O‘zbekiston | 11:55 / 02.03.2023
13529
6 daqiqa o‘qiladi

“Advokat faoliyatining daxlsizligi va himoyasi Konstitutsiya darajasida ta’minlanadi” – ekspert

Yangilanayotgan Konstitutsiyada advokatura institutiga konstitutsiyaviy maqom berilmoqda. Ya’ni birinchi bor mamlakat Konstitutsiyasiga advokaturaga bag‘ishlangan alohida bob kiritilmoqda, advokatlar faoliyati mustaqilligining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Foto: Kun.uz

Asosiy qonun loyihasi matnida advokaturaning institutsional ahamiyati va tashkiliy mustaqilligi qat’iyligidan tashqari fuqarolarga malakali yuridik yordam manbai bo‘lgan advokatning o‘ziga qanday kafolatlar yaratilayotgani muhim. 

Jumladan, Konstitutsiyaning 116-1-moddasi bilan qator yangi qoidalar nazarda tutilmoqdaki, ularning har biri advokatning huquqiy va protsessual maqomi jiddiy mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.  

“Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Mazkur qoidaning ahamiyati nimada?

Shubhasiz, bunday norma advokatlar faoliyati umumiy holatiga jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, aytish kerakki, advokatning guvohlik immuniteti va uning faoliyatiga aralashish taqiqi advokatlik faoliyatiga oid qonunlar va protsessual qonunchilikda ham belgilangan. Lekin mazkur qoidalarning konstitutsiyaviy darajada o‘rnatilishi ularning real ishlash imkonini oshiradi, chunki bu yerda gap konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi haqida bormoqda va bu qat’iy qoidalar jinoyat ishi yurituviga mas’ul bo‘lgan shaxslar tergovchi, prokuror va sud zimmasiga yuklatilib, ular advokatning mazkur kafolatlarini ta’minlab berishga majbur ekanliklarini anglatadi! Nima uchun aynan ana shu sub’yektlarga ushbu majburiyatning yuklatilishi muhim?

Chunki sud-tergov amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, advokatlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning himoya pozitsiyasini olib borishida turli bevosita va bilvosita bosim holatlari aynan jinoyat ishi yurituvi jarayonida ko‘proq kuzatiladi.

Konstitutsiyaviy kafolat sharoitida esa advokat bunday xavflardan himoyalanadi, o‘z vakolatlari doirasida dadil harakatlanadi, har qanday tazyiq va bosimlardan xoli bo‘ladi.

Mustaqil bo‘lgan, o‘z himoya yo‘nalishini mustahkam va barqaror olib boradigan advokat tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam darajasi ham, albatta, yuqori bo‘lishi tayin.

“Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi.”

Bu kafolat borasida gapiradigan bo‘lsak, aytish muhimki, bu kafolatga bo‘lgan ehtiyoj jinoyat protsessida advokat ishtiroki eng boshlang‘ich nuqtasining o‘zida – shaxs jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlangan zahotiyoq yuzaga keladi. Ya’ni shaxsning harakatlanish erkinligi cheklanishi bilan darhol unga advokat ta’minlanishi shart hisoblanadi. Shuningdek, shaxs birinchi so‘roq o‘tkazilishidan avval himoyachi bilan xoli uchrashishi qonunan kafolatlangan.

Lekin shu bilan birgalikda ta’kidlash kerakki, tergov amaliyoti jinoyat-protsessual qonunida belgilangan mazkur huquqlarni ta’minlashda qator muammolar borligidan dalolat bermoqda.  Ko‘plab advokatlarning asosiy e’tirozlaridan biri bu – tergov organlari tomonidan advokat va uning himoyasi ostidagi shaxsni ayblov yuzasidan birlamchi pozitsiyani shakllantirib olishga to‘sqinlik qiluvchi turli vaziyatlarning yaratilishidir. Masalan, tergov hibsxonasi ichki tartib qoidalari vaji bilan uchrashuvning xoli bo‘lishiga imkon bermaslik, turli bahonalar bilan uchrashuvlar vaqtini ortga surish yoki belgilangan uchrashuv joyini tez fursatda o‘zgartirish, advokatlar xonasi yetishmasligi va boshqa advokatlar ham o‘z himoyasi ostidagilar bilan uchrashishi kerakligi vajini aytib, uchrashuv vaqtini chegaralashga urinishlar va boshqalar.

Bunday to‘siqlar oqibatida advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan birlamchi va eng muhim bo‘lgan muloqotni qila olmay, mustahkam himoya pozitsiyasini qo‘ldan boy beradi, hibsda saqlanayotgan shaxs esa jinoiy ta’qibning og‘ir ruhiy bosimi ostida iqrorlik ko‘rsatmalarini berish ehtimoli yanada ortadi.

Aynan ana shunday vaziyatlarga chek qo‘yish maqsadida ham  “advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi” degan qat’iy konstitutsiyaviy qoida o‘rnatilishi nihoyatda muhimdir.

“Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi. Advokatning kasbiy huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi”. Mazkur kafolatning mohiyati nimadan iborat?

Bunday qoida orqali davlat advokatlar xavfsizligiga tahdid bo‘lgan holatlarda ularning himoyasini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi, ularning o‘z kasbiy vazifalarini bajarishlari uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlariga shart-sharoit yaratadi.

Shu bilan birga, advokat kasbiy vakolatlari doirasida dalillar to‘plashi va ularni taqdim etishi jarayonining davlat tomonidan himoyalangani advokatning erkin va mustaqil faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Bu borada advokatning sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan muhofazalanishi alohida e’tirof etilgani nafaqat himoyasi ostidagi shaxsni, balki advokatning o‘zini ham turli bosim va tahdidlardan, noqonuniy harakatlar ta’siridan himoya qiladi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mustaqil advokatura samarali odil sudlovni ta’minlashning ajralmas shartidir. Zero sud protsessida taraflarning chinakam tortishuviga advokat va prokuror o‘rtasida protsessual imkoniyatlar tengligi, sog‘lom bahs va kuchli pozitsiyalar muzokarasi ta’minlanishi muhitidagina erishiladi. 

Rahmonova Surayyo Maxmudovna,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid