Jamiyat | 18:30 / 08.11.2018
20795
3 daqiqa o‘qiladi

Avvalgi qiyinchiliklar endi yo‘q: Umra amali taassurotlari

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan joriy yildan e'tiboran yurtimizdan Umra amalini ado etish uchun boradigan fuqarolarimizning soniga nisbatan cheklovlar olib tashlandi hamda hamyurtlarimiz endi avvalgidek yilning bahor faslida yoki Ramazon oyidagina emas, balki butun yil davomida Umra ziyoratiga borishlari mumkin bo‘ldi.

Avvallari muborak safarga borish uchun yillar davomida navbatda turilar, muqaddas ziyoratni amalga oshirish uchun yurtdoshlarimiz juda katta qiyinchiliklarga duch kelar edilar.

Hozirda esa Umra safariga borgan yurtdoshlarimiz Madina shahrida 5 yulduzli “Pullman Zamzam Madina Hotel” va Makka shahrida 4 yulduzli “Al Kiswah Hotel Towers” mehmonxonalarida ikki kishilik xonalarda istiqomat qilishmoqda. Avvallari esa to‘rt kishilikdan o‘n ikki kishilikkacha bo‘lgan xonalarda ham turishgan. Ularga tajribali ishchi guruhi, malakali shifokorlar hamda yurtimizdan borgan mohir oshpazlar ham xizmat ko‘rsatmoqdalar.

Ushbu mehmonxonalar ikki Haramga juda yaqin joyda joylashgan. Ziyoratchilarni Harami sharifga olib borish uchun kunu tun eng so‘nggi rusumdagi mikroavtobuslar tashkil qilinganligi o‘z navbatida yurtimizdan borgan ziyoratchilar besh vaqt namozlarini Harami sharifda o‘qishlari uchun imkon beradi, deganidir.

Yurtdoshlarimiz ilgari qimmat narxlarda ziyoratga kelgan bo‘lsalar-da, bunday sharoitlarda istiqomat qilishmagan.

Madina shahrida yurtdoshlarimiz payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Ravzai mutohharalarida ziyorat va ibodatlarda bo‘lmoqdalar. Shuningdek,  ular Qubo va Qiblatayn masjidlari, Uhud tog‘i ziyoratlarida ham bo‘lishmoqda. Makka shahrida esa, Umra amallarini bajarib, Ka'bai Muazzamada ibodatlarda qoim bo‘lmoqdalar. Shuningdek, Rahmat tog‘i (Arafot), Nur tog‘idagi Hiro g‘ori, Savr tog‘idagi g‘or va dinimiz tarixidagi diqqatga sazovor maskanlarni ham ziyorat qilmoqdalar.

Alloh taolo yurtimizdan borgan barcha yurtdoshlarimizning ibodatlarini O‘z dargohida qabul aylasin.

Nuriddin Xoliqnazarov,
O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi.

Mavzuga oid