Jahon | 17:50 / 25.12.2025
16912
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘on chegarasidagi otishmada tojikistonlik harbiylar halok bo‘ldi

24 dekabr kuni Afg‘oniston tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan terrorchilar bilan tojik chegarachilari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston chegara qo‘shinlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi 24 dekabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan terrorchilar bilan qurolli to‘qnashuvda halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa Shamsiddin Shohin tumanidagi «Sarchashma» chegara otryadining 5-sonli «Sod» chegara posti hududida sodir bo‘lgan. 23 dekabr kuni soat 23:30 da uch nafar jangari davlat chegarasini yashirincha kesib o‘tgan, ularning joyi ertasi kuni, 24 dekabr soat 11:15 da aniqlangan.

Chegarachilarning taslim bo‘lish haqidagi talabiga jangarilar o‘q uzish bilan javob qaytargan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, terrorchilar Tojikiston Chegara qo‘shinlari postlaridan biriga hujum qilishni rejalashtirgan. Otishmada uchala jangari ham o‘ldirilgan.

To‘qnashuv joyida huquq-tartibot idoralari xodimlari uchta M-16 miltig‘i, bitta Kalashnikov avtomati, xorijda ishlab chiqarilgan ovoz so‘ndirgichlar bilan jihozlangan uchta to‘pponcha, shuningdek, o‘nta qo‘l granatasini topib, musodara qilgan. Bundan tashqari, qoidabuzarlar yonida tungi ko‘rish moslamasi, portlovchi moddalar va turli o‘q-dorilar bo‘lgan.

Teraktning oldini olish operatsiyasi davomida tojikistonlik ikki harbiy xizmatchi - Zirexbon Navro‘zbekov va Ismatullo Qurbonov halok bo‘lgan. Chegara qo‘shinlari xizmat burchini bajarish chog‘ida shaxsiy tarkibning yo‘qolishi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Xabarga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida bu Afg‘oniston hududiga kelgan yoki u yerda bo‘lgan jangarilar tomonidan tinch aholi yoki harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan uchinchi qurolli hujumdir.

«Ushbu faktlar toliblar hukumati Tojikiston Respublikasi bilan davlat chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda terrorchilik tashkilotlari a’zolariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining xalqaro majburiyatlari va va’dalarini bajarishda jiddiy va bir necha bor mas’uliyatsizlik ko‘rsatayotganini isbotlaydi», deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari xabarida.

Qo‘mita Afg‘onistonda hukmronlik qilayotgan «Tolibon» harakati rahbariyati Tojikiston xalqidan rasman uzr so‘rashi va chegarada xavfsizlikni mustahkamlash uchun ta’sirchan choralar ko‘rishiga umid bildirdi. Shuningdek, davlat chegaralarini himoya qilish uchun barcha zarur kuch va vositalar mavjudligini qat’iy ta’kidladi.

Hozir chegaradagi vaziyat tinch deb baholanmoqda, hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshida Afg‘oniston tomonidan Tojikistonga kirgan jangarilar xitoylik ishchilarga hujum qilib, dastlab ulardan uch nafarini, so‘ngra yana ikki nafarini o‘ldirgan edi. Mojaro ortidan Xitoy va Tojikiston rasmiylari o‘rtasida diplomatik taranglik yuzaga keldi.

Mavzuga oid