O‘zbekiston | 20:01 / 23.06.2023
21470
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – eng ko‘p suv ishlatadigan mamlakatlardan. Ayrim yechimlar ma’lum qilindi

Toshkentda aholi jon boshiga kuniga 400 litr suv ishlatilayotganini ma’lum qilgan senator Boriy Alixonov Kun.uz bilan suhbatda muammo yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Kecha, 22 iyun kuni Senat yalpi majlisida senator Boriy Alixonov suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasida ma’ruza qilarkan, O‘zbekiston uchun xavotirli bo‘lgan qator raqamlarni keltirib o‘tgan.

Jumladan, bugungi kunda Toshkent shahrida suv sarfi ayrim paytlarda aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrni tashkil qilmoqda. Bu dunyo shaharlari ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Shuningdek, chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi (dunyoda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizga teng).

Kun.uz muxbiri senator bilan bog‘landi va ma’ruzada keltirilgan raqamlar, shuningdek, suv sarfi isrofgarchiliklarini kamaytirish yo‘llari haqida so‘radi.

— Boriy Botirovich, kecha Senatning yalpi majlisida O‘zbekistondagi suv iste’moli darajasiga oid chiqish qildingiz. Kengroq aytganda, bugun O‘zbekistondagi vaziyat dunyodagi bilan solishtirganda qanday?

— Sir emas, hozirgi keskin ekologik muammolardan biri bo‘lgan suv muammosi mintaqamiz va mamlakatimiz uchun ham o‘ta dolzarb. Zero, suv – strategik resurs bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash, hayot kechirish va umuman insoniyat taraqqiyotining asosiy manbai.

Achinarlisi, hozirda Yer yuzidagi daryolarning deyarli yarmi ifloslangan, ularning resurslari tugab bormoqda. Ichki suv havzalari tabiiy yo‘l bilan o‘zini o‘zi tozalay olmayapti. Bunday suvlar nafaqat iste’mol uchun, balki, maishiy xizmat, turmush va sanoat ehtiyojlari uchun ham yaroqsiz bo‘lib qolyapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidagi 2 mlrddan ziyod aholi suv tanqisligini sezmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,5 mlrd aholi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 2,3 mlrd aholi esa sanitar talabga javob bermaydigan suvni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Har kuni 2 mln tonnadan ortiq, shu jumladan plastik chiqindilar suv havzalariga tashlanadi.

Aslida mintaqamizda suv azaldan eng aziz ne’mat, hayot manbai sanalib, rivojlanish va farovonlikning asosi sifatida xizmat qilgan va kelajakda ham shunday bo‘lib qoladi.

Suv resurslaridan tejamli foydalanish siyosati natijasida suvning umumiy miqdori o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan yiliga 64 mlrd m3 dan hozirda o‘rtacha 51 mlrd m3 gacha kamaytirildi. Shuningdek, mos ravishda 1 gektar sug‘oriladigan maydonga o‘rtacha 16 ming m3 suv ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 10 ming m3 ga tushirildi.

Biroq sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar saqlanib qolmoqda.

Mamlakatimizda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi (dunyoda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizini tashkil etadi), (kommunal sohada, 4,5 foiz, sanoat va energetka sohasida 4,3 foiz, baliqchilikda 1,2 foiz). Qishloq xo‘jaligida har bir gektarga suv sarfi esa ayrim davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Irrigatsiya tizimlarida nosozliklar mavjud.

Undan tashqari, yerosti suvlarining hajmi va sifati ham tobora pasayib bormoqda.

Iqtisodiy tarmoqlar, ijtimoiy obektlar, hatto ayrim holatlarda agrar sohada ham suvdan foydalanishning eskirgan usul va vositalari qo‘llanmoqda. Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida sug‘orishda juda katta miqdordagi suv filtratsiyasi, bug‘lanishi hamda ortiqcha suv sarfi orqali yo‘qotiladi.

Suvni boshqarish, foydalanish, yuritish hamda suv xo‘jaligi obektlari to‘liq raqamlashtirilmagan.

Shu bilan birga, ichimlik suvidan boshqa sohalarda foydalanish avj olgan. Jumladan, transport vositalarini yuvish, sug‘orish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish.

Bundan tashqari, suvdan foydalanish madaniyati ham yetarli darajada emas. Suvni asrash va undan oqilona foydalanish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari sustligi natijasida jon boshiga suv sarfi miqdori ortiqcha qolmoqda.

Misol uchun, Toshkent shahrida ayrim paytlarda aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrgachani tashkil etsa, bu ko‘rsatkich Berlin bo‘yicha 124 litrni, Amsterdamda 156 litrni, Londonda 165 litrni, Moskvada 249 litrni, Xitoyning shaharlarida esa aholi jon boshiga o‘rtacha suv iste’moli 204 litrni tashkil etadi xolos.

Shuningdek, yerosti va yerusti suvlarining to‘laqonli kadastri mavjud emas. Bizda suv omborlarining kadastri bor xolos.

Shaharlar va ayrim yirik sanoat korxonalarining tozalagich inshootlari suvni sifatli tozalash texnologiyalariga ega emas.

Bozorlar, ko‘chalar, xizmat ko‘rsatish maskanlari va boshqa aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan suv tarmoqlari nuqtalarida elementar qoidalarga amal qilinmagan. Mas’ullarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli suvning behuda isrof bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda.

— Xo‘sh, yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, hukumat suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda qanday tadbirlarni amalga oshirish kerak?

— Birinchi bosqichda quyidagi masalalarni hal qilishga qaratilgan qisqa muddatli tezkor choralar ko‘rish lozim. Bunda avvalo, sug‘orishda suvdan foydalanish koeffitsiyentini 90-95 foizga yetkazish, an’anaviy sug‘orish usullaridan voz kechish, tomchilatib va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni yanada kengaytirish, iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda, nisbatan kam suv talab qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratish;

ikkinchidan, suvdan foydalanish bo‘yicha yangi vositalar va texnologik yechimlarni topishga qaratilgan izlanishlarni kengaytirish;

uchinchidan, suv taqchilligi sharoitida aholini suvdan oqilona foydalanishga o‘rgatish, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik, suvni ifloslantirmaslik hamda uni asrab-avaylash bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish;

to‘rtinchidan, hududlar kesimida yerosti suv resurslarini tahliliy aniqlash hamda muqobil suv manbalarini (buloq, quduq, hovuz, yerosti suvlari va boshqalar) qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning zaxiralari prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish;

beshinchidan, sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;

oltinchidan, ishlab chiqarish sanoat va kommunal obektlarga tegishli birlamchi mexanik va biokimyoviy samarali lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish;

yettinchidan, ichimlik suvidan foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish; bunda maishiy-texnik ehtiyojlar uchun alohida suv tarmoqlarini joriy qilish choralarini ko‘rish;

sakkizinchidan, yerosti suv manbalari holatini muntazam kuzatib borish va ulardagi sifat va miqdor o‘zgarishlari haqida mahalliy davlat hokimiyati organlariga ma’lumotlar berilishini ta’minlash;

Ikkinchi bosqichda esa, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari kamayib borayotgani, yerlarning meliorativ holatini inobatga olgan holda mamlakatimizda 2030 yilgacha umuman, ya’ni yerosti va yerusti suvlaridan foydalanish prognozini va uning asosida suv resurslarini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid