O‘zbekiston | 23:10 / 23.03.2018
36872
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qishloq xo‘jaligida dolzarb oylik e'lon qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 mart kuni qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

«Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash – katta masala. Bu esa qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga bog‘liq», dedi davlatimiz rahbari.

Prezident matbuot xizmati tomonidan xabar qilinishicha, yig‘ilishda g‘alla hosildorligini oshirish, chigit ekish ishlarini sifatli bajarish, meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishga oid masalalar muhokama qilindi. 

«Urug‘ sentabr-oktabr oylarida ekilib, o‘z vaqtida mineral o‘g‘it berilgan va sug‘orilgan dalalarda g‘alla to‘liq naychalash bosqichida rivojlanmoqda. Lekin 5,7 foiz maydonlarda g‘alla o‘sishi kechikib, haligacha to‘plash fazasida qolmoqda. Buning asosiy sababi g‘allani sug‘orish, dalalarga mahalliy o‘g‘it chiqarish, yovvoyi o‘simlik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilganidir.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, g‘allani mart va aprel oylarida kamida bir martadan qondirib, sharbat usulida sug‘orish hamda suspenziya usulida bargidan oziqlantirish, o‘simliklarni himoyalash vositalari sepishni yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Har bir fermer xo‘jaligi bo‘yicha don yetishtirishda hosildorlikni gektariga kamida 10 sentnerga oshirish yuzasidan dolzarb oylik e'lon qilib, 21 aprelgacha kunma-kun amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ta'kidlandi», deyiladi xabarda. 

Chigit ekishni sifatli o‘tkazish va to‘liq ko‘chat olish masalasiga e'tibor qaratilgan. 

Joriy yilda 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017 yilga nisbatan 135 ming gektarga, 2016 yilga nisbatan esa 184 ming gektarga kamdir. Chunki fermerlarga faqat zarar keltiradigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo‘lgan yerlarga paxta ekishdan voz kechildi, buning o‘rniga xaridorgir mahsulotlar ekilishi belgilandi.

«Eng asosiysi, qishloq xo‘jaligida iqtisodiy asosli va adolatli tizim yaratilib, paxta-g‘allaning xarid narxi xarajatlarni qoplaydigan va foydani ta'minlaydigan qilib belgilab qo‘yildi. Endi «chigit ekishga mablag‘ yetmayapti, yoqilg‘i yo‘q» degan bahonaga o‘rin qolmadi, ajratilayotgan mablag‘lar barcha tadbirlar uchun yetadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlardagi sektorlar rahbarlariga chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim bo‘yicha tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Mavsumda talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it, chigit ekish texnikasi va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini aniq hisob-kitob va jadval asosida yetkazib berish, 15 aprelgacha chigit ekish ishlarini to‘liq yakunlab, 25 aprelga qadar nihol undirib olish zarurligi ta'kidlangan.  

Prezident tomorqalardan samarali foydalanish masalasiga alohida to‘xtalgan. 

Aholi va dehqon xo‘jaliklariga tegishli unumdor tomorqa yerlaridan foydalanish mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilingan. Aksariyat aholining 8-10 sotix tomorqa yeri bo‘lsa-da, hech narsa ekmagani qayd etilgan.

Davlat rahbari kichik tomorqadan mo‘l hosil olib, oilasini boqayotgan, katta daromad topayotgan mehnatsevar odamlarni o‘rnak qilib ko‘rsatgan. 

«Cho‘p suqsang, ko‘karadigan yerimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa yerlaridan – shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab «Tomorqaga ekin ekish» oyligini e'lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech bo‘ladi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada aholiga ko‘maklashish maqsadida barcha tumanlarda «Tomorqa xizmati» korxonalarini tashkil etish, ular orqali tomorqalar uchun ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimyoviy preparatlar yetkazib berish, mexanizatsiya va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berilgan. Shu xizmatlar yetishtirilgan hosilni xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi. 

Yig‘ilishda meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq ishlar ham muhokama qilingan. Joriy yilda 2017 yilga nisbatan 24 foiz ko‘p mahsulot yetishtirish rejalashtirilgani qayd etilgan.  

Ushbu rejadagi meva-sabzavotlarni sifatli yetishtirish, xalq iste'moli uchun g‘amlash, belgilangan qismini eksport qilishni ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitilgan.

Mavzuga oid