Jamiyat | 15:15 / 27.02.2021
26538
6 daqiqa o‘qiladi

«Cutidan otam davo topgani uchun tuyalarga mehr qo‘ydim...» - Markaziy Farg‘ona cho‘llaridagi tuyachilik xo‘jaligi raisi

Hayvon boqish, unga mehr berish - azaldan xalqimizda shakllangan odat. Qishloqlarda biror xonadon yo‘qki, hayvon parvarish qilinmasa. Aqalli tovuq bo‘lsa ham boqiladi. Hayvon parvarishi oila uchun qo‘shimcha daromad manbai ham.

Bu safargi hikoyamiz Farg‘ona viloyati Rishton tumanining Markaziy Farg‘ona cho‘llarida bir necha yildan buyon tuyachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Asrorjon Hikmatovning fermerlik faoliyati haqida.

Tuya parvarishining o‘ziga xos jihatlari, xo‘jalik ishchilarining kunlik ish faoliyati bilan tanishish uchun fermer xo‘jaligida bo‘ldik.

Ma’lum bo‘lishicha, tuyalar kuniga 3 mahal: erta tongda, tushlik va kechki paytda sog‘ilar ekan. Sahargi sog‘ish jarayonining guvohi bo‘lish uchun erta tongdan Rishton sari yo‘lga chiqdik.

Bizni fermer xo‘jalik ishchilari samimiy kutib olib, to‘g‘ri sut sog‘iladigan joyga olib borishdi. Ishchilar manzilgohidan to tuyalar og‘iliga yetib borguncha xiyla piyoda yo‘l bosdik.

Fermer xo‘jaligi ishchilari tuya yelinlarini obdan suvda tozalab yuvib, ikki tomondan sog‘a boshlashdi. Orada bo‘taloqlar ham sut bilan siylandi.

«Bundan bir necha yil avval dadamning tobi qochib, uzoq vaqt to‘shakka mixlanib qolgan edi. Odamlarning bergan tavsiyalari bilan dadam nihoyat tuya sutidan davo topdilar. O‘shanda birinchi marta tuyalarga mehrim uyg‘ongan. Dadam hozirgacha tuya suti ichadilar. Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» asarida tuya suti shifobaxshligi xususida to‘xtalib, tarkibidagi vitaminlar sigir sutiga nisbatan uch barobar ko‘p bo‘lishi haqida ta’kidlagan. Ibn Sinoning aytganlari rost bo‘lib chiqdi. Tuya sutining ming dardga davo ekaniga dadam misolida o‘z hayotimda amin bo‘lganman»,— deydi «Roshidon nasldor tuyalari» fermer xo‘jaligi raisi Asrorjon Hikmatov.

Ko‘z ochib yumguncha 4 bosh tuya sog‘ib bo‘linib, poyoni yo‘q yaylovlarga olib ketildi. Bo‘taloqlarning yoniga xashak solindi. Biz yantoqzorga odimlab borayotgan tuyalarning ketidan ergashdik...

«2013 yilda Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidan birinchi tuyani olib kelganman. Eng sevgan jonzotim tuya. Hayotimni ularsiz tasavvur qila olmayman. 2013 yildan buyon erta-yu kech tuyalar bilan birgaman. Jami 31 tuya bor, undan 27 tasi urg‘ochi, 4 tasi erkak», — deydi Asrorjon Hikmatov.

Ishchilarning aytishiga qaraganda, biz bu yerga kelishimizdan bir kun avval «Komila» ismli tuya bolalagan ekan. Qiziq, har bir tuyaning o‘z ismi bo‘lib, ularni shu nom bilan chaqirishar ekan.

N9pcIIll5aHKNdcEekn5phEypSSTnncq.jpg (900×600)

«Ming dardga davo sutni olish uchun viloyatlardan, Qirg‘iziston, Tojikiston, ba’zida Rossiyadan kelishadi. Qand kasali va jigar xastaligiga chalingan bemorlarga olib ketishadi. Asosiysi, tuya suti qonni tozalaydi.

Turkmaniston bilan shartnoma tuzib, kelajakda tuyalar sonini 100 taga yetkazish rejamiz bor. Bir litr tuya sutining hozirgi kundagi narxi 35 000 so‘m turadi. Buni asosan dorilikka sotib olishadi. Og‘ir xastalikka chalingan ehtiyojmand bemorlarga sutni tekinga beramiz», — deydi fermer xo‘jaligi raisi.

Har bir sohaning ham o‘ziga xos og‘ir va yengil jihatlari bor. Fermer xo‘jaligida o‘tkazgan bir kunimizda shunga amin bo‘ldikki, tuya boqish g‘oyat qiziqarli kasb ekan.

«Aslida, bir kunda tuya 10 litrgacha sut berishi mumkin. Lekin tuyalarimiz 2 litr sut beradi xolos. Chunki ularga qo‘shimcha ozuqa bermaymiz. Tuyalar yaylovda yantoq yeb yuradi. Agar qo‘shimcha yem bersak, suti ko‘payishi mumkin, ammo bunda sutning shifobaxshligi yo‘qoladi.

Tuyalarning boshqa jonzotlardan farqi ular nihoyatda aqlli bo‘ladi. Lekin 5 ta qoramolning xashagini yeydi. Qo‘pol qilib aytganda, yebto‘ymas bo‘ladi tuyalar», — deydi A.Hikmatov.

Asrorjon Hikmatovning aytishicha, tuyalarning nafaqat suti, balki juni ham qadrlanadi:

«Tuya juni ham qimmatbaho matoh sifatida 1 kilosi 50 dollar turadi. Undan yostiq, ko‘rpa, kiyim-kechak tikiladi. Junini kelajakda chetga eksport qilish niyatimiz bor».

th4gwDO-K4hx29x6i9-qkzXBIj8y9ZfT.jpg (900×600)

Asrorjon Hikmatov tuya agar «oq bo‘taloq» tug‘ib bersa, haqiqiy bayram bo‘lishini, chunki oq tuya noyob hisoblanib, har zamonda bir tug‘ilishini aytib berdi.

«Tuyalarim orasida oq tuya bor. U azaldan qimmatbaho hisoblanadi. Bu tuya men uchun qadrliligi uchun xaridorga 50 ming dollarga sotmadim.

Hammasi Yaratgandan. Qo‘l ostimda 9 nafar ishchi faoliyat olib boradi. Ularni oylik maosh bilan ta’minlayman, 9 oilaning qozoni qaynab turibdi», — dedi u.

Tuyachilik fermer xo‘jaligidagi bir kunlik hayot bilan tanishib ortga qaytar ekanmiz, jonzotga bo‘lgan o‘zgacha ishtiyoq so‘nmasligini istadik...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid