Jamiyat | 11:13 / 12.02.2022
16913
10 daqiqa o‘qiladi

E’tibordan chetdagi manzil: Dang‘aradagi Orol qishlog‘ining adoqsiz muammolari

Tahririyatimizga Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Orol qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaat qilib, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar haqida bayon qilishdi.

Kun.uz muxbiri qishloqqa borib holatni o‘rganganda haqiqatan ham bu manzilda adog‘i yo‘q muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Aholi hali-hanuz turmush tarzi ijobiy tomonga o‘zgarishini orzu qilib yashayotganiga amin bo‘ldik.

Dang‘ara tumani tarkibiga kiruvchi Orol qishlog‘i Farg‘ona va Namangan viloyatining o‘rtasida joylashgan ekan.

Qishloqqa kiraverishda idishlarga suv tashiyotgan yoshlar ko‘zga tashlandi. Bizni qishloqning sodda odamlari qarshi olib, rejada bor-u, biroq yillar davomida «qog‘oz»da qolib ketayotgan bunyodkorlik ishlari haqida kuyunib so‘zlab berishdi.

Mahalla faollaridan biri Nazirali Rustamov rahbarlar qishloqdagi mavjud muammolarni o‘rganish uchun ko‘p bora kelishgani, biroq hech qachon natija bo‘lmagani haqida gapirib berdi.

Nazirali Rustamov

«Bu qishloqni o‘zlashtirish uchun boshida 6 ta xo‘jalik ko‘chib kelgan edik. O‘shandan buyon qo‘shni qishloqdan suv tashib ichamiz. To‘g‘ri, qishloq kolxoz davrida ichimlik suvi bilan ta’minlangan. O‘sha vaqtda texnika yordamida suv tashib olib kelib turishgan. Keyin esa o‘zimiz suv tashib olib keladigan bo‘ldik. Oilada kimning qo‘li bo‘sh bo‘lsa suv tashishga tushishadi. Muammolarimizni aytib, ko‘p joylarga chiqdik. Tuman rahbarlariga chiqqanmiz, televideniyedan kelishib muammolarimizni o‘rganib ketishgan. Muammolarni ko‘tarib, televizorda ham chiqish qilganmiz. Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Va’dani berishadi-da, natija yo‘q.

Yo‘llarimiz ham juda yomon. «Svet» uzilishlari ko‘p bo‘ladi. Stolbalarimiz chatoq. Teraklardan qo‘lbola stolba yasab, ko‘pchilik o‘rtada hashar yo‘li bilan qilingan.

Qishloqqa 1971 yilda ko‘chib kelganman. Hozirda aholi ko‘payib, 60 ta xo‘jalikka borib qoldi. Bu muammolar bir yoqda tursin gazni gapirmasa ham bo‘laveradi.

Shu yilning o‘zida muammolarni o‘rganish uchun 2-3 marta mutasaddilar kelib ketishdi. Holatni ko‘rishgan. Kolxoz tugatilgandan keyin ta’minotlar yo‘qoldi. Hech kim bizga e’tibor bermay qo‘ydi.

Hokimlar yoz faslida qishlog‘imizga kunora kelishadi. Chunki bu yerda dehqonchilik yaxshi bo‘ladi-da... Lekin ta’minotga kelganda yo‘qolib qolishadi...», —  deydi Nazirali Rustamov.

Sanobar Yormatova bu qishloqqa 1990 yilda ko‘chib kelgan. 32 yildirki 5 km naridagi qo‘shni Namangan viloyatidan suv tashib ichamiz, deydi u.

Sanobar Yormatova

«Uyda farzandlarim bo‘lsa, ular suv tashib olib kelishadi. Ular yo‘qligida o‘zim tashiyman. Yo‘llar ham abgor holatda. Yomg‘ir yog‘sa ko‘chaga chiqolmay qolamiz. Loygarchilikdan suv tashishga qiynalamiz. Mahallaning bir joyida suv chiqadi. Lekin u ichishga yaroqsiz, sho‘r suv.

Qishloqda bolalar bog‘chasi yo‘q. Xo‘jaqishloqda joylashgan bog‘chaga bolalarni berib turgandik. Lekin 10 kilometr uzoqda joylashgan bog‘chaga qatnash muammo tug‘diryapti. Qaynonasi borlar dalaga chiqib ishlaydi. Qaynonasi yo‘qlar esa bola bilan uyda o‘tirishga majbur. Kelinlarimizga ish yo‘q.

Gazni-ku qo‘ying, ballonli gaz kelib turibdi. Qaniydi, qishlog‘imizga tabiiy gaz kelib qolsa...», —  deydi Sanobar Yormatova.

Mahalla faollaridan biri Muhabbatxon O‘rinboyeva qishloqda bog‘cha yo‘qligi sabab bolalar 10 kilometr olisdagi qo‘shni qishloq bog‘chasiga borishga majburligi, nevaralari Namangan viloyatiga qarashli maktabga qatnashlarini ta’kidladi.

Muhabbatxon O‘rinboyeva

«Ko‘chalarimiz yaxshi emas. Ichimlik suvi yo‘q. Bog‘cha yo‘q. Qishlog‘imizga maktablar yetishmaydi. Yoshlarga sport sog‘lomlashtirish maskani yo‘q. Stolbalarda ham chiroqlar kuygan. Montyorlar esa xabar olmaydi. Yosh bolalarimizga bog‘chalar juda zarur.

Bolalarni Xo‘jaqishloqdagi bog‘chaga berayotgandik. Qishda transport muammo bo‘lib bolalar uyda o‘tirishibdi. Nevaralarim qishi bilan uyda endi. Bolalar Namangan viloyatiga qarashli maktabga qatnashadi. Quduq qishlog‘idagi maktabda sharoiti yaxshi bo‘lmagani uchun bolalar majburlikdan Popdagi maktabga borishadi», —  deydi u.

Shu qishloqqa 40 yil avval kelin bo‘lib tushgan Sohibaxon Sultonova ko‘chalarning holatidan arz qildi.

Sohibaxon Sultonova

«Qishloqda holat hech qachon o‘zgarmagan. Yog‘ingarchilikda ko‘chalarda yurib bo‘lmaydi. Mahalla ahli hashar yo‘li bilan shag‘allar to‘kishdi. Lekin to‘shalgan shag‘allarni loygarchilikda yer «yutdi». Ichimlik suvini olisdan tashiymiz. Bolalarni uzoq masofaga yasliga beramiz. Qishlog‘imiz chekka hududda joylashgani uchun umuman sharoit yo‘q. Rahbarlar yashash uchun sharoit qilib berishmaydi. Mahalla «Obod qishloq» dasturiga kirgan deyiladi. Lekin holatni ko‘rib turibsiz. Eng asosiysi, bizga ichimlik suvi kerak. Mahallada stolbalar holati ham yaxshi emas. Tungi yoritish chiroqlari ham qo‘yilmagan», —  deydi u.

Abduqodir Abdullayev ko‘chaga 2-3 martadan shag‘al to‘kilganiga qaramasdan, tuproq sho‘rligi uchun shag‘allar yo‘qolib ketayotgani, bu hol ayniqsa ayollarga qiyinchilik tug‘dirayotganini ta’kidladi. Qishloqqa bog‘cha, maktab, tibbiyot punkti zarurligini aytdi.

Abduqodir Abdullayev

«Qishlog‘imizga chiroyli bog‘cha, sport klubi, hech bo‘lmasa 5-sinfgacha o‘qiydigan maktab qurib berishsa, qishloq ahli xursand bo‘lar edi.

Medpunkt ochib qo‘yishsa, tibbiyot sohasini bitirgan hamshiralarimiz bor. Ular ishli bo‘ladi. Qishloq vrachlik punkti yo‘qligi eng achinarli muammolardan biri. Aholi tibbiy xizmat olish uchun 8 kilometr yo‘l bosib, kolxozga borib keladi. Odamzod boshida har qanday holat bo‘lishi mumkin. Chekka hudud bo‘lgani uchun tez tibbiy yordam mashinasi kelishi ham juda qiyin», —  deydi u.

Qishloq ahlining so‘zlariga ko‘ra, Dang‘ara tumaniga Saidmurod Aminjonov hokimlik qilgan davrda bog‘cha qurish uchun joy ajratilib, bino poydevori uchun shag‘al to‘shalgan, Madaniyat uyi ham qad rostlab, uning orqa tomoniga yozgi «amfiteatr» ham qurilgan ekan.

Bog‘cha qurilishi uchun ajratilgan joy
Madaniyat uyi

Biroq hokim bo‘shab boshqa lavozimga o‘tganidan keyin bog‘cha qurilishi ham qolib ketgan. «Amfiteatr» yaroqsiz ahvolga kelib bo‘lgan. Qurib qo‘yilgan Madaniyat uyi bunyod etilgandan beri eshiklari ochilmagan.

Valijon Imomnazarov

«Bu bino Madaniyat markazi qilish maqsadida Aminjonov Saidmurod hokimligi davrida qurilgan. Bino qurilganiga 2 yil bo‘ldi. O‘shandan beri shunday turibdi. Binoda hech qanday tadbir o‘tkazilmagan. Mini teatr qilish uchun binoning orqa tomoniga qurilish qilingan. Lekin zinalar orqa tomoni qulab, bir ahvolda bo‘lib yotibdi.

Bino qurilgach ochilish marosimi bo‘ldi. Lekin ishlar o‘lda-jo‘lda bajarilib qolib ketdi.

Qishloqqa 1980 yilning oxiri 1981 yil boshida ko‘chib kelganman. Kelganimga 43 yil bo‘lyapti. Soyuz davrida ichimlik suvi bir kelgan. Bir-bir yarim yil suv kelib to‘xtaganicha mana o‘shandan beri suvni tashib ichamiz. Yerdan chiqayotgan suv ichishga yaroqsiz. Bu suvda ayollar kir yuvadi. Chorva mollari ichadi.

Mas’ul rahbarlar muammoni hal qilamiz, deb ketaveradi. Lekin hech narsa hal qilinmaydi. Mana bu yo‘llarga hashar yo‘li bilan o‘zimiz shag‘al to‘kkanmiz.

Aminjonov hokimligi davrida bu yerga bog‘cha quramiz deb poydevor uchun joy tanlangan edi. Lekin bu ish ham amalga oshmadi», —  deydi Valijon Imomnazarov.

Qishloq ahli bilan suhbatlashib, ularning mavjud muammolar bartaraf qilinishiga ishonmay qo‘yganliklariga amin bo‘ldik. Lekin shunda ham qishloq odamlari sharoitlar ijobiy tomonga o‘zgarishini kutib yashayapti. Suv, yo‘l ta’miri, elektr, gaz, bog‘cha, maktab, qishloq vrachlik punkti, madaniy hordiq chiqarish maskani —  bularning barchasi qishloq ahlining azaliy orzusi.

Rahbarlarning o‘z va’dasi ustidan qachon chiqishi so‘roq ostida. Lavha ortidan mutasaddilar bu safar qishloqqa e’tibor qaratadilarmi-yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi. Kun.uz esa holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid