Rossiyada jazoni o‘tayotgan xorijliklar Ukrainadagi urushga jo‘natildi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor
Rossiya tarkibiga kiruvchi Mordoviya Respublikasidagi 17-son axloq tuzatish koloniyasida giyohvandlik vositalarini sotish, qotillik va zo‘ravonlik jinoyatini sodir qilganlik uchun jazoni o‘tayotgan 40 nafardan ortiq xorijlik mahbus «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) tarkibida Ukrainadagi urushga yuborilgan. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.
«Novaya gazeta. Yevropa» nashri Mordoviyadagi 17-sonli axloq tuzatish koloniyasidagi mahbuslarining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, ular sentabr oyi oxirida Yevgeniy Prigojinning «Vagner» XHK tarkibida Ukrainadagi urushga jo‘natilgan. Ushbu muassasadan jami yuzdan ortiq kishi frontga ketgan bo‘lsa, ularning yarmi O‘zbekiston, Tojikiston, Moldova, Serbiya va Misr, shuningdek, Ukraina fuqarolaridir.
Mordoviyadagi koloniyadan urushga jalb qilingan deyarli barcha xorijliklar giyohvand moddalarni sotishda ayblanib, 7 yildan 16 yilgacha kuchaytirilgan rejimli qamoq jazosiga hukm qilingan.
Misol uchun, O‘zbekistonning ikki fuqarosi – toshkentlik Baxtiyor Quvondiqov va qoraqalpog‘istonlik Qurolbek Qo‘chqorov Moskva shahri va viloyatida geroin «zakladka»si bilan shug‘ullanishgan.
Qo‘chqorov koloniyada olti oydan kamroq vaqt o‘tkazgan, Lyubersi shahar sudi o‘z hukmini 15 mart kuni e’lon qilgan edi. Shuningdek, mart oyida yana bir o‘zbekistonlik Islombek Sobirov ham jazoga mahkum qilindi. U ham «Vagner» tomonidan yollangan.
O‘zbekiston fuqarolaridan Azamat Zulunov va Sardor Zokirov ham «giyohvandlik» moddasi bo‘yicha 2021 yil boshida qamalgan edi. Ular ham urushga jo‘natilgan.
Shuningdek, geroin sotgani uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Nasimxon Mavlonov va Moskva yaqinidagi Yegorevsk shahri sudi tomonidan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sarvarjon Mamaniyozov ham «Vagner» tarkibiga jalb qilingan.
Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganlardan tashqari, qotillar ham Mordoviya koloniyasidan Ukrainaga yuborilgan.
Masalan, yollanganlardan birining ismi va shaxsiy ma’lumotlari qotillikda ayblangan Rossiya fuqarosi Yunus Selimovniki bilan mos keladi. Sud hukmiga ko‘ra, u o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, sheriklari bilan jabrlanuvchining kvartirasiga kirib, unga pnevmatik to‘pponcha o‘qtalib, uni kaltaklab, o‘rmonga olib borib, tiriklayin ko‘mib yuborishgan.
«Vagner» tarkibida Ukrainaga ketgan yana bir mahbus Yuriy Sviridov ukrainalik homilador ayolni zo‘rlab, o‘ldirgani uchun 2019 yilda 13 yilga qamalgan. U «Lugansk Xalq Respublikasi xalq militsiyasi» tarkibida ayol bilan birga xizmat qilgan va to‘pponchasi bilan boshining orqa qismidan otib tashlagan.
«Novaya gazeta. Yevropa» xususiy harbiy kompaniyaga yollangan qirqdan ortiq xorijiy fuqarolarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Mahbuslar urushga ketishga majburlanganmi?
Koloniyadagi voqealardan xabardor bo‘lgan ikkita manbaga ko‘ra, mahbuslar jangovar harakatlarda qatnashishga majburlanmagan, ammo «ko‘pchiligi [xorijiylar] u yerda [Ukrainada] nima voqealar bo‘layotganini yaxshi tushunmaydi va bu haqda to‘liq ma’lumotga ega emas».
Masalan, 2022 yil avgust oyida O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini xorijiy davlatlar hududidagi harbiy harakatlarda qatnashmaslik, buning uchun jinoiy javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan edi. Tojikiston, Serbiya va Ukraina jinoyat kodekslarida ham shunday moddalar bor.
«Novaya Gazeta. Yevropa» mahbuslardan ozarboyjonlik Rusal Yakubov va tojikistonlik Shokirbek Sattorov (geroin sotgani uchun 8 yilga qamalgan), misrlik Zayd Tavakkul (marixuana sotgani uchun 10,5 yilga qamalgan), Amr Husanayn (bosqinchilik uchun 7,5 yilga qamalgan), serbiyalik Milan Vuksanovich (giyohvand moddasi sotganlik uchun qamalgan), moldovalik Andrey Balatsu (zo‘rlash va qotillikda ayblanib qamalgan), ukrainalik Viktor Baskov (giyohvand moddasi sotganlik uchun qamalgan) nomlarini ham keltiradi. Ularning barchasi «Vagner» tarkibida urushga ketgan.
Avvalroq, huquq himoyachisi Olga Romanova Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotgan xorijliklar urushga yuborilayotgani haqida xabar bergan edi.
«Qamoqda o‘tirgan MDH davlatlari fuqarolariga takliflar berilmoqda. Rossiyaning ozodlikdan mahrum qilish muassasalarida jazoni o‘tayotgan Belarus, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon fuqarolari urushga olib ketilmoqda. Belarus fuqarosi bo‘lgan bir mahbus urushda o‘ldi. Uning singlisi dafn etish uchun «Vagner»dan jasadini ololmayapti», — deb yozdi ijtimoiy tarmoqda.
Romanovaning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik fuqarolar Yaroslavl viloyati va Boshqirdiston koloniyalarida yollangan.
«Vagner» XHK tomonidan Rossiya koloniyalarida mahbuslarni yollash boshlangani haqida 2022 yilning yozida ma’lum bo‘lgan edi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi ham sentabr oyi oxiridan boshlab Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun mahbuslarni yollashni boshladi.
Mahkumlar urushga otlanganidan keyin, ularning o‘limi haqida bir necha xabarlar tarqaldi. Jumladan, Moskva viloyatidagi uyushgan jinoiy guruhning sobiq rahbari Ivan Nepratov urushda halok bo‘ldi. U Vladimir Putin tomonidan «Jasorat uchun» medali bilan taqdirlandi.
«Vagner» qanday guruh?
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rossiyalik tadbirkor, «Putinning oshpazi» nomi bilan tanilgan Yevgeniy Prigojin tomonidan tashkil etilgan. Guruh 2014 yilda Ukrainada, keyinchalik Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi harbiy harakatlarda qatnashgani haqida ma’lumotlar bor.
2017 yilda guruh AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. 2021 yilda Yevropa Ittifoqi guruhni Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishda, Suriya va Liviyadagi vaziyatni izdan chiqarishda, inson huquqlarini qo‘pol buzganlikda ayblab, sanksiyalar joriy qildi.
Shuningdek, BMT va Fransiya «Vagner» jangchilarini Markaziy Afrika Respublikasidagi zo‘ravonliklar va qotilliklarda ayblaydi.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024