Jahon | 20:40 / 05.07.2023
29789
14 daqiqa o‘qiladi

«Endi seni o‘ldiramiz». Chechenistonda hujumga uchragan jurnalist va advokat tafsilotlarni gapirib berdi

Chechenistonda hujumga uchragan Yelena Milashina va Aleksandr Nemovni Moskvadagi shifoxonaga yetkazishdi. «Exa Moskva»ning sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktovning aytishicha, ular evakuatsiya qilingan maxsus bort xususiy kompaniya tomonidan taqdim etilgan.

Foto: Aleksey Venediktovning Telegram-kanali

Milashina va Nemov chorshanbaga o‘tar kechasi Vladikavkazdan uchib ketgan. Ularga shifokorlar, shuningdek Venediktov hamda Milashina ishlovchi «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov hamrohlik qilgan.

Moskvada ularni tez yordam mashinasi kutib olgan va Moskvadagi shifoxonalardan biriga olib ketgan (Venediktov e’lon qilgan fotoga ko‘ra, gap  Botkin shifoxonasi haqida bormoqda).

Hujum 4 iyul kuni ro‘y bergandi. «Kaltaklash vaqtida ularga shunday deyishgan: Sizni ogohlantirgandik. Bu yerdan keting va hech narsa yozmang», — deyiladi «Memorial» xabarida. «Qinoqlarga qarshi jamoa»ga ko‘ra, hujumdan keyin Nemov va Milashina yura olmay qolishgan, advokatning oyog‘iga pichoq tiqib olingan, Milashinaning butun tanasida kaltak izlari qolgan, sochi esa qirib olingan va zelyonka sepilgan.

Nemov va Milashina Grozniyga Zarema Musayevaning sudida ishtirok etish uchun kelishgandi. Ular sudga bora olishmadi. Aeroportdan Grozniyga kelish yo‘lida ularning avtomobili qurollangan shaxslar tomonidan to‘sib chiqilgan, keyin jurnalist va advokatni kaltaklashgan, qurol bilan tahdid qilishgan, hujjatlar va texnikalarni tortib olib, yo‘q qilishgan.

Kremlda seshanba kuni bu hujumni «qattiq chora ko‘rishni talab qiladigan» «jiddiy hodisa» deb baholashdi.

«Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina Chechenistondagi voqealar va shaxslar haqida ko‘plab surishtiruvlar o‘tkazgan

«U bilan bog‘landik va bir soat ichida bizda samolyot bor edi»

Jurnalist Milashina va advokat Nemovni Beslandan Moskvaga eltgan maxsus bort aviatsiya biznesi bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniya tomonidan taqdim etilgan, bu haqda Aleksey Venediktov «Dojd»ning ertalabki efirida aytib o‘tgan.

Jurnalist va advokatni hujum ro‘y bergan Grozniydan Shimoliy Osetiyaga tez yordam mashinasida olib kelishgan.

Venediktovning so‘zlariga ko‘ra, Muratov undan evakuatsiyani tashkillashtirishda yordam berishni so‘ragan. «Men o‘zim uchun yordam berishi mumkin bo‘lgan 12 kishi ro‘yxatini tuzib chiqdim», — degan Venediktov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi qo‘ng‘iroqdayoq unga «Rossiyada samolyotlar bilan shug‘ullanuvchi» va biznes-jyetlar parvozini tashkillashtirib beruvchi odam borligi haqida aytishgan: «Men u bilan bog‘landim va bir soat ichida bizda samolyot bor edi, keyin esa tibbiy guruh kerakmi, Moskvadan olib borish kerakmi, degan savol qo‘yildi».

Yakunda jabrlanuvchilarga ikki shifokor hamrohlik qilgan, chunki advokat Nemovning son qismida tig‘ jarohati bor edi.

Venediktov samolyot bergan kompaniya nomini ochiqlamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «aviatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi» xususiy firmadir.

Tashuv haqida kelishgach, Venediktov bu tashkilot rahbariga qo‘ng‘iroq qilgan va tashuv narxi qancha bo‘lishini so‘ragan: «Menga nima deyishdi — Aleksey Alekseyevich, barchasi allaqachon hal qilingan».

«Men sizga aytaman, bu mavzuda gaplashmaymiz, barchasi allaqachon hal qilingan», — deya  kompaniya rahbarining so‘zlarini keltirgan «Exa Moskva»ning sobiq bosh muharriri.

«Agar sog‘liqni saqlash organlari haqida gapiradigan bo‘lsak, Chechenistonda ham, Osetiyada ham, Moskvada ham biz mutlaqo to‘liq, unikal, benuqson yordamga guvoh bo‘ldik, — degan Venediktov BBC nashriga. — Grozniylik shifokorlar Aleksandrning ham, Lenaning ham holatini barqarorlashtirishdi, bu fakt. Buning uchun ularga ulkan minnatdorchilik bildiramiz. Ular, Lena aytganidek, ularning atrofida girdikapalak bo‘lishgan».

Aeroportlarda — Beslanda ham, Moskvada ham — «tez yordam»ni trapgacha o‘tkazishgan, Venediktov buni transport vazirligining sa’y-harakati deb atagan. Moskvada «Vnukovo» bilan muzokaralar, Muratovning roziligi bilan poytaxt sog‘liqni saqlash departamenti tomonidan olib borilgan.

Yelena Milashina AQSh prezidenti Jo Bayden va huquq faoli Igor Kochetkov bilan Amerikaning Freedom House tashkilotining taqdimot marosimida, 2018 yil. Foto: Getty Images

«Barmoqlarimni sindirmoqchi bo‘lishdi»

Nemov va Milashina Grozniyga Checheniston oliy sudining sobiq hakami Saydi Yangulbayevning turmush o‘rtog‘i, 2022 yil yanvarida Nijniy Novgoroddan chechenistonlik huquq-tartibot organlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan Zarema Musayevaning sudida qatnashish uchun kelishgandi. Yakunda advokat Nemov o‘z himoyasidagi shaxs ustidan sud hukmi o‘qilgan jarayonda qatnasha olmadi, uning yo‘qligida Zarema Musayevani 5,5 yil muddatga umumiy tartibli koloniyaga qamashdi.

«Qiynoqlarga qarshi jamoa» tomonidan e’lon qilingan videoda Milashina hujum tafsilotlarini gapirib bergan.

«Biz keldik, men bagajni oldim, — deya eslaydi jurnalist. — Biz 10 daqiqa kutib turdik, taksi keldi – kumushrang «Priora». Unga o‘tirdik, 500 metrcha yurdik. Biz «Sever» bazasidan [Axmat-hoji Qodirov nomidagi 141-maxsus motorlashtirilgan polk] o‘tdik. Shu vaqtda bizni uch mashina quvib keldi».

«Har bir mashinada kamida to‘rttadan odam bor edi, ular taksistni mashinadan uloqtirishdi va bizning boshimizni pastga egishdi. Qo‘limni orqaga qilib bog‘lashga urinishdi, Sashaga, aftidan, pichoq urishgandi — chunki, undan qon oqardi. Ozroq yurdik va mashina to‘xtab qoldi. Ular uni yurgiza olishmadi, keyin bizni qandaydir jarlikka olib tushishdi va shu yerda kaltaklay boshlashdi. Menimcha, ular kamida 10-15 kishi edi. Ko‘pchilik edi. Kimdir sumkalarimizni tita boshladi, unda texnikalar bor edi: ular [texnika] parollarini aytishimizni talab qilishdi. Noqulay vaziyat edi, mening parollarim ancha murakkab edi, ular esa talab qilishardi: „Raqamlarni ayt!“. Menda esa raqamlar yo‘q, mening parolim to‘rt raqamli emas. […] Ular esa buni tushuna olishmasdi».

«Ular buni anglab yetishganida, bu vaqtda mening sochimni qirib tashlashgan va ko‘zlarimga zelyonka sepib bo‘lishgandi, men hech narsani ko‘rmasdim va parol tera olmasdim», — deya izohlaydi Milashina.

Milashinaning aniqlik kiritishicha, hujum qilgan shaxslar uning barmoqlarini sindirmagan, unda miya chayqalishi qayd etilgan, sinish esa yo‘q.

«Ular o‘z imkoniyatlari va cheklovlarini yaxshi tushunar, nima qilayotganini yaxshi bilishardi. Ularda parollarni qo‘lga kiritish bo‘yicha qat’iy topshiriq bo‘lgan, — deb hisoblaydi jurnalist. — Sashani juda qattiq urishardi, unga to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday deyishdi: o‘zingni himoya qil, bu yerda kimnidir himoya qilishning keragi yo‘q. Meni ham urishdi, [barmoqlarimni] kesib tashlash bilan tahdid qilishdi, barmoqlarimni sindirmoqchi bo‘lishdi. Sindirishmadi».

«Qiynoqlarga qarshi jamoa» vakillari Milashinaga shunday savol berishgan: «Endi nima bo‘ladi, sen Grozniyga boshqa kelmaysanmi?» — «Albatta, kelaman. [Zarema Musayevaga chiqarilgan] hukm ustidan apellyatsiya beriladi, Sasha advokat sifatida, men esa jurnalist sifatida uchib kelamiz. Ogohlantiramiz, o‘ngga yoki chapga emas, faqat sudga boramiz».

Samolyotda olingan videoda, Milashina hujum qilganlar telefonni blokirovkadan chiqarish uchun pichoq bilan «barmoqlarini kesishni boshlashgani» haqida aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha pallada negadir iPhone uning barmoqlariga ochilmagan.

«Jiddiy miya chayqalishi bor, ammo sinish yo‘q. Ular nima qilayotganini bilardi va shoshilardi... Ular pulga tegishmagan, yonimda komandirovka uchun berilgan 13 ming rubl bor edi, — degandi Milashina. — Bank kartalaridan birortasini olishmagan. Ularni boshqa hech narsa qiziqtirmagan, faqat texnika qiziqtirgan. Bu bizning Chechenistondagi kasbiy faoliyatimiz bilan bog‘liq edi».

BBC uchun bergan izohida Aleksey Venediktov ham hujum qilganlarning asosiy maqsadi mobil telefonni olib qo‘yish va ochish bo‘lganini taxmin qilgan: «Topshiriq Milashinaning kontaktlarini aniqlash bo‘lgan, ayniqsa vagnerchilar va qodirovchilar haqidagi maqolalaridan keyin. U yerda uning Chechenistondagi jiddiy manbalari borligi aniq edi».

Uning fikricha, bu hujumni tasodifiy deb tushuntirib bo‘lmaydi — tashkilotchilar va ijrochilar aviachiptalarni bronlash tizimiga kira olishgan, ular Milashina qachon va qaysi reys bilan uchishidan xabardor bo‘lishgan, u va advokatga hujum qilingan uchastkada esa kuzatuv kameralari o‘chirib qo‘yilgan bo‘lgan.

Advokat Nemov ham hujum tafsilotlari haqida telefon orqali Federal advokatlar palatasi prezidenti Svetlana Volodinaga so‘zlab bergan.

«Boshqa mashinalar kelib siqib qo‘yganda biz taksida aeroportdan 200 metrcha uzoqlashgandik. Uchta mashinadan niqobdagi 10-12 kishi chiqib keldi, ular haydovchini taksidan chiqarib tashlashdi, keyin esa biz bilan 150 metr masofaga harakatlanishdi. To‘xtashdi, bizni sudrab olib chiqishdi, yo‘l chetiga uloqtirishdi va yuzimiz va butun tanamizga oyoq va kaltaklar bilan ura boshlashdi. Oyog‘imga pichoq bilan zarba berishdi… Bu yerga kelmasliklaring kerak edi, o‘z uylaringda ishlanglar, bu yerda hech kimni himoya qilishga hojat yo‘q, deyishdi. Go‘yoki meni oldinroq „qo‘lga olishganida“ ogohlantirishganini aytishdi, endi esa seni o‘ldiramiz deyishdi», — deya hikoya qilgan advokat.

«Tiz cho‘ktirishdi, boshimga to‘pponcha tirashdi. Shafqat so‘rab o‘tinishimni talab qilishdi. Keyin barcha texnikalar, telefon, noutbukni yig‘ishtirishdi, aytishdiki — yuzgacha sananglar, lekin kaltaklashda davom etishdi, doimiy ravishda oyoq bilan butun tana a’zolarimga tepishdi», — deya qo‘shimcha qilgan Nemov.

Rasmiylar nima demoqda?

Rossiyada inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Tatyana Moskalkova «Novaya gazeta» bilan suhbatda seshanba kuni tongdayoq Tergov qo‘mitasining Checheniston bo‘yicha boshqarmasidan va respublika prokuraturasidan tekshiruv o‘tkazishni so‘raganini aytgan.

Seshanba kuni kechqurun Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Checheniston bo‘yicha boshqarma rahbariyatiga «hujum fakti bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish va hisobot taqdim etish»ga topshiriq bergani ma’lum bo‘ldi. Checheniston IIV shu kuni kechqurun «Grozniyning Axmatov rayonida Yelena Milashina va Aleksandr Nemovga qilingan hujum fakti bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgani» haqida raport bergan.

Hozircha jinoiy ish ochilgani to‘g‘risida xabar qilinmagan. Bir kun oldin «qat’iy choralar» zarurati haqida gapirgan Peskov chorshanba kuni Kremldagilar hujum yuzasidan hamon jinoiy ish ochilmaganiga qanday qarashi haqidagi savolga shunday javob qaytardi: «Kelinglar, shunchaki kutamiz».

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov seshanba kuni o‘z telegram-kanalida shunday bayonot bergandi: «Shug‘ullanamiz. Tegishli xizmatlarga hujum qilganlarning shaxsini aniqlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriq berdim. Organlar hodisa haqida xabar kelishi bilanoq ishga kirishdi». 2022 yil yanvarida Qodirov o‘z telegram-kanalida Milashina va huquq faoli Igor Kalyapin uning uchun terrorchilar «hisoblanishi» haqida yozgandi.

Shu bilan birga, uning safdoshlari tekshiruvlar yakunini kutmasdan o‘ziga xos xulosalar chiqarishdi. Xususan, chechenlar ombudsmani, Grozniydagi shifoxonaga Milashina va Nemovni ziyorat qilib kelgan Mansur Soltayev (rasman — Moskalkovaning talabiga ko‘ra), ularga qilingan hujumni «respublikaga qarshi surbetlarcha uyushtirilgan diversiya provokatsiyasi» deb atadi. Checheniston matbuot vaziri esa «NATOning Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammiti arafasida mamlakatni yana bir bor obro‘sizlantirishga urinish» va «fuqaro Musayeva ustidan sud jarayonini ko‘pirtirib ko‘rsatish» deb baholadi.

«Novaya gazeta» hodisa yuzasidan bergan bayonotda Milashinaning xizmat safari oldindan tayyorlangani va «tahririyatda bu safarni xavfli emas deb hisoblash uchun yetarlicha asoslar bo‘lgani» qayd etilgan.

«Ammo, davlat harbiylashgan tuzilmalar, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar ustidan nazoratni yo‘qotib qo‘yishi bilan bog‘liq vaziyat tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda», — deyilgan bayonotda.

Mavzuga oid