O‘zbekiston | 18:36 / 27.07.2023
10179
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilandi

26 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab 250,7 mln kVt⋅soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lib, bu bilan ikki hafta oldin o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkich yana yangilandi. Energetika vazirligi aholidan katta avariyalarning oldini olish uchun qilinayotgan qisqa muddatli uzilishlarni to‘g‘ri tushunishni va qat’iy tejamkorlikka amal qilishni so‘radi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 2022 yilning yoz hamda 2023 yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, 2023 yil 26 iyulida respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etgan. 2022 yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, kechagi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq bo‘lgan.

Bundan oldin 2023 yil 12 iyul kuni respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt⋅soatni tashkil etib, rekord ko‘rsatkich yangilangan edi.

Shu bilan birga, 26 iyul kuni elektr energiyasi iste’molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qilgan. Bu 2022 yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz)ga ko‘pdir.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27 iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 mln kVt⋅soatni, kunduzgi iste’mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.

Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu – 2022 yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt⋅soat (9,6 foiz) ko‘pdir, deyiladi xabarda.

Vazirlikning qayd etishicha, anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab bo‘lishi mumkin.

“Iste’molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanligini to‘g‘ri tushunishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raymiz.

Qat’iy tejamkorlikka amal qilib, zarurat bo‘lmagan hollarda elektr asboblaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning ko‘plab sodir bo‘lishining oldini olishga katta hissa qo‘shamiz”, – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni bir vaqtning o‘zida Toshkentning 7 ta tumanidagi qator hududlarda elektr energiyasi uzilib qolgan edi. Bugun, 27 iyul kuni ta’mirlash ishlari munosabati bilan poytaxtning Olmazor (13 soatgacha), Sergeli (8 soatgacha) va Yakkasaroy (3 soatgacha) tumanlaridagi ayrim ko‘chalarda elektr uzilishlari bo‘lishi xabar qilingan.

Mavzuga oid