Serdar Berdimuhamedov Umra ziyoratini amalga oshirdi. Bu uning Turkmaniston prezidenti lavozimidagi ilk xorijiy safari
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yil 1-2 iyun kunlari Saudiya Arabistoniga – Umra ziyoratini amalga oshirish uchun tashrif buyurdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bu joriy yil mart oyida prezidentlikka saylangan Serdar Berdimuhamedovning xorijga ilk tashrifi hisoblanadi.
Serdar Berdimuhamedovga ziyorat davomida uning o‘g‘li Kerimguli, shuningdek mamlakatdagi yoshi katta otaxon va onaxonlar hamrohlik qilishgan. Turkmaniston rahbari Makka gubernatori va Saudiya Arabistoni qiroli maslahatchisi Xolid bin Faysal tomonidan kutib olingan hamda ziyorat davomida hamrohlik qilgan.
Tashrif doirasida kichik Berdimuhamedov Madina shahri gubernatori Faysal bin Salmon bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.
Xronika Turkmaniston nashri ziyoratdan so‘ng mahalliy nashrlar prezident ismi oldiga «Xoji» so‘zini qo‘shib ishlata boshlaganiga e’tibor qaratgan. Bunday holat 2016 yilda Umra ziyoratini amalga oshirgan Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham sodir bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11 fevral kuni 15 yildan buyon Turkmaniston prezidenti lavozimida o‘tirgan Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat Xalq maslahati (parlament yuqori palatasi)ga raislik lavozimini saqlab qolgan holda, prezidentlikni yosh rahbarga topshirish niyati borligini ma’lum qildi.
12 mart kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovlarda 72,97 foiz ovoz to‘plagan Arqadog‘ning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov yangi prezident etib saylangani e’lon qilindi.
Mavzuga oid
16:26 / 12.12.2024
Abdulaziz Komilov Turkmanistonning «Hurmatli el yoshullisi» unvoni bilan taqdirlandi
15:25 / 06.12.2024
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi
19:33 / 05.12.2024
Turkmaniston O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan bojxona postini foydalanishga topshirdi
18:02 / 05.12.2024