Jamiyat | 20:39 / 02.07.2025
16054
2 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jaobodda qotillik qurboni bo‘lgan profilaktika inspektori so‘nggi manzilga davlat madhiyasi sadolari ostida kuzatildi

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida pichoqlab o‘ldirilgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevning janozasida IIB xodimlari saf tortdi va harbiy orkestr tomonidan davlat madhiyasi chalindi. Marosimda osmonga qarata o‘q ham uzilgan.

Foto: Videodan kadr

Xo‘jaobod tumanida qotillik qurboni bo‘lgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyev so‘nggi manzilga kuzatildi. Kun.uz’ga janoza marosimidan olingan videolavha kelib tushdi.

Videolavhada ko‘rinishicha, profilaktika inspektorining janozasida harbiy orkestr tomonidan davlat madhiyasi ijro etilgan. Shuningdek, marosimda IIB xodimlari saf tortib, marhumga hurmat sifatida quroldan osmonga qarata bir necha bor o‘q uzishgan.

Eslatib o‘tamiz, Xo‘jaobod tumanida oila a’zolariga pichoq bilan tahdid qilayotgan 65 yoshli erkak chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevni pichoq bilan jarohatlagan. IIB xodimi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan. Qotil qidirilmoqda. IIV uning qayerdaligi haqida ma’lumotga ega fuqarolardan zudlik bilan xabar berishni so‘radi.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning bildirishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda yashiringan gumonlanuvchini qidirib topish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid