O‘zbekiston | 15:26 / 07.02.2023
12690
5 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy ma’lumotnomalar to‘liq elektron shaklga o‘tadi

​​​​​​​2023 yil davomida tibbiy ma’lumotnomalarni elektron shaklga o‘tkazish hisobiga, 2024 yil 1 yanvardan ularni qog‘oz shaklda talab qilishni taqiqlash taklif etilmoqda. Shu yil 1 iyuldan e’tiboran Toshkentda davlat tibbiy sug‘urtasini joriy qilish boshlanadi. To‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini umummilliy harakatga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Foto: Avtostrada

2023 yilgi davlat dasturiga oid farmon loyihasida tibbiyot sohasiga oid bir nechta rejalar sanab o‘tilgan.

Unga ko‘ra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar berilishi bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi. Taxminiy muddatlar quyidagicha:

  • Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023 yil 1 iyuldan boshlab;
  • Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab;
  • respublikaning boshqa hududlarida – 2024 yil 1 yanvardan boshlab.

2024 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladi.

Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan eksperiment natijalarini inobatga olgan holda, bu tizim bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etiladi. Bunda, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish yaxshilanishi hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshishi aytilmoqda.

2023 yil yakuniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lami 2 barobar oshirilib, 30 ming nafarga yetkazilishi nazarda tutilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2023 yil uchun quyidagi vazifalar yuklatilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;
  • 18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlardan o‘tkazish;
  • spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolani dori vositalari bilan ta’minlash;
  • eshitish zaifligi mavjud bo‘lgan 250 dan ortiq bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolalarda nutq protsessorlarini almashtirish.

Shuningdek, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Harakat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish;
  • bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablarni kuchaytirish;
  • ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish;
  • mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
  • yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish;
  • ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Qayd etilishicha, mamlakatda 10,7 mln aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’mol qilishi, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmasligi (kuniga 400 grammdan kam), 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi, 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizining esa, jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.

Mavzuga oid