Jamiyat | 21:46 / 26.09.2025
19440
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilgan bolalar soni qariyb 2 mingni tashkil etmoqda

SES mas’uli zaharlanish holatlari qayd etilgan tumanlarga uchta autsorcer xizmat qilgani, ularning barchasi kefirni bitta firmadan olgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent viloyatining bir necha tumanidagi bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish bo‘yicha 1900 nafardan ortiq bola shifoxonaga murojaat qilgan. Bu ma’lumotni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov Kun.uz’ga tasdiqladi.

Ayni vaqtga kelib murojaat qilganlarning 930 nafardan ko‘prog‘ida kasallik belgilari aniqlanmagani bois uyiga javob berilgan. 941 nafar bemorning ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli o‘rta darajada.

Otabekovning ta’kidlashicha, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq tumanlaridagi bemorlarning bir qismi kasalxonalarda joy yetishmovchiligi sababli Olmaliq va Nurafshon shaharlariga ham yuborilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tumanlarga uchta autsorcer xizmat qilgan, uchalasi ham o‘sha kefirni Oqqo‘rg‘ondagi Shark Milk Product kompaniyasidan olgan. Mazkur kompaniya Uchtepa tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, ammo ishlab chiqarish Oqqo‘rg‘on tumanida olib borilgan.

Qo‘mita mas’uli qo‘shimcha qilishicha, hozirda ushbu mahsulotdan 540 ta namuna olinib, tahlil ishlari o‘tkazilmoqda.

25 sentabr kuni ertalab Piskent va Bo‘ka tumanidagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanib kasalxonaga yotqizilayotgani haqida dastlabki xabarlar berilgandi. Xabarlarda bunga sifatsiz kefir sabab bo‘lgani aytilgandi. Kun davomida jami 109 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani, ularning aksariyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chalar tarbiyalanuvchilari ekani ma’lum bo‘lgandi.

26 sentabr kuni Daryo.uz Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bog‘cha bolalari soni 1940 nafarga yetgani, zaharlanish holatlari jami yetti hududda, Oqqo‘rg‘on (413 nafar), Bo‘ka (537 nafar), Piskent (430 nafar), Quyi Chirchiq (64 nafar), Bekobod (98 nafar) tumanlari hamda Olmaliq (285 nafar) va Nurafshon shaharlarida (113 nafar) qayd etilgani haqida xabar berdi.

Shu kuni «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi bolalarning ommaviy zaharlanishi holatlari yuzasidan Bosh prokuraturaga deputatlik so‘rovi kiritgani ma’lum qilindi. Partiya hodisa sabablarini tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligini bildirgan.

Mavzuga oid