Iqtisodiyot | 18:54 / 31.10.2023
28644
2 daqiqa o‘qiladi

Karmana tumanining besh nafar mansabdori ishdan olinadi

Tumandagi qurilishi tugamagan binoda 452 ta mayning qurilmasi o‘rnatilib, 10 oyda salkam 5,5 mln kWh elektrdan noqonuniy foydalanilgan, natijada tumanda oylik iste’mol birdaniga 5 foizga oshgan. Shavkat Mirziyoyev bu holatga befarq bo‘lgani uchun tuman hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda yil boshidan buyon 3,5 milliard kWh elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu haqda energetika sohasi bo‘yicha prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Misol uchun, Navoiy viloyati Karmanadagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta mayning qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida 10 oy davomida qariyb 5,5 million kWh elektrdan noqonuniy foydalanilgan.

Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari 10 oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘irlikni payqamagani, tumanda oylik iste’mol birdaniga 5 foizga oshganini tahlil qilmagani tanqid qilindi.

Bu rahbarlarning barchasi ishdan olinishi belgilandi, Bosh prokuraturaga ularning harakatiga baho berib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Mutasaddilarga o‘g‘irliklar eng yuqori bo‘lgan hududlarda noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Oktyabr oyida Karmana tumanida davlatga 24,4 mlrd so‘m zarar keltirgan noqonuniy mayning ferma aniqlangani xabar qilingandi.

Karmana tumaniga ko‘p yillardan buyon Faxriddin Umarov rahbarlik qilib kelmoqda.

Mavzuga oid