Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Prezident o‘qituvchilik faoliyatimizdagi to‘siqlar haqida so‘radi» – Sergelidagi yangi maktab o‘qituvchisi bilan suhbat
Kecha, 29 may kuni prezident Mirziyoyev Toshkent shahri Sergeli tumani 5A mavzesiga qilgan safarida yaqinda foydalanishga topshirilgan 329-umumiy o‘rta ta'lim maktabi faoliyati bilan tanishdi.


Kun.uz muxbiri ushbu maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Sohiba Shamsiyeva bilan suhbat tashkil qildi. Suhbatda yangi maktabga o‘qituvchilarni saralab olish, maktabda yaratilgan sharoitlar va prezident bilan bo‘lgan qisqa suhbat haqida so‘z bordi.
Yangi maktabga o‘qituvchilarni saralab olish jarayoni haqida
«Faoliyatimdagi ikki yillik tanaffusdan so‘ng ishga kirish uchun ariza berishda juda hayajonlandim. Yangi ochilayotgan maktabda ishlashga talabgorlar juda ko‘payib ketdi», – deydi o‘qituvchi.
Uning aytishicha, maktabdagi 25ta o‘rin uchun 2000dan ortiq talabgor bo‘lgan. «O‘qituvchilar tanlov asosida qabul qilindi. Saralashning birinchi bosqichida Abdulla Avloniy nomidagi kadrlar malakasini oshirish institutida kompyuterda test topshirdik. Har bir mutaxassisning o‘z fani, pedagogik texnologiyalar, siyosiy-huquqiy savodxonlik bo‘yicha testlar o‘tkazildi. Qoniqarli ball olganlar saralashning ikkinchi bosqichiga o‘tdi. Suhbatga chaqirishdi. Bunda ham bitta o‘ringa 4-5 nafar o‘qituvchi da'vogar edi», – dedi u.
Shamsiyeva o‘qituvchilarni saralash jarayoni qanchalik shaffof o‘tgani to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob berdi:
«Saralab olish jarayoni meni qoniqtirdi, shaffof o‘tdi».
«Qani shunday sharoitlar qishloq joylarida ham bo‘lsa ...»
Sohiba Shamsiyeva avvalroq Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti qoshidagi litseyda ham ishlagan. Uning aytishicha, litseyda darsliklar yetishmagan, kimyo uskunalari bo‘lmagan.
«Hatto kompyuterda dars o‘tib bera olsak ham xursand bo‘lardik. Bu maktabda esa hammasi boshqacha.

Kimyo xonasi juda zo‘r jihozlangan. Ayniqsa, elektron doskaning mavjudligi xavfli, zararli moddalar bilan tajriba o‘tkazib ko‘rsatish jarayonida juda ham qo‘l keladi. Virtual laboratoriyani ishga solishimiz, unda xalqaro miqyosda o‘tkazilgan kimyoviy tajribalarni qo‘yib berishimiz mumkin. Nafaqat tajribalar, balki har xil kimyoviy formulalarni 3D formatda animatsion tarzda ko‘rsatish mumkin.
Maktab mart oyining avvalida ishga tushgan bo‘lsa, o‘quvchilar karantin boshlangunga qadar 2 hafta o‘qishdi. Ikki haftalik ish jarayonida o‘quvchilarda kimyo faniga qiziqish ancha oshganini ko‘rdim.

Fanlardan to‘garaklar bo‘lsin degan takliflar bo‘ldi. Bu bizga qo‘shimcha daromad bo‘ladi. Ilgarigidek to‘garak o‘tkazasan deb majburlash yo‘q, ularni pullik asosda o‘tkazishimiz mumkin, bu ham moliyaviy jihatdan katta yordam bo‘ladi.
Maktabga Sergeli tumani hududidagi yangi uylarga ko‘chib kelgan oilalarning bolalari kelishadi. Boshqa tumanlardan ham kelib o‘qisa bo‘ladimi, degan murojaatlar ham juda ko‘p bo‘ldi. Hozircha yana o‘quvchilarga joy bor. 1-sinfga yangi qabul qilsak, shundan joy qolsa, boshqa hududlardan ham o‘quvchi qabul qilinishi mumkin», – dedi fan Sohiba Shamsiyeva.
U bu kabi sharoitlar qishloq maktablarida ham bo‘lishni orzu qilishi haqida gapirdi.
«Qani shunday sharoitlar qishloq joylarida ham bo‘lsa... O‘quvchilar rosa orzu qiladi», – dedi Shamsiyeva.

«Prezident o‘qituvchilik faoliyatimizdagi to‘siqlar haqida so‘radi»
Sohiba Shamsiyevadan prezident tashrif davomida o‘qituvchilar bilan qaysi mavzularda gaplashgani haqida so‘radik.
«Prezident bizdan «o‘qituvchilikda sizlarga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?», – deb so‘radi, biz esa yangi maktabda ishlash uchun yaxshi imkoniyatlar qilib berilgani haqida aytdik. Shuningdek, O‘zbekistonda oxirgi yillarda o‘qituvchilar ortiqcha hujjatbozliklardan ham ozod qilinmoqda. Masalan, o‘qituvchilar endi har kunlik dars uchun kundalik ish reja yozishmaydi (kompyuterda tayyorlash mumkin), yillik taqvimiy mavzular rejasi qilinmaydi. Hozir bizda faqat jurnal to‘ldirish qolyapti va u ham keyingi yilda elektron shaklga o‘tkaziladi», – dedi o‘qituvchi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:23 / 14.01.2026
Maxsus komissiya Yangihayot va Sergeli tumanlarida ekologik reyd o‘tkazdi
12:14 / 18.11.2025
Sergeli tumanida Salar kanali ustidan yangi ko‘prik quriladi
12:21 / 31.10.2025
Sergelida Damas va Spark to‘qnashdi: bir yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi
09:01 / 13.10.2025