Jahon | 23:28 / 14.07.2025
4311
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar va Termizda harbiy mashg‘ulotlar - mahalliy dayjest

O‘zbekiston Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi. Oliygohlarga kirish imtihonlari boshlandi. Termizda Rossiya harbiylari bilan birgalikdagi o‘quv mashg‘uloti boshlanmoqda. Toshkentda yoshlarni zaharlayotgan dorifurush qo‘lga olindi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi

«Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Prezident administratsiyasi va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Farmonga asosan, endilikda Prezident administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular: ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi

Prezident farmoniga muvofiq, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda.

Davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanadi, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Shuningdek, farmon bilan vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladi. Bu bilan bog‘liq byurokratik jarayonlar qisqaradi, ular proaktiv faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.

Hukumat qarorlari, idoraviy hujjatlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari bilan tartibga solinadigan masalalar ro‘yxati belgilanadi.

Endilikda idoralar o‘zlariga tegishli sohani mustaqil tartibga solish vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qila oladi.

Oliygohlarga kirish imtihonlari boshlandi

Bugun, 14 iyuldan 2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga start berildi.

Erta tong soat 06:30 dan 08:00 ga qadar abituriyentlar belgilangan binolarga kelib, maxsus tekshiruvlardan o‘tdi va imtihon xonalariga joylashdi. 08:00 dan belgilangan fanlar bo‘yicha testlarni yechish boshlandi. Savollar abituriyentlar ko‘z oldida maxsus shtamplangan qog‘ozdan ochib tarqatildi.

Ayni vaqtda respublika bo‘ylab 65 ta yopiq turdagi katta sig‘imli binoda imtihon bo‘lib o‘tmoqda. Jarayonlar maxsus kameralar hamda nazoratchilar orqali kuzatib borilyapti.

Ma’lumot o‘rnida, bu yil 671 mingdan ziyod abituriyent test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 63,6 foizini joriy yil bitiruvchilari tashkil etadi. Test sinovlari 23 iyulga qadar 10 kun mobaynida o‘tkaziladi.

Termizda Rossiya harbiylari bilan birgalikdagi o‘quv mashg‘uloti boshlanmoqda

Rossiya Mudofaa vazirligining Tojikistondagi 201-harbiy bazasi askarlari «Termiz» poligoniga yetib keldi. Bu yerda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari bir hafta davomida «Hamkorlik-2025» o‘quv mashg‘ulotida qatnashadi.

«Harbiy va maxsus texnikadan iborat kolonnalarda harakatlangan bo‘linmalar «Termiz» poligoniga yo‘l oldi. Shaxsiy tarkib BTR-82A zirhli transportyorlari, URAL yuk mashinalari hamda KAMAZ bazasidagi maxsus texnikalarda harakatlanib, tog‘li hududlardagi ko‘tarilishlar, pasayishlar va tor serpantin yo‘llarni yengib o‘tishdi», deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi tarqatgan xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya va O‘zbekiston harbiylari o‘rtasidagi «Hamkorlik-2025» taktik mashg‘uloti 15-21 iyul kunlari Surxondaryodagi «Termiz» poligonida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Kun.uzʼga bunday mashg‘ulot o‘tkazilishini tasdiqladi. Shu bilan birga, o‘quv mashg‘uloti tafsilotlari haqidagi rasmiy tadbir boshlanganda berilishini ma’lum qildi.

2030 yilgacha asfalt qilinmagan ichki yo‘l qolmaydi — transport vaziri

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida 2030 yilgacha mahallalardagi barcha asfaltlanmagan ichki yo‘llar tartibga keltirilishini ma’lum qildi.

Hukumat soatida Xalq demokratik partiyasi a’zosi Anvarxon Temirov vazirdan mahallalar va aholi punktlaridagi yo‘llarning holati haqida so‘radi. Kuz-qish mavsumida fuqarolardan yo‘llarning qoniqarsiz ahvoli yuzasidan murojaatlar ko‘payib borayotgani aytildi.

«Mahalla, qishloq ichki yo‘llarida 2030 yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Bu bo‘yicha aniq dastur bor. Ya’ni bugungi kunda biz loy, tuproq yo‘llari 70 foizining ayrimlarini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik», deb javob berdi Ilhom Mahkamov.

Vazirning ta’kidlashicha, qolgan 30 foizi, umuman, tuproq yo‘llar ikki yilda shag‘alga o‘tkaziladi va 2030 yilgacha bunday yo‘lli aholi punkti qolmaydi.

Toshkentda yoshlarni zaharlayotgan dorifurush qo‘lga olindi

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona idoralari hamkorligida Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida istiqomat qiluvchi shaxsning Yangihayot tumanidagi ijaradagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 16 ming 249 dona «Zardeks» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

U muqaddam Telegram messenjeri orqali savdo qiluvchi shaxs tomonidan Sergeli tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu dori vositalarini olib, kelgusida mijozlarga sotganidan so‘ng, narkosavdogarga 16 ming AQSh dollari berishi kerak bo‘lgan.

«Zardeks» dori vositalari tarkibida «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, «Pregabalin» moddasi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kiradi.

Hozirda dorifurush fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakati olib borilmoqda.

Mavzuga oid