Jamiyat | 15:50 / 04.07.2019
13560
11 daqiqa o‘qiladi

«Qushqochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar o‘z o‘rnida ishlatilmaganini aytmoqda

Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni bilan mamlakatimizdagi har bir tumanda (shahar) ikkitadan, 2019 yildan esa uchtadan qishloqda (mahalla) dastur doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi belgilangan.

Mazkur farmon asosida chekka va olis qishloqlar aholisi turmush tarzi, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash, mavjud infratuzilma, kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablariga moslashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, pirovardida, odamlar turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan katta ishlar boshlangan edi.

Xo‘sh, belgilangan tadbirlar qanday amalga oshirilyapti? Ishlar sifatli bajarilyaptimi yoki muammolar bormi?

Tan olib aytish kerakki, «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilayotgan ishlarni barcha hududlarda birdek olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Belgilangan chora-tadbirlar yakuniga yetmay qolayotgani, bir qator muammolar mavjudligi, bu esa aholining turli e'tirozlariga sabab bo‘lishi holatlari uchramoqda.

Kun.uz tahririyatiga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qushqochdi» mahallasi aholisidan keldi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Obod qishloq» dasturi asosida mahallamizda obodonlashtirish ishlari olib borilishini eshitganimizda juda xursand bo‘lgandik. Bir qator ishlar qilindi. Ammo quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mahallada dastur asosida qilingan ishlarning ko‘p qismi yakuniga yetmasdan qolib ketdi. Ayniqsa, ichimlik suv masalasida. Qazilgan handaqlar shundayligicha turibdi. Suvdan darak ham yo‘q. Ko‘chalar to‘liq ta'mirlanmadi. Qisqasi, hammasi chala. To‘g‘risi, mahalla aholisi uchun va'da qilingan qulayliklar yaratilmadi», – deydi biz bilan suhbatda mahalla aholisi.

Mazkur holatni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan Navbahor tumani  hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Asliddin Rahimov (endilikda sobiq, maqolani tayyorlash jarayonida ma'lum bo‘lishicha, u lavozimidan ozod etilgan) izoh berdi.

«Ushbu mahalla 2018 yil «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. To‘g‘ri, ayrim ishlar yakuniga yetmay qoldi. Bu mablag‘ masalasi bilan bog‘liq. Dasturdagi loyihalar uchun ajratilgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagani uchun ichimlik suvi va yo‘llar ta'mirlanishi oxirigacha qilinmadi. Ammo kelgusida bu ishlar yakuniga yetkaziladi», – deydi Rahimov.

Mahalla faollari esa ajratilgan «Obod qishloq» dasturi asosida mahallaga ajratilgan mablag‘lar to‘liq sarflanmagani, talon-toroj qilingani uchun ishlar yakuniga yetkazilmaganini iddao qilishmoqda.

Bu tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish olib borishni talab etadigan masala, albatta.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, mahalladagi «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilgan obodonlashtirish ishlaridan ayrim fuqarolar va tadbirkorlar ham jabr ko‘rgan.

Jumladan, mahallada yashovchi Oltinoy Qodirovaning uyi mahalladagi ko‘chalardan birining boshida joylashgani uchun ko‘cha qiyofasini yaxshilash maqsadida zamonaviy qilib qurib berish vaji bilan maxsus texnika yordamida buzib tashlangan.

Xonadon egalari 2018 yil dekabr oyigacha palatkada yashashga majbur bo‘lgan. Bu orada palatkada  xonadon sohibi Olim Qodirovning jag‘ qismidan ilon chaqib ham olgan. Bu holat bo‘yicha tibbiy xulosalar bilan ham tanishdik. Haqiqatan ham xonadon sohibi ilon chaqishi oqibatida o‘tkir zaharlanishni boshidan o‘tkazgan.

Uy buzilishidan avval hokimiyat uy egalariga taqdim etgan yangi, zamonaviy uy loyihalari bilan tanishdik. Oradan bir yil o‘tsa ham xonadon egalari zo‘rg‘a bitirib olgan, hali tomi shifer qilinmagan boshpanasini ko‘rib, loyiha nomiga ko‘rsatilib, xonadon egalarining qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirilganini anglash qiyin emas.

Mahalla faollarining ta'kidlashicha, bu kabi aldangan fuqarolar mahallada talaygina.

Bu holat yuzasidan ham A.Rahimovning fikrlarini tingladik.

«Xonadon egalari bilan yangi uy qurilishining yarmini o‘zlari amalga oshirishiga kelishganmiz. Biz imkoniyat darajasida yordam berdik. Hali yana yordam berish choralarini ko‘ramiz», – deydi Rahimov.

Ammo bunday kelishuv og‘zaki bo‘lgan va biror rasmiy hujjat ham yo‘q. Xonadon egalari esa tuman hokimiyati vakillari va'dalariga ishonib, uyi buzilishiga rozi bo‘lishganini ta'kidlashmoqda.

Mahallada «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilgan obodonlashtirish ishlari davomida hokimiyat vakillari va tadbirkor Farhod Abdullayev o‘rtasida ham nizo kelib chiqqan hamda hozirga qadar bu nizo davom etmoqda.

Tadbirkor F.Abdullayev shu mahallada 1993 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. O‘zi III guruh nogironi. Mahallada joylashgan savdo do‘konida faoliyat yuritgan va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatadigan bir nechta obekti bo‘lgan.

2018 yilda mahallada dastur asosida ishlar boshlanganida tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari tomonidan F.Abdullayevga tegishli do‘kon «Obod qishloq» shtabi uchun vaqtincha olingan. Tadbirkor do‘kon faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Qolaversa, do‘kon yotoqxona qilingani uchun rastalari sindirib olingan. Tadbirkorga moddiy zarar yetkazilgan.

Shu tufayli F.Abdullayev hokimiyat vakillaridan o‘z mulkiga yetkazilgan zararni qoplashni va do‘kondan chiqib ketishlarini so‘raydi.

Shu vaqtdan tadbirkor va hokimiyat vakillari o‘rtasida nizo boshlanadi. Hokimlik mutasaddisi A.Rahimov ko‘rsatmasi asosida noqonuniy qurilgan vaji bilan F.Abdullayevga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni oldidagi sartaroshxona, gulzor va fontan buzib tashlanadi. Buzilgan obektlardan chiqqan qurilish materiallari boshqa maqsadlarda ishlatib yuboriladi. Tadbirkor mulki ochiqchasiga talon-toroj qilinadi.

Tadbirkor F.Abdullayevning da'vosi asosida Navbahor tuman ma'muriy sudining 2019 yil 29 yanvardagi qarori bilan tuman hokimligi mutasaddisi A.Rahimov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topiladi va eng kam ish haqining ikki baravar miqdorida jarima jazosi tayinlanadi.

Tadbirkor F.Abdullayev unga yetkazilgan zarar qoplanmayotgani, o‘ziga nisbatan nohaqlik qilingani va mol-mulkini talon-toroj qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilmayotganidan norozi.

«Men tegishli jazomni oldim. Qolgani tuhmat. Bu savdo do‘koni avval ham faoliyat yuritmas edi», – deydi Rahimov biz bilan suhbatda.

Ammo xolislik nuqtai nazaridan mahalla aholisining fikrini tinglaganimizda, ular dastur asosida ishlar boshlanmagunga qadar savdo do‘koni faoliyat yuritgani, barcha zarur maishiy mahsulotlarni shu do‘kondan xarid qilganliklarini, hozirda shu qulaylik ham yo‘q qilinganini bildirdi.

Ayni vaqtda tadbirkor F.Abdullayevga tegishli savdo do‘koni faoliyat yuritmayapti. Hokimiyat vakillari tomonidan katta qulf osib qo‘yilgan. Qisqasi, bori ham yo‘q qilingan.

Umuman, mahallada «Obod qishloq» dasturi asosida amalga oshirilgan ishlar va ajratilgan mablag‘ bo‘yicha tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosaridan ma'lumot so‘raganimizda, u bir-ikki kun ichida ma'lumot taqdim etishini bildirgan edi. Afsuski, bir necha kun o‘tsa-da ma'lumot taqdim etilmadi.

Ushbu masala yuzasidan Navbahor tumani hokimi Lochin Obloqulov bilan bog‘lanib, izoh so‘radik.

«A.Rahimov umumiy faoliyati qoniqarsiz bo‘lganligi uchun hokim o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. «Qushqochdi» mahallasidagi «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarga keladigan bo‘lsak, ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflangan. Yakuniga yetmay qolgan ishlar esa albatta tegishli chora-tadbirlar asosida bitkaziladi. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha barcha ma'lumotlarni taqdim etamiz», – deydi tuman hokimi.

Shundan so‘ng, Navbahor tumani hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Xo‘jayev «Qushqochdi» mahallasidagi «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilgan ma'lumot taqdim etdi.

Ma'lumotga ko‘ra, «Qushqochdi» mahallasida «Obod qishloq» dasturi doirasida 32 ming tonna qurilish chiqindilari chiqarilgan, 400 donadan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekilgan va jami 2,4 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

Mahalladagi 4-umumiy o‘rta ta'lim maktabida 240 o‘rinli yangi o‘quv bloki, mahalla guzari binosi, sport maydonchasi, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi, mini-market yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan. Bundan tashqari, qishloq vrachlik punkti binosi, mavjud umumta'lim binosi mukammal ta'mirlangan. Elektr ta'minoti uchun «O‘zbekenergo» AJ mablag‘i hisobidan 1 dona TP (10-6kV) yangidan o‘rnatilgan hamda 7 km 10/0,4 kVli havo tarmog‘i qurish ishlari uchun jami 100 mln so‘m mablag‘ rejalashtirilgan bo‘lib, 100 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. 1 km 10/04 kVli havo tarmog‘i qurib bitkazilgan va 1 dona TP (10-6kV) transformator, 4 kmli 10/0.4 kVli havo tarmog‘i qurish ishlari to‘liq yakunlangan.

Avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalarni rekonstruksiya qilish hamda joriy ta'mirlash ishlari uchun 1454,6 mln  so‘m moliyalashtirilib, Navbahor tumani «Yo‘llardan foydalanish» UK tomonidan qurilish ishlari belgilangan smeta mablag‘lari doirasida yakuniga yetkazilgan.

11,8 km ichimlik suvi tarmog‘ini o‘tkazish uchun 2058,4 mln so‘m mablag‘ rejalashtirilib, bugungi kunda belgilangan smeta mablag‘lari doirasida ishlar bajarilgan.

Ammo yuqorida ta'kidlaganimizdek, mahalla aholisi hamon ichimlik suv muammosidan qiynalmoqda. Qolaversa, yo‘llar oxirigacha ta'mirlanmagan. Tadbirkor va uyi buzilgan fuqarolar muammolari oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tsa-da, hal etilmasdan qolmoqda.

Kun.uz Navoiy viloyati va Navbahor tumani hokimliklari hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari «Qushqochdi» mahallasida «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar ortidan yuzaga kelgan muammolar, nizolarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid