Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda tandem quladi: bu nega xavotirlarga sabab bo‘lmoqda?
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida Japarov–Tashiyev tandemi qanday shakllangani, ular 5 yil davomida mamlakatni qay tarzda birga boshqargani va bu siyosiy ittifoqning parchalanishi nega xavotirli bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.
Bir necha kun oldin Qirzig‘iston prezidenti Sadir Japarov bu davlatning ikkinchi eng qudratli shaxsi – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni ishdan bo‘shatdi. Bu paytda Tashiyev davolanish uchun Germaniyaga ketgandi.
General bu qarordan bexabar bo‘lgani, agar oldinroq xabari bo‘lganida, qo‘l ostidagi kuch ishlatar tizimi xodimlari bilan rasman xayrlashgan bo‘lishini aytdi. Tashiyev o‘z bayonotining so‘ngida Qirg‘izistonda hamma konstitutsion tizimga muvofiq faoliyat olib borishi va har qanday kurash faqat tizim doirasida bo‘lishi kerakligini urg‘uladi. Bu bilan u prezident Japarovning qaroridan aslida norozi ekani, lekin siyosiy kurash tizim doirasida bo‘lishiga sha’ma qildi.
Ma’lumki, Sadir Japarov 2020 yildan buyon hokimiyatda. U hokimiyatga kelishi bilanoq o‘zining do‘sti, hamkori, siyosiy ittifoqchisi Qamchibek Tashiyevni kuch ishlatar tizimlarning eng qudratlisi – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga rais qilib tayinlagan edi. Bu ikkilik, ya’ni tandem mana 5 yildirki Qirg‘izistonni boshqarib kelayotgan edi. Japarovning qarori bilan, endi tandem buzildi. Xo‘sh, bu tandem qachon, qanday shakllandi? Uning buzilishi nega ko‘pchilikda xavotirlar o‘yg‘otdi?
Qamchibek Tashiyev – asli jalolobodlik. Bu shaharning nomi yaqinda Manas deb o‘zgartirildi. Sadir Japarov esa Issiqko‘ldan. 2005 yildagi inqilobga qadar, bu ikkovlon ham yoqilg‘i biznesida bo‘lishgan. 2005 yil martida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lgan edi: prezident Askar Akayev hokimiyatdan yiqitilib, o‘rniga Qurmanbek Bakiyev kelgan edi. 2005 yilgi saylovlarda Japarov ham, Tashiyev ham deputat bo‘lib saylanishadi. 2007 yilda Bakiyev Qirg‘iziston parlamentini tarqatib yuboradi. Lekin bu ikkovlon ko‘chada qolmaydi, hukumatga kiradi. Tashiyev favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘ladi, Japarov esa boshida prezidentning davlat maslahatchisi, so‘ngra Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining boshlig‘i bo‘ladi.
2010 yilda Qirg‘izistonda yana inqilob bo‘ladi. Bakiyevlar hokimiyatdan quviladi va mamlakatdan qochib ketishadi. Shundan so‘ng Qirg‘izistonda boshqaruv modeli o‘zgartiriladi: parlamentar boshqaruv joriy qilinadi. 2010 yilgi parlament saylovlari partiya ro‘yxatlari asosida tashkil qilinadi. Saylov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ovozni millatchi kayfiyatdagi “Atajurt” partiyasi oladi – 8,68 foiz. Qolgan partiyalar bundan ham kam ovoz oladi. “Atajurt” partiyasining liderlari ayni Japarov va Tashiyev edi. Bu partiya va uning ikki lideri o‘sha vaqtdagi prezident Almazbek Atambayevga muxolifat bo‘lishadi, hukumatni va prezidentni muttasil tanqid qilishadi.
2012 yilda Japarov va Tashiyev prezident Atambayevga qarshi ommaviy namoyishlar tashkil qilishadi, hatto hukumat binosiga bostirib kirishga ham muvaffaq bo‘lishadi. Lekin bu safar hokimiyat yiqilmaydi. Japarov va Tashiyev “davlat to‘ntarishiga urinish” aybi bilan, 1,5 yilga qamalishadi. Biroq ko‘p o‘tmay, ozod qilinadi. Shundan so‘ng Sadir Japarov xorijga chiqib ketadi va hokimiyatni tanqid qilishda davom etadi.
Qamchibek Tashiyev esa sobiq bosh vazir O‘murbek Babanov bilan siyosiy ittifoq tuzishga va deputat bo‘lishga harakat qiladi. Lekin deputat bo‘lib saylana olmaydi. Ma’lum vaqtdan keyin Sadir Japarov Qirg‘izistonga qaytib kelganida u qamoqqa olinadi. Unga “odamlarni asir olish” degan ayblov qo‘yiladi va 10 yilga qamaladi.
2020 yilning oktyabr oyida Qirzig‘istonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘ladi. Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan qatlam “saylovlar to‘liq sotib olindi” degan qarashlar bilan, ommaviy noroziliklar o‘tkazishadi. Namoyishchilar qamoqda saqlanayotgan bir qancha siyosatchilarni, ularning tili bilan aytganda, “siyosiy mahbuslar”ni ozod qilishadi. Jumladan, mahbus Sadir Japarovni ham.
Boshqalar ittifoq vv koalitsiyalar tuzishga intilayotgan bir vaqtda, Qamchibek Tashiyev “Sadir Japarov yangi prezident bo‘ladi!” deya, jamoatchilikka, deputatlarga Japarov nomzodini ilgari suradi. Endigina qamoqdan chiqqan Japarov prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlanishi uchun “deputatlarga bosim bo‘lgan” degan fikrlar urchiydi. Boshqalar esa “Japarov siyosiy mazlum sifatida ko‘rildi” deya, uning prezident bo‘lishini asoslaydi. Lekin shunisi aniqki, Japarovning prezident bo‘lishida aynan Tashiyevning roli katta.
Endi, mana bu tandemning qulashi Qirzig‘iston uchun, mintaqa uchun nimani anglatishi mumkin? Qirzig‘iston – siyosiy turbulentliklarga moyil davlat. Shuning uchun bu davlatdagi har qanday siyosiy voqea – potensial siyosiy inqiroz prizmasi orqali qaraladi. Siyosiy inqiroz esa, inqilob va davlat to‘ntarilishi, hokimiyat almashinuvi uchun potensial katalizator sifatida ko‘riladi. Tashiyev juda qudratli figura edi. U Qirg‘iziston milatchilarining asosiy namoyondasi edi.
Qirg‘iziston – oxirgi yillarda erkinlik, farovonlik va barqarorlik qadriyatlari o‘rtasida muvozanat izlayotgan davlat. Qolaversa, bugun Markaziy Osiyoda davlat rahbarlari o‘rtasida ishonch ruhiyati shakllanib ulgurgan. Bu – mintaqaning geosiyosiy jipsligiga yaxshi hamroh bo‘lyapti. Endi, agar Qirg‘izistondagi tandem buzilishi ortida siyosiy beqarorlik bo‘y ko‘rsatsa, bu mintaqa uchun, qo‘shni davlatlar uchun ko‘plab parametrlarga ko‘ra xavotirli holat bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
21:20 / 03.04.2026
“O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiya ishini tiklaymiz” – Ukraina TIV o‘rinbosari
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
19:32 / 01.04.2026