“Yaqinda aholining shaxsiy ma’lumotlari tarqab ketdi va albatta bu xavfsizligimiz yetarlicha himoyalanmaganidan dalolat. Kvant kompyuterlari orqali xavfsizlikni kuchaytirishimiz mumkin edi va bunga imkoniyat bor”, – deydi Ozodbek.

Ozodbek Tohirov dasturlar yaratish barobarida ingliz tilini ham o‘rganib bormoqda. Uning aytishicha, kelajakni kvant kompyuterlarsiz tasavvur qilish qiyin:

“Yaqinda kvant kompyuterlari orqali tasodifiy raqamlar yaratuvchi dastur ishlab chiqdim. Eng avvalo kriptografiya nimaligini anglashimiz kerak.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, alifboda uchta raqamni oldinga yoki orqaga qilib o‘zgartirishimiz mumkin, shunda “salom”dagi “a” harfi “d”ga o‘zgaradi va shunda hech kim bilmaydi. Bunda kalitimiz uch bo‘ladi. Hozirda oddiy kompyuterlar yoki superkompyuterlar ham tasodifiy raqamlar yarata oladi, lekin ular aslida haqiqiy tasodifiy raqam emas. Ular matematik formulalarga asoslangan. Hozirda kvant kompyuterlari orqali haqiqiy tasodifiy raqam yaratishimiz mumkin, chunki bu fizika qonunlariga asoslangan.

Endi kvant texnologiyalari haqida aytib o‘tsam. Kvant texnologiyalari bizga yangi bir inqilob va imkoniyat bo‘lishi mumkin. Tarixga yuzlansak, 1760 yillarda sanoat inqilobi bo‘ldi. O‘rta asrlarda Samarqand, Buxoro ilm-fan, madaniyat va savdo markazi hisoblangan va bu paytda esa Yevropada qorong‘u davr edi. Lekin sanoat inqilobi tufayli kuchlar balansi o‘zgardi. Sanoat inqilobidan so‘ng biz 100-150 yil orqada qolib ketdik. Undan keyin elektr, so‘ngra internet paydo bo‘ldi.

Hozirda sun’iy intellekt poygasi davom etmoqda. Bundan keyin kvant texnologiyalari inqilobi paydo bo‘ladi. Biz bunga oldindan tayyor bo‘lishimiz kerak va mutaxassislarni chiqarishni boshlashimiz kerak, shunda biz dunyoda top-20 talikka kira olishimiz mumkin. Kvant texnologiyalariga sanoqli davlatlar e’tibor qaratmoqda. Biz bu imkoniyatdan foydalanib qolishimiz kerak.

Misol uchun AQSh kvant texnologiyalari uchun 2018 yildan doimiy sarmoya kiritishni boshladi. Xitoy esa milliy dasturlar yaratishni 2016 yilda boshlagan. Biz ham shu kabi dasturlar yaratishimiz kerak. 2030 yilgacha 1 million sun’iy intellekt yetakchisi dasturlari bor, bizga hozirda kvant texnologiyalariga ham shunday dasturlar kerak.

Kvant kompyuteri bilan oddiy kompyuter yoki superkompyuterlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, qisqacha qilib aytganda oddiy yoki superkompyuterlar 0 va 1lardan foydalanadi. Kvant kompyuterlarida esa shunday xususiyat borki, superpozitsiya deb ataladi, unda ham 1, ham 0 ishlashi mumkin. Bu ularga bir vaqtning o‘zida vazifalarni barchasini ishlashiga yordam beradi.