Jamiyat | 12:00 / 03.07.2019
14974
5 daqiqa o‘qiladi

Oilali ekanligi uchun propiska rad qilingan fuqaro ham sudda yutib chiqdi

Joriy yilning 24 iyun kuni Kun.uz saytida «Birgalikda uy sotib olgan fuqarolar propiska masalasida sudda yutib chiqdi» sarlavhali xabar e'lon qilingandi. Xabarda birgalikda umumiy mulk huquqi asosida sotib olingan uy-joy egalarini doimiy propiskaga qo‘yish dastlab rad etilgani, mazkur masala Yashnobod tuman ma'muriy sudida ko‘rilib, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilgani, uning zimmasiga shikoyat yo‘llagan 3 nafar fuqaroni tegishli manzil bo‘yicha ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq doimiy propiska qilish majburiyati yuklangani haqida bayon qilingan edi.

Kun.uz nashri olgan ma'lumotlarga ko‘ra, propiska masalasida yana bir holatda «pasport stoli»ning kuragi yerga tekkizilgan. Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro Sh.J.ning otasi va onasi birgalikda joriy yilning mart oyida umumiy mulk huquqi asosida Toshkent shahri Yashnobod tumanida bunyod etilgan yangi kvartiralardan birini birgalikda xarid qilishadi. Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan mazkur fuqarolarga sotib olingan kvartira uchun mulkka egalik huquqi beriladi. Mulk egalari ro‘yxatning 1-bandiga asosan ushbu mulk joylashgan manzil bo‘yicha doimiy propiska qilinadi. Biroq, Sh.J.ning to‘g‘ri shajara bo‘yicha yaqin qarindosh (farzandi) sifatida doimiy propiskaga qo‘yish to‘g‘risidagi arizasi Yashnobod tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining 10.04.2019 yildagi 27/62-J-9860-sonli javob xatiga asosan rad etiladi.

Mazkur idoraning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan fuqaro Sh.J. Yashnobod tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritadi.

Ariza Yashnobod tuman ma'muriy sudi sudyasi A.A.Yunusov raisligida ko‘rib chiqilib, joriy yilning 29 may kunidagi hal qiluv qarori bilan to‘liq qanoatlantirildi.

Sud qaroriga muvofiq, Yashnobod tuman IIB FMB M va FRB mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilib, tashkilot zimmasiga shikoyat yo‘llagan fuqaroni tegishli manzil bo‘yicha Ro‘yxatning 2-bandiga asosan doimiy ro‘yxatga qo‘yish majburiyati yuklandi.

Sudning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.02.2012 yildagi 41-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 7-2-bandiga binoan Ro‘yxatning 1 va 8-bandlari asosida Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari Ro‘yxatning 2-bandi asosida propiska qilinishi lozim. Sudning ta'kidlashicha, hech qaysi huquqiy hujjatda Toshkent shahridan yangi uy-joy sotib olib, 1-band bilan propiskaga kirgan fuqarolarning o‘z oilasiga ega bo‘lgan voyaga yetgan bolalari Ro‘yxatning 2-bandi bilan doimiy propiska qilinmasligi ko‘rsatilmagan.

Qiziq tomoni, «pasport stol» vakillari sudda Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining 14.12.2017 yildagi №22/25297-sonli ko‘rsatma xatini asos keltirib, ushbu ko‘rsatma xatda oilasi bor voyaga yetgan farzandlar 2-band bilan propiskaga kiritilmasligi qayd etilganini bayon qilishgan.

Sud ushbu holatga ham aniqlik kiritib, IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining 14.12.2017 yildagi №22/25297-sonli ko‘rsatma xati huquqiy hujjat emasligi, shuningdek undagi qoida amaldagi qonun hujjatlariga zidligi sababli «pasport stol»ning ushbu vajlarini inobatga olmaslikka qaror qilgan.

Tahririyat: Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan, «pasport stol» apellyatsiya bilan murojaat qilmagan.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, mazkur masalada ichki ishlar organlarining xatti-harakatlari qonunchilikka zid bo‘lmoqda va bu sudlar tomonidan rasman tasdiqlandi. Bizni faqat birgina savol o‘ylantiradi: ichki ishlar organlari qonunga xilof ko‘rsatmasi asosida bundan keyin ham ushbu masalada boshqa fuqarolarga asossiz rad javobi berishda davom etarmikin yoki o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, qonunlarga amal qilishni boshlarmikin? Fuqarolar nahotki qonunlarda belgilangan huquqlarini yuzaga chiqarish uchun albatta sudlarga murojaat qilishi shart bo‘lsa?

Umid qilamizki, Ichki ishlar vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga oladi va quyi bo‘g‘inlardagi qonunsizlikni bartaraf etish, fuqarolarni asossiz sarson va sargardon qilmaslik bo‘yicha jiddiy topshiriq beradi.

Mavzuga oid