Paxtachida qovun-tarvuzlar laboratoriya tekshiruvisiz sotilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar nega nazorat olib bormayapti?
Oziq-ovqat xavfsizligi doim dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ayni pishiqchilik vaqtida bu masalaga yanada jiddiy e'tibor berish talab etiladi. Sababi, bu davrda mevalar, poliz ekinlari pishib yetiladi va bozorlarda bu mahsulotlarning savdosi yanada avjiga chiqadi. Ayniqsa, qovun-tarvuz savdosini yoz kunlarida bozorlardan tashqari, har qadamda uchratishimiz mumkin.
Xo‘sh, ayni shu davrda oziq-ovqat xavfsizligi talablariga yetarlicha e'tibor berilyaptimi? Bu mahsulotlar tegishli tartibda laboratoriya tekshiruvidan o‘tgandan keyin savdoga chiqarilyaptimi?
Mazkur savollarga javob topish maqsadida Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida o‘rganish olib bordik.
Ushbu tumandan M-37 avtomagistral yo‘li o‘tgan. Yo‘l chetida tarvuz-qovunlar savdosini uchratish mumkin. Ammo bu mahsulotlar savdosining eng «issiq nuqtasi» Sultonobod bozori hisoblanadi.
Bu yerda haftaning chorshanba va yakshanba kunlari bozor bo‘ladi. Yuk mashinalarida tarvuz-qovunlar olib kelinib sotiladi. Qolgan kunlari esa Sultonobod bozori joylashgan M-37 yo‘li cheti asosiy savdo maskaniga aylanadi (Bozordagi tartibsizliklar, umumiy ovqatlanish maskanlaridagi antisanitar holatlar alohida mavzu).
Bozor ichi va yo‘l bo‘yidagi ushbu poliz mahsulotlarini kuzatar ekanmiz, birorta ham laboratoriya tekshiruv xulosasini ko‘rmadik. Aslida bu mahsulotlar tanlab olingan holda maxsus tekshiruvdan o‘tgandan keyin savdoga qo‘yilishi kerak. Afsuski, Paxtachi tumanida hech kim bu tartibga amal qilmayapti. Sultonobod bozorida bozorlarda bo‘lishi lozim bo‘lgan laboratoriyani ham ko‘rmadik.
Ma'lumki, ushbu mahsulotlarning sifati va xavfsizligini ta'minlash sohasidagi davlat boshqaruvini sog‘liqni saqlash, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari, veterinariya, o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Shunga muvofiq, Paxtachi tumani hududida tarvuz-qovun mahsulotlarini maxsus laboratoriya tekshiruvisiz sotilayotgan holati yuzasidan izoh olish uchun Samarqand viloyat davlat santariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi Manzura Otamurodova bilan bog‘landik.
Mutasaddi laboratoriya tekshiruvi veterinariya boshqarmasi tomonidan olib borilishini bildirib, bu haqidagi savollarga ular javob berishi lozimligini bildirdi. Ammo oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va uni nazorat qilishga DSENM ham mas'ul ekanligini eslatganimizda Otamurodova buni tasdiqlab qo‘ya qoldi, xolos.
Shundan so‘ng, tumanda bevosita shu masalaga mas'ul bo‘lgan Paxtachi DSENM bosh vrachi Shoira Boboyeva bilan suhbatlashdik.
«Albatta, bu holatni nazoratga olamiz. Bizning laboratoriya joriy yil 1 yanvardan yopilgan. Shu bois bu kabi maxsus tekshiruvlar tuman veterinariya bo‘limi tomonidan amalga oshirilyapti. Ammo tan olishimiz kerak, bu kabi holatlarga biz ham bevosita mas'ulmiz va zarur chora tadbirlarni amalga oshiramiz», – deydi Boboyeva.
Yozning deyarli yarmi o‘tdi. Tarvuz-qovun mahsulotlari savdoga chiqqaniga ham ancha vaqt bo‘ldi. Nazorat qachon amalga oshiriladi? Sultonobod bozorida sotilayotgan nafaqat tarvuz-qovun, balki boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham laboratoriya tekshiruvisiz sotilayotganini mas'ul tashkilotlar qanday izohlaydi?
Mazkur masala yuzasidan Paxtachi tumani veterinariya bo‘limi boshlig‘i Mehriddin Mavlonov bilan suhbatlashganimizda mas'ul rahbarning izohi va vajlari bizni yanada ajablantirdi.
«Tarvuz-qovun savdosini amalga oshirayotgan sotuvchilar laboratoriya tekshiruvi xulosalarini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Shuning uchun sizga ko‘rsata olmagan. Vaziyatni nazoratga olamiz, xodimlarimiz o‘rganish olib boradi», – deydi Mavlonov.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahsulotlar tekshiruvini tuman veterinariya bo‘limi «Oziq-ovqat xavfsizligi» laboratoriyasi amalga oshirishi lozim. Qiziq, barcha sotuvchilar laboratoriya tekshiruvi xulosalarini mutasaddi ta'kidlaganidek yo‘qotib qo‘ydimikan?
Biz sotuvchilar bilan suhbatlashganimizda ayrimlari bunday laboratoriya tekshiruvi haqida tushunchaga ham ega emasligiga guvoh bo‘ldik. «Men falonchi aka ajratib bergan yerda savdo qilyapman, o‘shalardan so‘rang», qabilidagi javoblarni eshitdik.
O‘rganish davomida ma'lum bo‘ldiki, tarvuz-qovunlar savdosi va ularning xavfsizligi mas'ul tashkilotlar tomonidan nazorat qilinmayapti. Bu esa ushbu mahsulotlar bilan bog‘liq og‘ir holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Zero, «Ko‘za kunda emas, kunida sinadi». Buni viloyat va tumandagi mas'ul mutasaddilar unutgan ko‘rinadi.
Kun.uz tumandagi ushbu holat yuzasidan tegishli tashkilotlar zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishiga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
21:10 / 25.11.2024
Aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hisob-kitobi yuritiladi
18:40 / 25.07.2024
2023 yilda dunyoda har o‘n birinchi kishi och qoldi - BMT
18:17 / 07.03.2024
Eksportbop va serdaromad ekinlar uchun o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi
18:41 / 16.02.2024