Past Darg‘omda kanaldan 17 yoshli qizning murdasi topildi. Yaqinlari u qotillik qurboni bo‘lganini aytmoqda
10-sinf o‘quvchisi kanaldan ko‘zi bog‘langan holda topilgan.
12 may kuni Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi anhordan 17 yosh qizning jasadi topilgan. Qiz Past Darg‘om tuman Chandir qishlog‘ida yashovchi, shu tumandagi 45-maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.
Marhumaning yaqinlari Kun.uz bilan bog‘lanib, farzandi qotillik qurboni bo‘lganini bildirdi. Qizning otasi Rahmatulla Suyarov voqea yuzasidan quyidagilarni so‘zlab berdi.
«11 may kuni qizim oilaviy ro‘za tutishimiz uchun saharlik tayyorlashga uyg‘onib, birozdan so‘ng yo‘qolib qoldi. Biz buni payqaganimizda soat besh bo‘lib qolgan edi. Tezda izlashni boshladik. IIB va qarindoshlarga xabar berdik. Ko‘p o‘tmay qishlog‘imizdagi anhor yaqinidan uning qo‘l telefoni va oyoq kiyimi topildi.
12 may kuni ertalab tonggi soat 5 lar atrofida qizimning jasadini anhordan ko‘zi bog‘langan holda topdik. Topilgan vaqtda uning yuzida jarohatlar, burni ustida tirnoq izlari bor edi.
Biz o‘zimiz ko‘rgan jarohatlar, keyinroq topilgan guvohning so‘zlaridan kelib chiqib, qizimizni to‘rt nafar odam avval nomusiga tegib, keyin o‘ldirgan degan gumondamiz», – deydi marhumaning otasi.
Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, qiz yo‘qolgan kuni tong saharda uning qo‘lida bo‘lgan telefonga begona raqamdan javobsiz qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
«Raqam egasini topdik. Shu qishloqda yashovchi yigit H.O. ekan. U nima sababdan qo‘ng‘iroq qilganini aytib berdi. Unga ko‘ra, H.O. 11 may kuni tong saharda to‘rt nafar bolaning qizimizni quvayotganini ko‘rgan. Ularni insofga chaqirgan, keyinroq ulardan ikki nafari H.O.ning qo‘lidagi telefondan qizga qo‘ng‘iroq qilgan», – deydi qizning yaqinlari.
Samarqand viloyat prokuraturasining huquqiy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mas'ul xodimiga ko‘ra, dastlabki ma'lumotlarga asosan mazkur holatda qotillik sodir bo‘lmagani va qiz o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Prokuratura mas'ul xodimiga ko‘ra, holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, uning natijasi ko‘p savollarga oydinlik kiritadi. Ta'kidlanishicha, tez orada voqea yuzasidan rasmiy ma'lumot beriladi.
Mavzuga oid
17:05 / 25.11.2024
Zominda ota va o‘g‘il qo‘shni er-xotinni o‘ldirib qo‘ydi. Bunga 22 yillik adovat sabab bo‘lgan
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
20:03 / 19.11.2024