O‘zbekiston | 20:43 / 23.03.2026
2983
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Milliy dendrologiya bog‘i barpo etiladi

Prezident huzurida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda ta’kidlanishicha, 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish reja qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda “Yashil makon” doirasida botanika va dendrologiya bog‘lari konsepsiyasi yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, botanika bog‘lari mahalliy va xorijiy o‘simliklarni o‘rganish, saqlash, ko‘paytirish va namoyish etishga xizmat qilsa, dendrologiya bog‘lari daraxt va buta turlarini introduksiya qilish, akklimatizatsiya qilish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashgan hududlar hisoblanadi. Konsepsiyaga ko‘ra, botanika bog‘larida turli floristik ekspozitsiyalar, oranjyereya, ko‘chatxona, ko‘l, ichki yo‘laklar, besedka va gulxona kabi obektlar joylashtiriladi.

Hozirgi kunda mamlakatda 3 ta botanika bog‘i mavjud bo‘lsa, loyiha doirasida yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu jarayonda har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, mos daraxt va butalar tanlanadi.

2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish reja qilingan. Natijada 2030 yilgacha mamlakatda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20-25 foizga kamaytirish, iqlimi og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5-2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, poytaxtda Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etish konsepsiyasi ham taqdimot qilindi. Ushbu yirik yashil hududning umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etishi belgilangan. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta o‘simliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Bog‘ havo haroratini 2-4 darajaga pasaytirib, namlikni 10-15 foizga oshirishi mumkin.

Milliy dendrologiya bog‘i faqat ko‘kalamzor hudud emas, balki ilmiy, ma’rifiy va jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 ta iqlim mintaqasiga xos o‘simliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy daraxtzorlar, dorivor o‘simliklar bog‘i, oranjyereya, gulzorlar, dam olish maydonlari, piyodalar va velosiped yo‘laklari, avtoturargoh, tashrif buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.

Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i tashkil qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar, avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi kabi zamonaviy ekologik texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu yer Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi universiteti (“Green University”) uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekota’lim markaziga aylanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid