Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bu tabiatga beshafqat munosabat» – deputat tadbirkor Murod Nazarovning taklifini tanqid qildi
Deputat Javlon Abdullayev quruvchi tadbirkor Murod Nazarovning «daraxtlar banki» tashkil etish taklifiga bildirgan munosabatida buni ekologik jinoyatga tenglashtirdi. Ekopartiya vakili moratoriy sabab yil boshidan beri 453 mingdan ziyod daraxt kesilishi oldi olinganini ma’lum qildi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakili, Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev tadbirkor Murod Nazarovning «daraxtlar banki» tashkil etish haqidagi taklifiga munosabat bildirdi. Nazarov Toshkent shahrida uy-joy qurilishiga daraxtlar xalaqit qilayotgani, ularni kesishga qo‘yilgan moratoriy bekor qilinishi lozimligini bildirgan edi. Tadbirkor taklifiga ko‘ra, bir kesilgan daraxt o‘rniga boshqa yerda bir nechta daraxtlar ekiladi.
Deputat Javlon Abdullayev bitta daraxtni katta qilib o‘stirish uchun kamida o‘n yillab vaqt, sabr va doimiy parvarish talab etilishini eslatdi.
«Har bir yetuk daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasining oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?» – deya yozadi deputat.

Deputat taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxtni kesishning oldi olingan. Rad etilgan arizalarda ko‘rsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaho navlarga mansub bo‘lgan.
Abdullayevning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda «qayta ekish» nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayotgani, qurib qolayotganini jamoatchilik ko‘rib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yo‘q qilish orqali ekologiyani yanada yomon ahvolga solayotganini ko‘rsatmoqda, deydi deputat.
«Shuningdek, bu kabi yondashuv nafaqat ekologik muvozanatga, balki O‘zbekiston qonunchiligida mustahkamlangan atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillariga mutlaqo zid hisoblanadi. Agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni „muqobil ekish“ bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, ya’ni ekologik jinoyat sanaladi», – deya yozgan Abdullayev.
Ekologik partiya vakili rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangani — ayrim hollarda developerdan yerni qaytarib olishgacha boriladi, daraxtlarni kesish emas, hattoki shikastlangan va qurib qolish xavfi ostidagi daraxtlarni «tiriltirish» bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda ham bu borada keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka ana shunday ta’sirli mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi, deydi partiya vakili.
«Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabatlari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qat’iy ta’kidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim», – deydi deputat.
Deputat Ekopartiya #men_daraxt_kesilishiga_qarshiman heshtegi ostida tabiatni asrash bo‘yicha aksiyalarini o‘tkazishi va ularda barcha faol fuqarolarni ishtirok etishga chaqirdi.
Mavzuga oid
11:16 / 24.10.2025
“Ko‘chmas mulkni kerak bo‘lsagina olish kerak” - Murod Nazarov
16:55 / 19.07.2025
Ekologiya vazirligi Murod Nazarovning qurilishlarida daraxtlar kesilishi holatini tekshirishga chaqirdi
20:19 / 18.07.2025
“Bu narsa baribir ko‘tariladi” – Murod Nazarov nega daraxtlar kesish tartibini o‘zgartirishni so‘radi?
22:53 / 17.07.2025