O‘zbekiston | 23:10 / 05.07.2021
44012
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda barcha turdagi ommaviy tadbirlar vaqtincha to‘xtatildi - Maxsus komissiya

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ochiq maydonlar yoki yopiq majmualarda bo‘lishidan qat'i nazar, O‘zbekistonda barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi.

Sport turlari bo‘yicha musobaqalarni muxlislarsiz o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bu cheklov mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani fonida kiritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, konsert-tomosha dasturlarining yopiq madaniyat saroylarida o‘tkazilishi shu yil 1 maydan vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Maxsus komissiyaning bir necha kun oldingi karantinga doir qarori amalga oshmagan edi. Epidemiologik siyosatni belgilayotgan bu organ 28 iyundan Toshkentga o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda avtotransportda kirishni taqiqlagan, ovqatlanish joylari va ko‘ngilochar obektlar 8:00dan 20:00gacha ishlashi rejimini kiritgan edi.

Undan avval esa, 23 iyundagi qarorga ko‘ra, avtobus haydovchilari va metro kuzatuvchilari niqobsiz shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmasligi kerak edi.

So‘nggi paytlarda, karantin bo‘lishiga va kasallanish holatlari ortib borayotganiga qaramay, minglab odamlar ishtirokida ommaviy tadbirlar respublika miqyosida takror-takror o‘tkazilayotgani jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘layotgandi.

Mavzuga oid