Jahon | 16:47 / 27.03.2026
5366
12 daqiqa o‘qiladi

“Ozodlik oroli”da nimalar bo‘lmoqda? Kubada kommunistik tuzum o‘rnatilishi tarixi

2026 yil 13 mart kuni Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ilk bor Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazayotganini rasman tasdiqladi. Qariyb 70 yil avval kommunistik tuzum o‘rnatilgan va 2015 yilgacha AQSh bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lmagan bu orol davlat nega Oq uydagilar bilan muzokara o‘tkazmoqda? Umuan olganda Kuba qanday qilib sotsialistik davlatga aylangandi?

Karib havzasida joylashgan Kuba oroli Kolumb g‘arbdagi yangi yerlarni kashf etgandan so‘ng Icpaniya nazoratiga o‘tadi va uzoq yillar ipanlar boshqaruvi ostida yashaydi.

AQSh tashkil etilgan yillarda ham orol Ispaniya mulki hisoblanardi. Amerikaliklar Fransiyadan Luizianani sotib olgach Kubaga ham xaridor bo‘ladi. Biroq Ispaniya taklifni rad etadi.

Amerikaliklar Kubani sotib olish haqidagi takliflarni 1825-1829-yillarda AQShni boshqargan Jon Adams, 1848 yilda prezident Jyeyms Polk, 1854 yilda prezident Franklin Pirs boshqaruvi davrida ham bildiradi. Biroq Ispaniya rozi bo‘lmaydi.

Keyinchalik Kuba AQSh va Ispaniya o‘rtasida urush kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu shunday sodir bo‘ladi: 19-asr oxirlarida Kubada Ispaniya boshqaruviga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi.

1898 yilda AQSh Kubadagi o‘z fuqarolarini himoya qilish bahonasida orol tomon harbiy kema jo‘natadi. Kema Havana portiga yetib borganda unda portlash sodir bo‘ladi. Bu ish uchun ispanlarni ayblagan AQSh o‘sha yili aprelda Ispaniyaga qarshi urush ochadi.

Bu urushda Qo‘shma Shtatlar g‘alaba qozonadi va Ispaniya Kuba hamda uning yaqinida joylashgan Puerto-Riko orolidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

alamy.com

Shunda AQSh Puerto-Rikoni o‘z mulkiga qo‘shib oladi. Kubani esa mustaqil deb e’lon qiladi va uni vassal davlatga aylantiradi.

Keyinroq Kuba amerikaliklar dam olish uchun keladigan joyga aylanadi. Amerikalik boylar orolga sarmoya kirita boshlaydi.

AQSh nega Kubani sotib olishga bunchalik qiziqqan degan savolga javob shuki, bu orol Karib havzasi markazida, geografik jihatdan juda qulay hududda joylashgan.

Qolaversa, Kuba AQShga juda yaqin hisoblanadi. Florida shtatiga qarashli, Karib dengizidagi orolda jaylashgan Ki-Uest shahridan Kubagacha masofa bor-yo‘g‘i 180 kilometrni tashkil etadi. Oroldan Mayamigacha 384 km.

Kubada kommunistik tuzum o‘rnatilishi

Ikkinchi jahon urushi davrida Kubada Fulxensio Batista prezident edi. 1944 yilda o‘tkazilgan saylovda u mag‘lub bo‘ladi va sakkiz yil orol davlatni Ramon Grau boshqaradi.

1952 yil 1 iyunda Kubada navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazilishi belgilangandi. Nomzodlar uch nafar bo‘lib, ular orasida Batista ham bor edi.

O‘shanda Batitaning g‘olib chiqish ehtimoli juda past edi. Shu sababli u saylovdan ikki oycha avval davlat to‘ntarishi uyushtiradi va Kubada hokimiyatni egallaydi.

carlosbua.com

Shundan so‘ng Fidel Kastro boshchiligidagi guruh Batista hokimiyatiga qarshi chiqadi va partizanlik urushini boshlaydi.

1953 yilda Fidel Kastro hammaslaklari bilan Monkada shahridagi kazarmani egallamoqchi bo‘lganida qo‘lga tushadi. Sud uni 15 yil qamoq jazosiga hukm qiladi.

Hukm o‘qilgan paytda Fidel Kastro “Tarix meni oqlaydi” deydi va keyinchalik uning bu gapi mashhur iboraga aylanadi.

1955 yilda Batista Fidel Kastroni afv etadi. U ozod bo‘lgach Meksikaga ketadi. O‘sha kezlarda Kastro “26 iyul harakati” deb nomlangan tashkilotni tuzadi va 1956 yil dekabrda Kubaga qaytadi.

U “26 iyul harakati” jangchilari bilan Batista tuzumiga qarshi kurashni davom ettiradi va birin-ketin muvaffaqiyatlarga erisha boshlaydi.

1958 yilda qo‘zg‘olonchilar Kubaning ancha qismini o‘z nazoratiga oladi va poytaxt tomon siljiy boshlaydi. 1959 yil 1 yanvar kuni ular Havanani egallaydi. Batista o‘sha kuni xorijga qochib ketadi.

alamy.com

Fidel Kastro o‘zini armiya qo‘mondoni va harbiy ministr deb e’lon qiladi. Fevralda vaqtinchalik prezident bo‘lib turgan Manuel Urrutia iste’foga chiqadi va hokimiyat to‘liq Fidel Kastroga o‘tadi.

Fidel Kastro Kubani egallagach u yerda kommunistik tuzum o‘rnatiladi. SSSR Kubaga har tomonlama yordam bera boshlaydi. AQSh esa bu orol davlat bilan diplomatik aloqalarni uzadi va elchixona xodimlarini olib chiqadi.

“Karib inqirozi”

1961 yilda AQSh Turkiya hududiga SSSRdagi muhim obektlargacha uchib bora oladigan raketalarini keltiradi. Ularga yadro kallaklari o‘rnatilgandi. Bunga javoban SSSR Kubaga yadroviy qurollarni joylashtiradi.

Ana shunday vaziyatda AQSh hamda SSSR o‘rtasidagi munosabatlar taranglashadi va 1962 yilda prezident Jon Kennedi Kuba atrofida dengiz blokadasi boshlanganini e’lon qiladi.

1962 yil 27 oktyabr kuni Kuba osmonida parvoz qilayotgan AQSh samolyoti urib tushiriladi. AQSh bunga javob qaytarilishini e’lon qiladi. Oqibatda dunyo yadroviy urush tahlikasi ostida qoladi.

Caption

28 oktyabr kuni AQSh va SSSR rahbarlari kelishuvga erishadi. Unga ko‘ra, Amerika tomoni Kubaga bostirib kirmaslikka, Turkiyadan raketalarini olib chiqishga va’da beradi. SSSR esa o‘z yadroviy raketalarini Kubadan olib ketishga rozi bo‘ladi.

Kuba atrofida sodir bo‘lgan siyosiy inqiroz yechim topganidan so‘ng tomonlar Vashington va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon aloqasi o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Biroq shundan keyin ham har ikki davlat o‘rtasidagi sovuq munosabat davom etadi.

Kuba – SSSRning yaqin ittifoqchisi

“Karib inqirozi” bartaraf bo‘lganidan keyin ham SSSRning Kubaga yordami davom etadi. Sovetlar bu orol davlatga iqtisodiy, moliyaviy va harbiy yordam bera boshlaydi.

Jumladan, SSSR Kubani qo‘llash uchun shakarqamishni jahon bozoridagi narxdan qimmatroqqa sotib oladi. Turli mashinalar, neft, oziq-ovqat, sanoat mollari va boshqa mahsulotlarni esa arzon narxda yetkazib beradi.

fishki.net

Sovetlarning Kubaga yordami 1991 yilgacha davom etadi. SSSR parchalanib ketgach, Rossiya iqtisodiy inqirozni boshdan o‘tkazadi va Kubaga yordam berish qisman to‘xtaydi.

Oqibatda orolda iqtisodiy inqiroz boshlanadi va aholining aksar qismi yo‘qchilikda yashashga majbur bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham, Kuba Rossiya bilan hamkorlikni davom ettiradi.

Kubada rahbar almashuvi va islohotlar

2000-yillar boshlarida yoshi 75 dan oshgan Fidel Kastroning sog‘ligida muammolar kuzatila boshlanadi. Biroq u shunda ham hokimiyatdan voz kechmaydi va Kubani boshqarishda davom etadi.

2006 yil 26 iyulda 80 yoshga to‘lishiga ikki haftacha qolgan Fidel Kastroning sog‘ligi yomonlashadi va uni shifoxonaga yotqizishadi. Kubani uning ukasi, 75 yoshli Raul Kastro boshqara boshlaydi.

2008 yilda Kuba parlamenti Raul Kastroni Kuba davlat kengashi raisi etib saylaydi. Bu lavozim amalda davlat rahbari degani edi.

alamy.com

Akasidan farqli ravishda Raul Kastro Kubada bir qator islohotlar o‘tkazadi. Jumladan, mobil telefonlar va to‘lqinli pechlarni ishlatishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi.

Aholiga internetdan foydalanishga, mehmonxonalarda tunab qolishga, mashinani ijaraga olishga ruxsat beriladi. Qishloq xo‘jaligida fermerlar ekin turini mustaqil tanlashga, hosilni o‘zi xohlaganday sotish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, Kuba bir qancha xalqaro normalarni imzolaydi va o‘shangacha davlat mulki hisoblangan turar joylarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

2015 yilda Raul Kastro AQSh bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklaydi. Biroq orol davlatning Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlari sovuqligicha qolaveradi. 2016 yilda 90 yoshli Fidel Kastro vafot etadi.

Raul Kastro Kubada siyosiy islohotlar ham o‘tkazadi va aynan uning tashubbisi bilan mamlakat qonunlarida bir shaxsning ikki muddatdan oshiq ishlashi taqiqlanadi.

2013 yilda ikkinchi marta davlat rahbari etib saylangan Raul Kastro 2018 yilda o‘rnini Kubaning hozirgi rahbari Migel Dias-Kanelga bo‘shatib beradi.

2019 yil fevralda Kubada konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum o‘tkaziladi va saylovchilarning 87 foizi unga rozi bo‘ladi.

alamy.com

Yangi konstitutsiyada mamlakatda xususiy mulkka ega bo‘lish, xususiy tadbirkorlik qilish va erkin bozorga ruxsat beriladi. Shuningdek, unda mamlakat boshqaruvida bosh vazir va prezident lavozimlarini qayta tiklash ham belgilanadi.

2019 yil oktyabrda Kuba parlamenti Migel Dias-Kanelni mamlakat prezidenti etib saylaydi. O‘sha yili dekabrda orol davlatda bosh vazir ham tayinlanadi. Kubani hozirgi paytda ham Migel Dias-Kanel boshqarmoqda.

Kubada nimalar bo‘lmoqda?

So‘nggi paytlarda Kubada vaziyat murakkablashib boryapti va bunga AQSh sabab bo‘lmoqda. Orol uzoq yillar davomida Venesuladan arzon neft olib kelgan, mamlakat iqtisodiyoti shunga bog‘lanib qolgandi.

2026 yil 3 yanvar tunda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQShga olib chiqib ketildi va Kuba yaqin ittifoqchisidan ayrildi.

Shundan so‘ng Tramp nafaqat Venesuelaning yangi rahbariga, boshqalarga ham bosim o‘tkazib, Kubaga neft berishni taqiqlab qo‘ydi.

Oqibatda orolda yonilg‘i va energiya taqchilligi boshlandi. Transport tizimi falajlandi, oziq-ovqat ishlab chiqarish to‘xtab qoldi. Bu jarayon hanuz davom etmoqda.

Trampning Kubaga nisbatan yuritayotgan siyosati orol davlat rahbari va boshqa mutasaddilari tomonidan bir necha marta tanqid qilindi.

Jumladan, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Donald Trampni orolni bo‘g‘ishga urinishda ayblab chiqdi. Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges AQShning Kubaga nisbatan harakatlarini xalqaro xavfsizlik uchun “g‘ayrioddiy va favqulodda xatarli” deb baholadi.

Biroq ko‘p o‘tmay Havana Vashington bilan “hech qanday dastlabki shartlarsiz” muzokara olib borishga tayyor ekanini bildirdi.

Yonilg‘i, elektr energiyasi va oziq-ovqat taqchilligi fonida Kubada aholi noroziligi oshib bormoqda. Odamlar namoyishlarga chiqmoqda.

alamy.com

Ana shunday namoyishlarning biri bundan bir necha kun oldin mamlakatning markaziy qismida joylashgan Moron shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan odamlar hatto kommunistik partiya ofisiga hujum qildi.

Mamlakatda norozilik kuchayib borayotgan vaqtda 2026 yil 13 mart kuni Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Kuba Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Bu — Kuba rahbari tomonidan og‘ir energetik inqiroz sharoitida AQSh bilan aloqalar o‘rnatilganining ilk bor rasman tan olinishi bo‘ldi.

Kelajakda voqealar rivoji qanday kechadi, aniq aytish qiyin. Biroq bir narsa aniq, qahatchilik, energiya, yonilg‘i va oziq-ovqat taqchilligi davom etaversa, Kubada kommunistik tuzumning yashab qolishi qiyin bo‘ladi.

Aytgancha, Kuba va O‘zbekiston bir paytlar do‘stona aloqalarda bo‘lgan. Sharof Rashidov Kubaga sovet delegatsiyasini boshlab borgan. Bunga javoban Fidel Kastro O‘zbekistonga kelgan. Buning tarixi haqida keyingi ko‘rsatuvimizda hikoya qilamiz.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid