Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mirishkor tuman obodonlashtirish bo‘limi hokimlikning «cho‘ntagi» bo‘lganmi? Tadbirkorga 332,45 mln so‘mlik mahsulotning puli bir yildan beri to‘lab berilmayapti
Mirishkor tuman obodonlashtirish bo‘limi puliga xarid qilingan xorij gilamlari, divan-kreslo, yotoqxona to‘plamlari, oshxona mebeli, muzlatkich-u televizorlar hozir qayerda? Pista-yu bodom, nondan tortib kartoshkagacha Obodonlashtirish bo‘limiga nega kerak bo‘lib qoldi?
Mirishkor tuman hokimligi / Foto: Kun.uz
Mirishkor tumaniga «kattakonlar»ning tashrifi hamda qishloq xo‘jaligiga oid turli seminar-tadbirlarda sovg‘a-salomlar tashkil qilingan. Buni qarangki, sovg‘a va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bergan tadbirkor bir yildan buyon pulini ololmay yurganini aytmoqda.
Darvoqe, sovg‘a-salomlarning Mirishkorga yetib borish tartibi g‘alati.
Masalan, 2020 yil 3 mart kuni «Nasaf Express Baraka Savdo» MChJ bilan Mirishkor tumani obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida 63,45 mln so‘mlik shartnoma imzolangan. Shartnomaga ko‘ra 3 dona konditsioner, 10 dona shkaf, kepka, bloknot, kitob, ruchka va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. Barcha mahsulotlarning soni 250tadan.
Tabiiyki, obodonlashtirish boshqarmasining o‘ziga qolsa, pista-bodom, non va kartoshka kabi mahsulotlarga ehtiyoji yo‘q. «Nasaf Express Baraka Savdo» MChJ rahbari Mirabbos Rahimov Mirishkor tumanida qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun qandaydir seminar bo‘lgani, bu mahsulotlar shuning uchun kerak bo‘lganini aytmoqda. Demak, obodonlashtirish boshqarmasining hisob-raqami bu yerda shunchaki to‘lov manbayi, pul o‘tkazish vositasi bo‘lyapti, xolos. Chunki maxsus ust-bosh va ish qurollaridan bo‘lak ehtiyoji bo‘lmagan tashkilotga bu kabi narsalarning keragi yo‘q.
Shu o‘rinda, uchta konditsioner va o‘nta shkafning bir martalik seminarga nega kerak bo‘lgani tushunarsiz.
2020 yil 3 mart kuni «Nasaf Express Baraka Savdo» MChJ va tuman obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida 23-sonli shartnoma ham tuzilgan. Bunisi yana ham qiziq. 65 mln so‘mlik shartnomaga asosan g‘alati-g‘alati xorij gilamlari, divan-kreslo, ikkita yotoqxona to‘plami (!), oshxona mebeli, ikki xil muzlatkich va televizor kabi jihozlar yetkazib berilgan.
Tadbirkorning ma'lum qilishicha, bu jihozlar Mirishkor tumani prokurorining xizmat uyiga olib borilgan.
Buni qarangki, «Nasaf Express Baraka Savdo» MChJ va obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida 2020 yilning 4 mayida yana shartnoma tuzilgan. Bunisi avvalgilaridan ham oshib tushgan. Shartnoma jami 46 mln so‘mlik 10 ta televizor, 2 ta muzlatkich, 20 tadan changyutkich, termos va servizlar jamlanmasini yetkazib berishni nazarda tutadi.
Mirabbos Rahimovning aytishicha, 2020 yilda tuman pilla rejasini birinchilardan bo‘lib bajargani uchun viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Mirishkorga borgan. MChJ yetkazib bergan mahsulotlar pillakorlarga sovg‘a sifatida tarqatilgan.
Mirabbos Rahimov o‘zi rahbarlik qiladigan boshqa bir korxona – «Turkiston Mega Universal Leader Mir» MChJ orqali ham aynan Mirishkor tumani obodonlashtirish boshqarmasi bilan shartnoma tuzilganini ma'lum qildi. 2020 yil 4 avgustdagi 157,5 mln so‘mlik shartnomaga ko‘ra, 40ga yaqin televizor-u jalyuzilar, konditsioner-u turk gilamlari, xullas, mundayroq idora o‘n yilda ham xarid qilmaydigan mahsulotlar Mirishkor tuman obodonlashtirish boshqarmasiga «yetkazib berilgan».
MChJ rahbari aslida bu jihoz va mahsulotlar ham obodonlashtirish boshqarmasiga yetib bormaganini aytmoqda. Bu safar 2020 yil paxta mavsumi munosabati bilan respublika komissiyasi Mirishkor tuman hokimligining xotin-qizlar qabulxonasida paxta shtabi tashkil etib, bu yerni «generallarning vaqtincha yashash joyi»ga aylantirishgan. 157 mlnlik mahsulot o‘sha shtabga olib borib berilgan.
Tadbirkorning aytishicha, bu yerda Mirishkor tumani obodonlashtirish boshqarmasi shunchaki donor vazifasini o‘tagan, xolos. Mahsulotlar bu tashkilotga yetib bormagan. Tuman hokimligi bosh bo‘lgan turli tadbirlar va tashriflarga sovg‘a-salom sifatida xarid qilingan. Boringki, bu tartibda ishlash, sovg‘a va dasturxon tashkil qilish tartibi nafaqat Mirishkor tumanida, balki boshqa hududlarda ham bordir ehtimol.
Ammo, muammo shundaki, Mirabbos Rahimovga tegishli MChJ orqali Mirishkor tumaniga yetkazib berilgan 332,45 mln so‘mlik mahsulotning puli bir yildan beri to‘lab berilmayapti.
Tadbirkor haqini talab qilib sudga murojaat qilgan va Kasbi tumanlararo iqtisodiy sudi zarur hujjatlarni hisobga olgan holda ishni uning foydasiga hal qilgan. Rahimovning aytishicha, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan hokim G‘ayrat Begaliyev koronavirus sababli vafot etgan va hozircha yangi hokim Sherali Sanayev uning qarzlarini tan olmayapti.
Holat bo‘yicha Mirishkor tumani hokimi Sherali Sanayev bilan telefon orqali bog‘landik.
«Masaladan xabarim bor, tadbirkor mening oldimga ham kelgan. Xizmat uyiga olingan jihozlarni hech kim yeb ketmagan, birinchi chorak yakuni bilan to‘lab beramiz. Lekin u o‘tgan yili pilla mavsumida sovg‘a-salom olib berganman deyapti, marhamat, hujjatlarini taqdim qilsin, kimga bergan, qanday qilgan.
Davlatning bir so‘m puli ham hisob-kitobli, nazoratda, budjet mablag‘ini men talon-toroj qila olmayman. Marhamat, kelib hujjatlarni taqdim qilsin, birinchi o‘rinbosarimga topshiriq beraman, shunga qarab hisob-kitob qilamiz», – deydi Mirishkor hokimi Sherali Sanayev.
Mirabbos Rahimov esa hokimning birinchi o‘rinbosari Sardor To‘rayev bilan uchrashishga ikki marta harakat qilgani, ammo uning har safargi qabulga kirishga urinishlari samarasiz yakun topganini aytadi.
«Hokim Sanayev bilan qariyb 15 daqiqa gaplashib, sud qarori va asosimni ham keltirganman. Obodonlashtirish boshqarmasining masaladan xabardor vakili bilan birgalikda xat kiritganman. Hokim xatimni o‘rinbosari Sardor To‘rayevga yo‘naltirgan, To‘rayev esa masaladan bexabarligini aytgan», – dedi tadbirkor.
Xullas, Mirabbos Rahimovning qo‘lida solishtirma dalolatnomalar, shartnomalar, sudning qarori va yana yetarlicha asoslar bor. Ammo hozircha bu dalillar Mirishkor tumanida e'tiborga olinmayapti.
Hokim Sherali Sanayev «tadbirkor dalillarni taqdim qilsin», deydi. Tadbirkor esa dalillarni qayta-qayta taqdim qilishga ham tayyorligini, bir necha marta taqdim etganini aytmoqda. Ammo u futbol to‘pidek u yoqdan bu yoqqa tepilyapti, xolos.
Mirishkordagi mansabdorlarning lafzsizligi sabab tadbirkor inqiroz yoqasiga kelib qolgan.
Qonunchilikka binoan, obodonlashtirish bo‘limlarining mablag‘lari soliq to‘lovchilar hisobidan shakllantiriladi. Shunday ekan, na hokim va na prokurorning bu pullarga panja solishga haqqi yo‘q.
Umid qilamizki, Mirishkordagi «kattakon»larning tadbirkorga nisbatan bu hurmacha qiliqlari va davlat tashkilotining puliga xarid qilingan qimmatbaho buyum va jihozlarning taqdiri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e'tiboridan chetda qolmaydi.
Darvoqe, tadbirkorning pulini MIB olib bera olmayotgani, bu jarayonda ularga hokimning «chizgan chizig‘i» xalal berayotgani haqida Kun.uz alohida surishtiruv o‘tkazmoqda.
Tez kunda bu mavzuga yana qaytamiz.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
11:00 / 11.12.2025
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
15:31 / 29.11.2025
Qashqadaryo vohasida 2300 yillik qal’a-shahar qoldiqlari topildi
08:10 / 17.11.2025
Qashqadaryo va Samarqandda noqonuniy oltin savdosi fosh etildi
08:22 / 14.11.2025