Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boylar “o‘yini” yoxud oshkora kamsitish: maktablarda urfga kirayotgan “Sekret Santa” odamlarga qanday ta’sir qilyapti?
Bu o‘yin maktab o‘quvchilaridan tortib, talabalar, jamoalar orasida ham urfga aylanmoqda. Uning tarixi va o‘yin bilan bog‘liq holatlar haqida bilasizmi?
Secret Santa — bu guruh ichida tasodifiy ravishda kimga sovg‘a olish belgilanadigan, sovg‘a beruvchining ismi yashirin saqlanadigan o‘yin. Odatda har bir ishtirokchi boshqa bir bola uchun sovg‘a tanlaydi va o‘zi ham birovdan sovg‘a oladi. Sovg‘a egalari anonim saqlanadi. Ushbu an’ana Rojdestvo bayrami bilan bog‘liq. Bu 19-asrda Shvetsiya va Norvegiyada paydo bo‘lgan “Julklapp” urfidan kelib chiqqan. Shvedcha “Julklapp” so‘zi “Rojdestvoga sovg‘a” ma’nosini bildiradi. Odamlar qo‘shnisining eshigi yoniga sirli sovg‘acha qo‘yadi va uni ko‘rib qolmasliklari uchun tezda yugurib ketardi. Maqsad bayram ruhini ulashish, kayfiyatni ko‘tarish bo‘lgan. O‘zbekistonda ham oxirgi bir-ikki yilda bu an’anaga amal qilinyapti. Faqat maqsadlar o‘zgargandek...
Bu an’ana bolalar orasida bullingga sabab bo‘lyapti
Ba’zi ota-onalar Secret Santa o‘yini ba’zan maktab o‘quvchilari o‘rtasida salbiy munosabatlarga sabab bo‘layotgani, bola depressiyaga tushayotganidan xavotir bildirgan. Kun.uz’ga o‘z fikrini bildirgan o‘qituvchilardan biri esa sinfidagi o‘quvchilar shu sabab ikkiga ajralib qolganini aytdi.
“Bu an’ana bir-birining ijtimoiy ahvolini biladigan odamlar orasida bo‘lishi normaldir balki. Lekin bolalar orasida ommalashishiga qarshiman. Chunki bolalar bir-birlarining moliyaviy holatlarini yaxshi bilishmaydi. Yaqinda o‘quvchilarim shunaqa o‘yin o‘ynashni taklif qilishdi. Ruxsat berdim, shartlari bor ekan, ya’ni qur’a tashlash yo‘li bilan kim kimga sovg‘a berishini aniqladik. Buni bolalar orasida sir saqlashga kelishdik. Lekin undan keyin juda pushaymon bo‘ldim ruxsat berganimdan. Chunki shundan keyingi bir haftani shu o‘yinning g‘alvasi bilan o‘tkazdik. Hali bolalar shuning ustida janjallashgan, hali ota-ona telefon qilib bolasi kattaroq sovg‘a berib, arzimas sovg‘a olganidan norozi bo‘lganini aytgan. Xuddi bolalarni tabaqalashtirib qo‘ydi nazarimda.
To‘g‘ri, o‘ziga to‘q oilaning farzandlari nisbatan yaxshiroq sovg‘alar tayyorlashgan ekan, men ham kim qanday sovg‘a tayyorlaganini bilmasdim. Lekin oddiy oilaning bolalarida unaqa sovg‘a berishga imkoniyat yo‘q. Ko‘zlari mung‘ayib g‘alati bo‘lib qolishdi ba’zilari, xuddi kamsitilganday his qilib o‘zlarini. Bu o‘yinga ruxsat so‘rashganda asl mazmunini anglab yetmagan ekanman, bir o‘yin-da deb. Bolalarni yanayam ahil bo‘lishiga hissa qo‘shadi deb o‘ylagandim, lekin teskarisi bo‘ldi. Bunga ruxsat berishdan oldin yaxshi o‘rganib, to‘g‘ri tushuntirish kerak ekan mohiyatini. Maqsad sovg‘a olish emas, ko‘ngil ko‘tarish, yaxshilik qilish degan ma’noda. O‘zi bizning an’analarga kirmas ekan, shuning uchun tushunmasdan bolalarning dili og‘rishiga, ko‘nglida yomon xotira qolishiga sabab bo‘lmaylik deyman. Ayrim ota-onalar “qayerdan o‘ylab topdinglar bu o‘yinni?” deb bizni so‘roq qilishyapti. Vaholanki buni bolalar o‘zlari eshitib taklif kiritishgandi, bizga ham yangilik bo‘lganiga uncha tushunmaganmiz”, deydi u.
Ota-onalar qanday fikrda?
“Ikkita qizimni o‘zim yolg‘iz katta qilyapman. O‘tgan haftada katta qizim “Sekret Santa” degan o‘yinni o‘ynayapmiz deb keldi. Nima ekan desam, sovg‘a ulasharkanmiz, kim kimga sovg‘a berishini hech kim bilmaydi. Hozir hamma shunaqa qilyapti dedi. Hali oylikkacha ancha bor, to‘g‘risi non pulimizgacha hisoblab ishlatmasak qiynalib qolamiz. Ijarada turishning o‘zi bo‘lmaydi. Nima sovg‘a berish kerak ekan desam, ustozi buning ahamiyati yo‘q. O‘zlaring istagan har qanday sovg‘ani beraveringlar debdi. Uydan nimadir chiqarishga harakat qildim. Qizim o‘g‘il bola sinfdoshiga sovg‘a berishi kerak edi. Kichikroq sochiq bor edi, shuni chiroyli o‘rab berdim. Ahvolimizni bilgan qizim g‘ing demay olib ketdi, kayfiyati juda yaxshi edi. Kechga sovqotib ishdan qaytsam (bozorda ovqat sotaman), uyda biror ish qilinmagan, kayfiyati yomon, lekin hech narsa demaydi. 4 kundan beri maktabga bormayapti, mazam yo‘q deydi sababini so‘rasam, og‘zidan gap olaman deb qiynalib ketdim. Bilsam o‘sha kuni o‘g‘il bola sinfdoshiga sovg‘ani bergan, keyin u hammani oldida sovg‘ani ochgan va boshqa o‘g‘il bolalar “kuyovnavkarga tarqatiladigan sochiq olding” deb uning ustidan kulishgan. 7-sinf o‘quvchilari ayni o‘tish davrida emasmi, bolaning jahli chiqib qizimning yuziga sochiqni otib yuborgan. Boshqalarning eng oddiy sovg‘asi quloqchin, shunga o‘xshash narsalar bo‘lgan ekan. Bolam juda qattiq izza bo‘lgan, endi bormayman maktabga, ishlayman, nima ish bo‘lsayam farqi yo‘q deb o‘tiribdi. O‘qituvchisiyam bo‘lgan voqeadan xabari bor ekan, gaplashdik, lekin qizim juda g‘alati holatda hozir”, dedi tahririyatga murojaat qilgan ona.
Yana bir ota esa buning ota-onalarga ortiqcha yuk ekanligini ta’kidladi:
“O‘g‘lim boshlang‘ich sinfda o‘qiydi. Santa degan o‘yin o‘ynashga kelishishgan ekan. O‘rganib ko‘rsam, bu o‘yinda sovg‘aning qiymati, kim tomonidan berilishi ahamiyatli emas ekan. Shuning uchun kimdan sovg‘a olayotganini bilmasligi kerak ekan bola. Lekin biznikilar buni o‘zlariga moslashgan shekilli. Chunki o‘g‘limning sherigi, ya’ni undan sovg‘a kutayotgan bola o‘ziga olinadigan sovg‘ani belgilab bergan – sport qo‘lqopi, yana yopishtiradigan nimadir olishi kerakligini aytgan. Surishtirsam eng arzonini olsak ham 200 mingga yaqin narxda ekan. Hol-jonimga qo‘ymay ta’kidlashiga qaraganda shuni bermasa qattiq xafa bo‘ladigan.
Qizimdayam xuddi shunday hol. Bu yerda gap puldayammas, bolalar uchun zarur bo‘lmagan narsalarni oldirish. Undan keyin agar siz beradigan sovg‘a narigi tomon beradigan sovg‘adan kam (arzonroq) bo‘lib qolsa orada xafagarchilik, xijolatchilik degan narsalar bor. Shaxsan menga muammo bo‘lib ko‘rinyapti bu, ota-onalarga ortiqcha yuk, bolaga esa stress olib kelishi mumkin”.
Har bir davrning o‘z urflari bo‘lgani kabi bu o‘yin ham qachondir yodimizdan chiqadi. Lekin qancha bolaning ruhiy holatiga yomon ta’sir qilishi ularning kelajakdagi hayotiga ta’siri bo‘lishini unutmaslik kerak.
Mavzuga oid
10:07 / 26.12.2025
Maktabgacha va maktab ta’limi: 2025 yilda 59 ta yangi maktab ishga tushirildi
08:38 / 25.12.2025
Ijtimoiy xavfli ahvoldagi bolalar belgilangan ta’lim muassasasiga imtihonsiz qabul qilinadi
19:51 / 24.12.2025
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi
14:27 / 23.12.2025