O‘zbekiston | 16:33
3005
3 daqiqa o‘qiladi

«Narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20−25 mln so‘m sarflayapti» – prezident yoshlar orasidagi giyohvandlik muammosi haqida

Shavkat Mirziyoyev Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolganini tanqid qilib, agentlik rahbari Ravshan Mamatovni jiddiy ogohlantirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kungi yig‘ilishda narkotiklarga qarshi kurashda davlat organlari ishini tanqid qildi.

«O‘tgan yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qo‘yganlar rasman ro‘yxatga olingan. Eng achinarlisi, «soya»da bo‘lgan giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p. Ularning aksariyati yoshlar. Ular narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20−25 million so‘m sarflayapti. Giyohvand mablag‘ topish ilinjida jinoyatga qo‘l urishi tabiiy», – dedi davlat rahbari.

O‘tgan yili respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta’sirida jinoyat qilgan, uning uchtadan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi belgilandi.

Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida rahbarning alohida o‘rinbosari bo‘ladi. Hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorining o‘rinbosarlaridan biri bu yo‘nalishga mas’ul etib belgilanadi.

Prezident giyohvandlarni davolashga eng kamida to‘rt oy vaqt talab etilishini ta’kidlagan. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Davlat rahbari sintetik moddalar bilan bog‘liq vaziyatga ham e’tibor qaratdi. Shaharda jinoyatchilardan olib qo‘yilgan sintetik moddalar so‘nggi besh yilda 11 karra oshgan. Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalutada bo‘layotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmaganini qayd etdi. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolganini tanqid qildi.

«Endilikda agentlikning mas’uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi. Agentlik barcha kuch va vositalarga ega bo‘ladi», – dedi prezident.

Agentlik rahbari Ravshan Mamatov faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Ravshan Mamatov

1999 yilda qabul qilingan narkotiklar haqidagi qonunni yangidan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid