«Xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak» – Shavkat Mirziyoyev
1 avgustdan keyin ham muhokamalar davom ettirilgach, yana 2,5 mingta taklif kelib tushgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga shoshilmaslik kerakligi, shuningdek «Tashabbusli budjet» loyihasi haqida gapirdi.
«Adolatli jamiyat bo‘yicha mana konstitutsiyamizga o‘zgartirishlarga, referendumga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mana bitta misol: 1 avgustgacha konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha aholimizdan 150 mingta taklif kelib tushdi. Tasavvur qilyapsizlarmi?! Odamlarimiz ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat bu.
Muallimlar, olimlar, tadbirkorlar, faxriylar, nuroniylar va hokazo, hamma o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha taklif bergan, mamlakatda kim rahbariyat bo‘lishidan qat’i nazar konstitutsiya va qonunlar meni himoya qilsin deyapti. Shuning uchun 1 avgustdan keyin ham muhokamalar davom etdi va yana ikki yarim mingta taklif kelib tushdi.
Hozir takliflar ustida komissiya ishlayapti. Endi ham bo‘lsa mukammal, xalqchil, odamlarning dardiga kafolat bo‘la oladigan konstitutsiyani yaratish uchun, mening taklifim shuki, shoshilmaslik kerak», degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari sirdaryolik faollar qarshisidagi chiqishi davomida «Tashabbusli budjet» loyihasi haqidagi fikrlari bilan ham bo‘lishgan, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqida taklif yuborgan jamoatchilik vakillarining har biriga asoslantirilgan javob yuborilishini ma’lum qilgan.
«Ochiq budjet bo‘yicha odamlarimiz o‘rganib oldimi? Adolat bo‘lsa, jamiyatda o‘zgarish bo‘lyapti, to‘g‘rimi? Bu jarayonga hech kim aralashmayapti-ku. Tasavvur qilinglar, har bir bergan pulimizni ochiq budjet bo‘lib odamlarning o‘zi tasdiqlasa qanday yaxshi bo‘lardi. O‘n karra ko‘p adolat bo‘lardi, o‘n besh karra pul qisqarardi.
Odamlarimiz bu mening konstitutsiyam deb qabul qilishi uchun kerak bo‘lsa yana bir marta xalq bilan maslahatlashamiz. Nimaga desangiz 150 mingta taklif yuborgan odamlarga bu taklif o‘rinli yoki o‘rinsiz, buni qabul qilamiz, bunisini esa qabul qilmaymiz, nimaga qabul qilamiz va nima uchun qabul qilmaymiz deb javob berish kerak. Shunday zamon kelibdi, mening fikrimni ham eshitishibdi degan fikr bo‘ladi. Shu bois shoshilmaslik to‘g‘ri bo‘ladi», deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024