O‘zbekiston | 18:52 / 06.10.2024
6893
3 daqiqa o‘qiladi

Qish uchun 5 mlrd kub metrdan ortiq gaz omborlarga jamlandi - energetika vaziri

Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,1 mlrd kub metr ko‘proq ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: «Gazli» gaz ombori

Qish uchun «Gazli» va «Xo‘jaobod» yerosti gaz omborlariga 5 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxira qilib qo‘yildi, deya ma’lum qildi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.

«Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik barvaqt boshlangan. Fevral oyidayoq prezident tizimlarni tayyorlash…, gaz qazib chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va generatsiyani tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan», dedi u «Lolazor» podkastidagi chiqishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil davomida elektr energiyasi generatsiyasiga, qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirishga e’tibor berilgan. Chunki oldingi yillarda iste’mol oshib borishi, yangi quvvatlar esa yetarli darajada qo‘shilmagani tufayli muammolar bo‘lgan.

«Bu o‘rinda eng muhimi — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining generatsiya quvvatlarining ishga tushirilishi… Barcha yoqilg‘i turlari zaxiralarini tayyorlash bo‘yicha ham tayyorgarlik ko‘rildi», dedi Mirzamahmudov.

Vazir, shuningdek, qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxirasini yaratish masalasiga to‘xtaldi.

«Bugungi kunda bizda qish mavsumi uchun yerosti gazni saqlash omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz jamlandi. Agar solishtiradigan bo‘lsak, bu o‘tgan yilgi hajmlarga nisbatan 1,1 mlrd kub metr ko‘proq», dedi u.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, «Gazli» omborining sig‘imi oshirilib, hozirda 4,5 mlrd kub metr gazni saqlay oladi. Hozir u yerda 4 mlrd kub metrdan ortiq gaz g‘amlab qo‘yilgan. «Xo‘jaobod» omborida esa 780 mln kub metrdan ortiq gaz zaxira qilib qo‘yilgan.

Vazirlikning rahbariga ko‘ra, So‘xdagi yerosti gaz saqlash omboridan foydalanishni tiklash bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, o‘rganishlar olib borilmoqda. Bu gaz omborining o‘zi Qirg‘iziston hududida, texnologik uskunalar, kompressor O‘zbekiston hududida joylashgan.

Mavzuga oid