Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jyenevada uch tomonlama muzokaralarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi
Bu bosqich Zelenskiyning quyidagi iborasi bilan yodda qoldi: «Bu bema’ni ishlarga vaqtimiz yo‘q».
Yekaterina Chesnokova / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Jyenevada Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi. 18 fevral kungi uchrashuv ikki soatga yaqin vaqt davom etdi. Bir kun oldingi muzokaralar olti soatga cho‘zilgandi.
Rossiya muzokarachilari guruhi rahbari, RF prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy muzokaralar «og‘ir, lekin ishchan ruhda o‘tgani»ni aytdi. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, keyingi uchrashuv ham yaqin vaqtlar ichida o‘tkaziladi.
BBC rus xizmati qayd etishicha, ko‘p o‘tmay RF prezidenti yordamchisi muzokaralar o‘tkazilgan mehmonxonaga qaytib kelgan, bu vaqtda ukrain delegatsiyasi hali ham shu yerda edi. U qo‘shimcha izoh bermagan; qo‘shimcha uchrashuv haqida rasman xabar berilmagan.
Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov rasmiy qism yakunida «ilgarilash borligi»ni aytdi, ammo detallarni ochiqlamasligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar ishtirokchilari kelishuvlarni prezidentlarga ko‘rib chiqishga topshirish uchun «zarur darajaga erishish»ga harakat qilmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy texnik harbiy masalalarni muhokama qilishda «uchala tomon ham konstruktiv bo‘lgani», siyosiy yo‘nalishdagi «muzokaralar esa oson kechmagani»ni aytgan. «Muloqot o‘tkazildi, davom ettirishga kelishildi», – degan u detallarni ochiqlamasdan.
BBC rus xizmati manbasi xabar berishicha, muzokaralar ishtirokchilari bir kun oldin ikki guruhga – siyosiy va harbiy masalalarni muhokama qiluvchi alohida guruhlarga bo‘lingandi.
Birinchi guruh urushni to‘xtatish shartlari – hududlarga kim egalik qilishi va xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qiladi.
Harbiy guruh jangovar harakatlarni to‘xtatishning texnik realizatsiyasini muhokama qilmoqda: qo‘shinlarni qanday joylashtirish, to‘qnashuv chizig‘ida monitoringni qanday amalga oshirish, ehtimoliy qoidabuzarliklarni qanday qayd etish.
BBC rus xizmati manbasi «harbiy» guruh muhokama qilayotgan masalalar texnik bo‘lsa-da, bu formatning ahamiyatini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakligini ta’kidlaydi: siyosiy kelishuvlarga erishilgandan so‘ng darhol o‘t ochishni to‘xtatish uchun bularning barchasi oldindan hal qilinishi kerak bo‘ladi.
«Agar „harbiylar harbiylar bilan“ formati oldindan kerakli qarorlarni qabul qilmasa, nima bo‘lishini tasavvur qiling: siyosiy qaror qabul qilingan, keyin esa harbiylar qanchadir vaqt davomida bor kuchi bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi», – deya izohlaydi u.
Zelenskiy muzokaralarning birinchi kuniga bag‘ishlangan boshqa navbatdagi izohida Moskvani muzokaralarni cho‘zishda aybladi. «Kecha chindan ham qiyin uchrashuvlar bo‘ldi, aytish mumkinki, Rossiya allaqachon yakuniy bosqichga chiqishi mumkin bo‘lgan muzokaralarni cho‘zishga harakat qilmoqda», – dedi u.
Birinchi kun yakunida Axios muxbiri Barak Ravid X ijtimoiy tarmog‘ida ikki manbaga tayanib, siyosiy qism bo‘yicha muzokaralar «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» haqida yozdi. Bunga Medinskiyning pozitsiyasi sabab bo‘lgani aytilgan. Bu pozitsiya aynan nimadan iborat ekaniga manbalar aniqlik kiritmagan.
Manbalardan birining aytishicha, rossiyaliklar ham Zelenskiyning so‘nggi ommaviy bayonotlaridan shikoyat qilishgan (aynan qanday bayonot ekaniga yana aniqlik kiritilmagan), ularning fikricha, Ukraina prezidenti urush tugashidan ko‘ra, ehtimoliy saylovlar arafasida mamlakat ichkarisida o‘z obro‘sini oshirish haqida ko‘proq qayg‘urmoqda.
Ravidning posti Axios saytida Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan muzokaralarning birinchi kunida olingan intervyu chiqishidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi. Suhbat chog‘ida Zelenskiy Medinskiyning muzokaralar guruhiga qaytganini tanqid qilib, u urushning «tarixiy ildizlari» haqida falsafa so‘qishni yaxshi ko‘rishini, hozir esa tezkor harakat qilish kerakligini ta’kidlagan.
«Bu bema’ni ishlarga vaqtimiz yo‘q. Biz qaror qabul qilishimiz va urushni tugatishimiz kerak», – degan Ukraina prezidenti. Zelenskiy intervyu davomida bo‘lajak saylovlarda nomzod bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan, holbuki u sentabr oyida urush tugaganidan keyin siyosatdan ketishini aytgandi.
Zelenskiy hududlar masalasini hal qilish uchun (Rossiya butun Donbass ustidan nazoratni talab qilmoqda) u va Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lishi haqidagi pozitsiyasini takrorlagan. U o‘z vakillariga bunday uchrashuv bo‘yicha kelishuvga erishish bo‘yicha topshiriq bergan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Jyenevada bu masala muhokama qilinganmi, deya berilgan savolga javob berishdan bosh tortdi.
Mavzuga oid
10:24
200 dan ortiq ukrain harbiylari Liviyada - surishtiruv tafsilotlari
09:50
Ukrainaga kuchli zarbalar: qurbonlar soni kamida o‘n kishiga yetdi
21:20 / 03.04.2026
“O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiya ishini tiklaymiz” – Ukraina TIV o‘rinbosari
08:19 / 02.04.2026