O‘zbekiston | 07:59 / 05.08.2023
9070
2 daqiqa o‘qiladi

Sudlarda taftish instansiyasi joriy etiladi

Shuningdek, appelyatsiya shikoyatini berish muddatini 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasi majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Iqtisodiy protsessual kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Sudning ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Qonun loyihasida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilyapti.

Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishining imkoniyatlari yanada kengayadi. Bunda birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Sud ishidan yana norozi bo‘lingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atida qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, appelyatsiya shikoyatini berish muddatini 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama qilindi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid