Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kuba prezidenti agressorga qarshilik ko‘rsatishga tayyorligini e’lon qildi
Kuba prezidenti har qanday tashqi agressorga “qat’iy qarshilik” ko‘rsatishga va’da berdi. Migel Dias-Kanel bu bayonotni Donald Trampning “Kubani qo‘lga kiritish” ehtimoli haqidagi so‘zlariga javoban aytdi.
Migel Dias-Kanel Foto: Norlys Perez/REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp Kubani “qo‘lga kiritishi” mumkinligini aytganidan so‘ng, ushbu mamlakat prezidenti Migel Dias-Kanel “qat’iy qarshilik” ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
“Eng yomon ssenariyga duch kelsak ham, Kuba bir narsaga amin: har qanday tashqi agressor qat’iy qarshilikka uchraydi”, — deb yozdi Dias-Kanel 17 mart, seshanba kuni X mikroblogida.
AFP agentligi qayd etishicha, AQSh tomonidan davom etayotgan neft blokadasi fonida, bu esa Kubadagi iqtisodiy va energetik inqirozni yanada kuchaytirgan, orol davlati hukumati ortib borayotgan bosimga duch kelmoqda. 16 mart kuni orolda milliy miqyosdagi blekaut yuz berdi, natijada mamlakatning barcha aholisi — 10 million kishi elektr ta’minotisiz qoldi. 17 mart tongiga kelib, mamlakat aholisining uchdan ikki qismiga, jumladan 1,7 million aholi yashaydigan poytaxt Havana aholisining 45 foiziga elektr energiyasi yetkazib berish qayta tiklangan.
The New York Times gazetasi 16 mart kuni yozishicha, Donald Tramp shu kuni jurnalistlar bilan muloqotda “Kubani qo‘lga kiritish sharafiga muyassar bo‘lishini” aytgan.
“Kubani qo‘lga kiritish. Ya’ni, uni ozod qilish, qo‘lga kiritishni nazarda tutyapman. O‘ylaymanki, u bilan istagan ishimni qila olaman. Hozir u juda zaif mamlakat”, — deya gazeta Oq uy rahbarining so‘zlarini keltirgan.
16 mart kuni ertalab e’lon qilingan NBC News telekanaliga intervyusida Kuba bosh vaziri o‘rinbosari Oskar Peres-Oliva Havana “AQSh kompaniyalari, shuningdek AQShda yashovchi kubaliklar va ularning avlodlari bilan moslashuvchan savdo munosabatlariga tayyor” ekanini aytdi.
Biroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu yon berishni Tramp ma’muriyati Kubada ko‘rishni istagan erkin bozor islohotlari uchun yetarli emas, deb atadi.
“Ular kecha (16 mart kuni — tahr.) e’lon qilgan narsa yetarlicha keskin emas. Bu yordam bermaydi. Demak, ular oldida bir nechta yirik qarorlarni qabul qilish vazifasi turibdi”, — dedi AQSh Davlat departamenti rahbari Oq uyda jurnalistlar oldida chiqish qilib.
AFP agentligi eslatishicha, Rubioning o‘zi kubalik ildizlarga ega, ammo u orol davlatidagi kommunistik hukumatning keskin tanqidchisidir.
Kubaning Vashingtondagi diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Taneris Diyeges 17 mart kuni AFP agentligiga bergan intervyusida Kuba va AQShning “muhokama qilishi mumkin bo‘lgan masalalar bor”ligini aytdi, ammo hech bir davlat boshqasidan hukumatni o‘zgartirishni talab qilmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Bizning siyosiy tizimimizga taalluqli hech narsa, siyosiy modelimizdan hech narsa — konstitutsiyaviy modelimizdan hech narsa muzokaralar mavzusiga kirmaydi va hech qachon kirmaydi ham”, — dedi diplomat.
“Kuba har qanday muloqotni olib borish uchun faqat bir narsani so‘raydi: bizning suverenitetimiz va o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqimizga hurmat”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga oid
10:01
WSJ: Rossiya Ukrainadagi urush tajribasi asosida Eronga yordam bermoqda
22:13 / 17.03.2026
Eron milliy jamoasi JCh-2026 o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib bormoqda
20:02 / 17.03.2026
Eronning yangi oliy rahbari AQSh bilan muzokaralar taklifini rad etdi
17:30 / 17.03.2026