani tafsilotlari bayon etilmagan.

Vaholanki, R.Isroilov Bosh prokuror nomiga yozgan shikoyatida ham, surishtiruv organiga bergan tushuntirishida ham «zamhokim» o‘z intervyusida unga tuhmat qilgani, A.Vahobov bilan avval ko‘rishmagani, undan yer yoki boshqa qimmatliklarni so‘ramaganini ta'kidlab kelgan. Mazkur bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi fikrlarning qay biri asosli ekani tekshirib ko‘rilmagan, huquqiy baho berilmagan. Aslida qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan asosiy masala ham shu edi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.

A.Vahobov videointervyuda nimalar degan edi?

Shahar hokimligi matbuot xizmati tayyorlagan, sal kam 20 daqiqa davom etgan videointervyuning asosiy mazmuni R.Isroilov A.Vahobovdan yer so‘ragani, buning evaziga «juda yuqori summa» taklif qilgani, bunga rozi bo‘lmagani uchun atayin, qasd olish maqsadida 14 avgust kuni hokimlik binosida yuz bergan holatdan o‘zining g‘araz maqsadlarida foydalangani haqida so‘z yuritiladi.

Videointervyuda A.Vahobov R.Isroilov haqida nimalar deganini eslab o‘tamiz:

«– Camarqand viloyatidagi oilada qiyinchilik bilan katta bo‘lganman, ish izlab Toshkentga kelib, Kun.uz saytiga (ishga) kirdim, oylik maoshim o‘zimga yetmaydi, menga taklif bergan tadbirkorim bor, shu 1 gektar yerni olishda yordam bersangiz, yarmiga to‘yxona quraman, yarmini u odamga sotaman, cizni ham quruq qo‘ymayman, deb kerak bo‘lsa juda yuqori miqdordagi summalarni aytdi»

«– Siz (taklifimga) salbiy javob beradigan bo‘lsangiz, men bu narsani teskari olaman, ko‘cha dumaloq, ertaga yana ko‘rishib qolamiz, degan gap bilan tahdid qildi»

« – binodan chiqayotganimda (14 avgust kuni nazarda tutilmoqda) Rahmatillo ro‘para kelib qolib, iltimosi nima bo‘lganini so‘radi. Men bu iltimosingizni o‘sha paytning o‘zida rad etganman, vakolatimni suiiste'mol qilolmayman dedim. Shunda Rahmatillo «mayli, hozir qo‘limda material bor, endi o‘zizdan ko‘ring», degandek tahdid qildi»

«– (hokimiyat binosiga) birinchi kirib kelganida foyeda o‘zining avval so‘ragan iltimosini nazarda tutgani uchun, g‘araz masalasi bo‘lganidan, keyin alohida hokim huzurida gaplashamiz deganimni pisand qilmadi»    

«– o‘yladimki, hozir meni boshqa holatda chiqaradi deb, chunki u «saytimda 1 mln. obunachim bor, buyurtmachilarim bor, hozir nima yozsam amalda ham xuddi shu bo‘ladi deb boshida gapirgan gapi miyamga o‘tirib qoldi»

«– vaziyat shu bo‘lib qoldiki, yigitlar o‘zini oppoq ko‘rsatib, bu yoqda biz qolib ketdik, shunga masala bo‘yicha oydinlik kiritishlaringizni iltimos qilaman, ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatishlaringni so‘rab qolardim»

«– Rahmatillo tahdid orasida 1 mln. obunachim bor, bir kunda qo‘yaman, 3 kunda natijasi chiqadi, meni hamma eshitadi, kerak bo‘lsa hokim bilan qo‘shib o‘zingizni ham ishdan oldiraman, degan gaplari qulog‘imda jarangladi».   

Shuningdek, A.Vahobov shahar hokimligi matbuot xizmati xodimining savoliga javoban Kun.uz o‘ziga yer masalasida bir emas, ikki marta tahdid qilgani haqida bildirgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, A.Vahobovning prokuratura qarorida keltirilgan so‘zlari bilan videointervyuda aytgan gaplari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa videoyozuvlar bir-biridan keskin farq qilmoqda. Qolaversa, tahririyat xodimlari 14 avgust kuni hokimlik binosiga kirib borishidan boshlab, chiqib ketguniga qadar yuz bergan voqea-hodisalar aks etgan videoda R.Isroilov A.Vahobov bilan u aytayotgan mavzuda suhbatlashmaganini ochiq-oydin ko‘rish mumkin. Mazkur video shahar prokuraturasiga ham taqdim etilgan edi. Ammo, qabul qilingan qarordan ko‘rinib turibdiki, surishtiruv organi tegishli audio va videomateriallarni taraflarning ko‘rsatmalari bilan solishtirib ko‘rmagan.

A.Vahobovning gaplari tasdiqlansa buning huquqiy yechimi qanday bo‘ladi?

Jinoyat kodeksining 211-moddasiga ko‘ra pora berish, ya'ni davlat organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilofligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu bois, A.Vahobovning ilgari surgan da'volari o‘z tasdig‘ini topsa, R.Isroilov JKning yuqoridagi moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim.

Bordiyu, faraz qilaylik, 1 gektar yer uchun A.Vahobovga taklif etilgan poraning miqdori ko‘p (eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha) yoki juda ko‘p (eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari va undan ortiq) miqdorda bo‘lsa, R.Isroilovning ayblilik masalasi JKning 25,211-moddasi ikkinchi qismi «b» bandi yoki shu moddaning uchinchi qismi «a» bandi doirasida hal etilishi kerak edi (ma'lumot uchun: JKning 25-moddasiga ko‘ra qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi).

Tasdiqlanmasachi?

Hozircha muxbir R.Isroilov A.Vahobovning da'volarini to‘liq inkor etib, ularning barchasini tuhmat deb hisoblamoqda. Kun.uz o‘tkazgan ichki surishtiruv natijalari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan (tarqalmagan) videolar va ishga aloqador boshqa dalillarning barchasi A.Vahobovning gaplari tuhmatdan iboratligiga ishora qilmoqda. Faqat bu hozircha prokuratura organlari tomonidan har tomonlama to‘liq, mavjud dalillarga asoslangan holda tekshirilganicha yo‘q. 

Ma'lumki, A.Vahobov muxbirning tamagirligiga oid da'voni ommaviy axborot vositasi hisoblangan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tarmoqlari orqali e'lon qildi.

Agar ushbu da'volar tasdiqlanmasa, unda bu tuhmat deb topilishi va A.Vahobovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim.

JKning 139-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish, ya'ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yoki A.Vahobovning fikri bo‘yicha muxbir unga yer olib berishi uchun taklif qilgan «juda yuqori summa» (pora) miqdori jinoyat kodeksi bilan belgilangan «ko‘p miqdor»da (eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha) bo‘lsa, Vahobovning qilmishi JKning 139-moddasi 3-qismi «a» bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish) bilan malakalanishi lozim.

Vahobovning intervyuda aytgan gaplari tasdiqlanmasa-yu, lekin unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga «ko‘z qiymayotgan» bo‘lsa, vaziyatga hech bo‘lmaganda MJtKning 40-moddasi doirasida baho berilishi ham mumkin.

Yopilgan qozon yopilganicha qoladimi?

Toshkent shahar prokuraturasining bu qarori yakuniy qarormi yoki ish yana qayta ko‘rib chiqiladimi, hozircha bunisi qorong‘i. Ammo, adolat nuqtayi nazaridan bu masala bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o‘rganilishi zarur.

Chunki, bu holatda tanganing uchinchi tomoni yo‘q, masala aniq va ravshan:

- pora taklif qilgani rost bo‘lsa, muxbir javobgarlikka tortilishi kerak, chunki bu KORRUPsIYa!

- sobiq hokim o‘rinbosarining muxbir haqida aytgan gaplari isbotlanmasa, unda u javobgarlikka tortilishi lozim, chunki bu TUHMAT!

Xulosa qilib aytganda, biror-bir mansabdor shaxsdan izoh olishni niyat qilgan jurnalist o‘sha mansabdorga yoqmasa «mendan pul yoki yer so‘rab, tamagirlik qildi, men bermaganim uchun shunaqa qildi», deb tuhmat qilaversa, bu kabi holatlar prokuratura organlari tomonidan yetarli darajada o‘rganilmay, jinoyat alomati yo‘q, deb ish yopib yuborilaversa, ommaviy axborot vositalari va jurnalistikaning kelajagi xavf ostida qolib ketmaydimi?

Mavzuga oid