Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘ona viloyatining 5 ta hududida hokim almashdi
Prezident tashrifi ortidan Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Bag‘dod, Beshariq va O‘zbekiston tumanlariga, shuningdek, Marg‘ilon shahriga yangi hokimlar tayinlandi.
Bugun, 29 aprel kuni xalq deputatlari Bag‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan tuman rahbarligi uchun taqdim etilgan Hojiqo‘zijon Qosimjonovich Isoqov nomzodi deputatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Hojiqo‘zijon Isoqov 2021-2025 yillarda Farg‘ona viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan, so‘nggi vaqtlarda Farg‘ona viloyati 426-xo‘jaliklararo ixtisoslashgan ko‘chma mexanizmlar kolonnasi MChJ boshlig‘i lavozimida faoliyat yurityotgandi.
Bag‘dod tumaniga 2024 yil fevralidan buyon G‘anijon Soliyev rahbarlik qilayotgandi.
Nodirjon Ro‘ziboyevich Mashrapov Farg‘ona tumanining yangi hokimi etib tayinlandi.
Mashrapov muqaddam Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
U tumanga 2022 yil oktyabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Inomov Hamidullo o‘rnini egalladi.
O‘zbekiston tumaniga Rasuljon Jo‘rayev hokim etib tayinlandi.
U 1973 yilda Rishton tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent irrigatsiya va kishlok xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muxandislar institutini tugatgan. 2017 yildan buyon Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanini boshqarib kelayotgandi.
U O‘zbekiston tumaniga 2025 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelgan Ravshanbek Begmatov o‘rnini egalladi.
O‘z navbatida, Beshariq tumanida ham Jo‘rayev o‘rniga yangi rahbar ish boshlagan. Bu lavozimni Ilyos Valeriyevich Novikov egalladi.
Novikov 2018–2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani hokimi bo‘lib ishlagan. 2024 yil yanvar oyi oxirida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani, hokimlar buni reja ham qilmaganini aytgan va bosh vazirga mazkur tumanlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgan edi. Shu yig‘ilishdan keyin Novikov ham ishdan ketgandi.
Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Marg‘ilon shahri hokimi Shukurulloxon Nisbatxonov ham lavozimidan ozod etildi.
Uning o‘rniga Elbek Rustamovich Rustamov shaharning yangi rahbari tayinlandi.
Bungacha u Markaziy bank Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Muqaddam Farg‘ona viloyati va Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi rahbari lavozimlarida ishlagan Shukurullaxon Nisbatxonov 2023 yil avgustida Marg‘ilon shahri hokimi lavozimiga tayinlangandi. O‘sha yil noyabrida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida va 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga befarqlik bilan yondashib, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyatsizlik bilan qaragani uchun hayfsan jazosini olgandi.
Mavzuga oid
17:47 / 28.04.2026
O‘zbekiston tumaniga yangi hokim tayinlandi
10:24 / 28.04.2026
Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi
14:41 / 27.04.2026
Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
10:41 / 27.04.2026