Jahon | 14:22 / 14.05.2026
2806
9 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Si uchrashuvi, Moskvada harbiy senzura va Flippin Senatida otishma – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp va Si Pekinda uchrashdi

AQSh prezidenti Donald Tramp uch kunlik tashrif bilan Xitoyga keldi. Trampga ushbu safarda Oq uy rasmiylaridan tashqari yirik biznes vakillari, jumladan, Ilon Mask va Nvidia rahbari Jyensen Xuang kabi o‘nlab texno-gigantlar rahbarlari hamrohlik qilmoqda. Bu — AQSh prezidentining 2017 yildan beri Xitoyga ilk tashrifidir.

Tahlilchilarga ko‘ra, 2017 yildagi tashrifdan beri kuchlar dinamikasi o‘zgargan: avval Xitoy AQShni o‘zining o‘sib borayotgan nufuziga ishontirishga harakat qilgan. Hozirga kelib AQShning o‘zi Xitoyning «superdavlat maqomi»ni tan olmoqda.

14 may kuni ilk uchrashuvlar boshlandi. Pekindagi muhtasham Xalq yig‘inlari saroyida Xitoy yetakchisi Si Jinping faxriy qorovul bilan Trampni tantanali kutib oldi. Tramp esa uni «buyuk lider» deya e’tirof etdi.

«Siz buyuk lidersiz, ba’zan bu gapim odamlarga yoqmaydi, lekin men buni baribir aytaman. Ba’zilar buning tarixdagi eng yirik sammit bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Xitoy hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlar har qachongidan ham yaxshi bo‘ladi», dedi Tramp.

Si esa sammitni ocharkan, Xitoy–AQSh barqaror munosabatlari butun dunyo uchun foydali ekanini ta’kidladi: «Biz hamkorlik qilsak, har ikki tomon foyda ko‘radi; qarama-qarshilikka kirishsak, har ikki tomon zarar ko‘radi», dedi Si.

Xitoy OAVlariga ko‘ra, bir kun oldin iqtisodiy va savdo guruhlari o‘tkazgan tayyorgarlik muzokaralari «muvozanatli va ijobiy natija» bilan yakunlangan. Maqsad — o‘tgan oktyabrda erishilgan savdo sulhini saqlab qolish va kelajakdagi investitsiyalar uchun mexanizmlar yaratish.

Uchrashuvda asosiy kelishuv nuqtalari turlicha. AQShning maqsadi: Boeing samolyotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va energiya manbalarini sotish orqali savdo taqchilligini kamaytirish.

Xitoyning maqsadi esa chiplar va ilg‘or yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uskunalarini sotib olishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish. Nodir yer elementlari yetkazib berishni barqarorlashtirish va AI bo‘yicha muloqot ikki tomon uchun ham muhim.

Bundan tashqari, Eron va Tayvan masalasi ham bor. Tramp Xitoyni Eronni kelishuvga ko‘ndirishga undashi kutilmoqda. Si Jinping uchun esa asosiy masala — Tayvan. Xitoy AQShning ushbu orolga 14 milliard dollarlik qurol sotish rejasiga keskin qarshilik bildirmoqda.

Isroil yana Livanga zarba berdi

Chorshanba kuni Isroilning Livandagi avtomobillarga bergan bir qator zarbalari oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Livan sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi. Ushbu hodisalar «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etayotgan, ammo AQSh vositachiligida sulh tuzilgan kunlarda ro‘y bermoqda.

Livandagi xavfsizlik manbalariga ko‘ra, Isroilning chorshanba kungi hujumlari janubdan ancha uzoqda — Bayrut janubidagi avtomagistralda harakatlanayotgan transport vositalariga berilgan uchta dron zarbasini ham o‘z ichiga olgan.

Ushbu zarbalar oqibatida sakkiz kishi, jumladan, ikki nafar bola halok bo‘lgan. Boshqa zarbalar Bayrut chekkasidagi Sidon shahri va Tir tumanida 4 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Isroil harbiylari ushbu zarbalar bo‘yicha izoh bermadi. «Hizbulloh» esa janubdagi Isroil kuchlariga qarshi yangi hujumlar, jumladan, kamikadze-dronlar yordamida bir necha bor zarba berilganini e’lon qildi.

Shuningdek, «Hizbulloh» o‘zining elita «Razvan» kuchlari qo‘mondoni — Ahmed Ali Balut o‘tgan hafta Bayrut chekkasida Isroil zarbasi natijasida halok bo‘lganini tasdiqladi. Balut — urush boshlanganidan beri o‘ldirilgan «Hizbulloh»ning eng yuqori martabali vakilidir.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 2 martdan beri 2 882 kishi halok bo‘lgan, ularning 587 nafari ayollar, tibbiyot xodimlari va bolalardir. Isroil tomoni esa Janubiy Livanda 17 nafar askari halok bo‘lganini bildirdi.

Filippin Senatida otishma

Filippin Senati binosi ichida nufuzli senatorni hibsga olish mashmashasi davom etayotganda o‘q ovozlari eshitildi. Guvohlarning xabar berishicha, chorshanba kuni bir necha bor o‘q uzilgan, qurollangan xodimlar bino bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda jurnalistlar va boshqalar yashirinishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq majmuaga kamuflyaj kiygan 10 dan ortiq askar kirgan, ularning ba’zilari shturm miltiqlari bilan qurollangandi. Biroq o‘qlarni kim otgani yoki qo‘shinlar nima uchun safarbar qilingani noma’lumligicha qolmoqda.

Ushbu voqea sobiq prezident Rodrigo Dutertening giyohvandlikka qarshi urushidagi asosiy shaxslardan biri bo‘lgan senator Ronald dela Rosa bilan bog‘liq. 2016-2018 yillarda milliy politsiya boshlig‘i bo‘lgan Dela Rosa Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish orderiga duch kelmoqda.

Inson huquqlari kuzatuvchilarining aytishicha, «Tosh» laqabi bilan tanilgan ushbu shaxs operatsiyalar davomida minglab odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgan. Ularning aksariyati giyohvand modda iste’molchilari va quyi darajadagi sotuvchilar bo‘lgan.

U noqonuniy qotilliklarga aloqadorligini inkor etadi. Senatdagi kabinetida boshpana topgan Dela Rosa ayni vaqtda tarafdorlarini — o‘zining Haagaga topshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun safarbar bo‘lishga chaqirgan. Buning ortidan to‘qnashuvlar yuz bermoqda.

Filippin sobiq prezident Rodrigo Duterte allaqachon Niderlandiyada sud jarayonlarini kutmoqda. Uning vitse-prezident bo‘lgan qizi ham mamlakatda impechmentga duch kelgan.

Moskvada harbiy senzura

Moskva aksilterror komissiyasi hokimiyat organlari, OAV, favqulodda xizmatlar va fuqarolarga shahar hududidagi teraktlar hamda dron hujumlari oqibatlari haqida materiallar e’lon qilishni taqiqladi.

Rossiya poytaxti meriyasiga ko‘ra, taqiq darhol kuchga kiradi va uni bekor qilish to‘g‘risida «alohida qaror qabul qilinmaguncha» amal qiladi. Rasmiy asos sifatida feyk ma’lumotlar tarqalishiga qarshi kurash ko‘rsatilgan.

Taqiq ostiga — teraktlar, dronlar va boshqa zarba berish vositalari qo‘llangan hujumlar, shuningdek, fuqarolar hayoti yoki mol-mulkka, kritik obektlarga yetkazilgan zarar haqidagi har qanday ma’lumotlar tushadi.

Cheklovlar Rossiya Mudofaa vazirligi, Moskva meri va hukumatining rasmiy manbalariga taalluqli emas.

Taqiqni buzganlik uchun 3 mingdan 200 ming rublgacha jarima belgilangan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Ukraina dronlari hujumi oqibatlari aks etgan foto va videolarni e’lon qilishga qo‘yilgan taqiqlar allaqachon Rossiya bo‘ylab 30 ta hududda amal qilmoqda.

Fransiyada katta kema karantinga olindi

Chorshanba kuni Fransiya rasmiylari bortida 1700 dan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan Britaniya kruiz kemasini to‘xtatdi. Bunga bortda keksa yoshli kishining vafot etgani va o‘nlab odamlarning oshqozon kasalligiga chalingani sabab bo‘ldi.

«Ambition» kemasi 14 kechalik sayohatning yarmida edi. Rejaga ko‘ra, kema Ispaniya shimoli va Fransiyaning Atlantika sohillari bo‘ylab sayr qilishi va to‘xtashi kerak edi.

Seshanba oqshomida kema Bordoga yetib kelganida, oshqozon virusi allaqachon tarqalib bo‘lgandi. Kema operatori tarqalishning oldini olish uchun sanitariya va profilaktika protokollari darhol joriy etilganini ma’lum qildi.

Rasmiylar o‘ta yuqumli gastroenterit shakli — norovirus ehtimolini istisno qilishdi. Biroq yo‘lovchilar kasallanishiga nima sabab bo‘lganini aniqlash uchun qo‘shimcha testlar davom etmoqda. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqatdan zaharlanish ehtimoli hali inkor etilmagan.

Kruiz kemalarida oshqozon virusi tarqalishi noodatiy hol emas. O‘tgan yili bunday kemalarda 23 ga yaqin oshqozon-ichak kasalliklari tarqalishi qayd etilgandi.

Fransiya rasmiylari Bordoda to‘xtab turgan kema va hantavirus tarqalishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘qligini aytmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid