Jamiyat | 11:30 / 26.01.2018
30198
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat Aqto‘bedagi fojiada halok bo‘lgan toshloqliklar yaqinlari holidan xabar oldi

Joriy yilning 18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyatidagi Samara-Chimkent avtomobil yo‘lida avtobusning yonishi oqibatida Farg‘ona viloyati, Toshloq tumanida yashagan va hodisa natijasida vafot etgan 16 nafar fuqaroning yaqinlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va ularning dardlariga oz bo‘lsa-da sherik bo‘lish maqsadida Farg‘ona viloyatining Toshloq tumaniga O‘zbekistonning turli hududlaridan juda ko‘p saxovatpesha insonlar tashrif buyurmoqda.

Ushbu savobli ishlarga o‘zining beminnat hissasini qo‘shish, musibatli xonadon a'zolarining dardiga oz bo‘lsa-da sherik bo‘lish, ularni ma'naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Farg‘ona viloyati Xalq deputatlari Kengashi deputati, XATB “Madad Invest Bank” Kuzatuv kengashi raisi Yo‘ldoshev Mo‘minjon Shokirjonovich Toshloq tumanidagi musibatga uchragan barcha xonadonlarga tashrif buyurib, marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Otasiz qolgan yoshlarga aslo o‘ksimaslikni, onalarini ehtiyot qilishliklarini tayinlab, ularni, albatta, yaxshi ish haqi to‘lanadigan ish joylariga joylashtirishni va'da berib, ko‘ngillarini ko‘tardi.

Eslatib o‘tamiz: ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus Samara-Chimkent yo‘lida yonib ketgan. Yong‘in avtobus harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan. Halokat oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi omon qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Ma'lumot uchun: Qozog‘istondagi fojia qurbonlarining oila a'zolariga yordam berish maqsadida KUN.UZ tahririyati maxsus xayriya aksiyasi o‘tkazmoqda. Ushbu xayriya aksiyasi haqida qo‘shimcha ma'lumotlar bilan ushbu havola orqali yaqindan tanishish mumkin.

Mavzuga oid