O‘zbekiston | 11:29 / 27.09.2025
6825
3 daqiqa o‘qiladi

«694 nafar bola shifoxonada qolmoqda, ularning 421 nafariga bugun javob beriladi» – Nurmat Otabekov

Toshkent viloyatida 963 nafar bola o‘tkir gastroenterit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ulardan 269 nafariga davolanishdan keyin uyiga javob berilgan. Bugun yana 421 bola sog‘aygani uchun shifoxonani tark etadi. 13 bola o‘rtacha og‘ir ahvolda qolyapti.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyatining qator maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar zaharlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov axborot berdi.

Qator bog‘chalarda bolalar orasida oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Ularning sog‘ligi murojaatlar kelib tushgan ilk soatlardanoq Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi.

Ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berildi. Mana shu o‘tgan davr mobaynida yana 269 nafar bolaga davolanishdan so‘ng uylariga javob berildi.

Hozirgi kunda Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 nafar bola davolanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ulardan 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda deb baholanmoqda. Bugun, 2023 yilning 27 sentabr kuni yana 421 nafar bolaga ahvoli yaxshilangani sababli uyga javob berish rejalashtirilgan.

Bemor bolalarga malakali, yuqori darajadagi maslahat, tibbiy yordamlarni ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi 17 ta ixtisoslashtirilgan muassasadan, tibbiyot markazlaridan 100 dan ortiq olim, mutaxassis, professor jalb etilgan. Ularning sa’y-harakatlari bilan davolash jarayonlari zamonaviy standartlarga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda.

Vazirlikda tashkil etilgan shtab xulosasiga ko‘ra, bemor bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik og‘ir yoki hayot uchun xavfli toifaga kirmaydi va asoratsiz o‘tib ketadi.

Hozirda Toshkent viloyatining yettita shifoxonasida bolalarni davolash ishlari amalga oshirilmoqda. Dinamikada ijobiy natijalar kuzatilmoqda va bolalar tez sog‘aymoqda. Yaqin kunlarda barcha bolalar sog‘ayib, uylariga qaytadi.

Vazirlik qoshida tashkil etilgan maxsus shtab har uch soatda videokonferensaloqa tizimi orqali Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida amalga oshirilayotgan davolash-profilaktika tadbirlarini muhokama qilib bormoqda. Lozim bo‘lgan joylarda maslahat va ko‘rsatmalar berib turilibdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Olingan namunalarning laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi.

Hozirgi paytda shifoxonalarda dori vositalarining yetarli miqdordagi zaxirasi yaratilgan. Tabiiyki, mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan huquqiy baho ham beriladi. Eng asosiysi, barcha bolalarning sog‘ligi davlat nazoratida va vaziyat barqarorlashmoqda, deyiladi axborotda.

Mavzuga oid