O‘zbekiston | 19:59 / 28.11.2023
29637
14 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlari xodimlari tasvirlarini «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatganlar 15 sutkaga qamalishi mumkin

Qonunchilik palatasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Hujjatda huquq-tartibot idoralari xodimlarining tasvirlarini «obro‘sizlantirish maqsadida» internetda e’lon qilish uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham bor. Muhokamalar vaqtida faqat bir deputat bunga qat’iy qarshilik ko‘rsatdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini «obro‘sizlantirish maqsadida» ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilindi. 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida konseptual jihatdan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195−2-moddani kiritishni taklif qilgan, unga ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Deputat Doniyor G‘aniyev birinchi o‘qish jarayonida bu huquq-tartibot idoralaridagi ayrim xodimlar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzishini rag‘batlantirishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

Doniyor G‘aniyev

«Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin. Bu xodimlarning ruhiy holatini yaxshilashga olib kelishi mumkin deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, bu aks natija beradi. Biz huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, ichki ishlar xodimlari fuqarolarning haqiqiy tayanchi, do‘sti va himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini istaymiz», – dedi u.

Uning fikricha, agar shunday me’yor qabul qilinsa, «fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan hurmatini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi».

Doniyor G‘aniyev qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida hamkasblaridan ushbu modda yuzasidan ham fikr bildirishni so‘radi.

Deputatlardan yana biri Umidjon Jabborov ham taklifga e’tirozlarini bildirdi.

Umidjon Jabborov

«Qonunning konseptual muhokamasida ham bu moddaga mutlaqo qarshi edim. Kecha ham muhokamalar o‘tdi. Bugun ham modda ustida yana o‘ylab ko‘rdim. Lekin bitta savol bor, huquqni muhofaza qiluvchi organlar deyilganda besh-oltita strukruta borligini bilamiz.

Qonunning nomiga e’tibor beradigan bo‘lsak, yo‘l harakati tizimini takomillashtirish haqida gap ketyapti. Mantiqan, moddaning yo‘nalishi buni qamrab olmayapti. Moddaning ichida yo‘l harakati degan iboraning o‘zi yo‘q. 

Mayli, biz huquqni muhofaza qilish organlari ichida yo‘l harakatini tartibga soluvchi qism borligini inobatga olamiz. Ammo savol tug‘iladiki, talqinda boshqacha tushuncha bor: «xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida».

Bu maqsadni qanday belgilash mumkin? Tasvirga olayotgan shaxs sudda ham «men yaxshi maqsadda olayotgan edim», deyishi mumkin.

Ikkinchidan, umuman olganda, prezidentimizning farmoni bor, jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlangan. Unda ham xuddi shu masala qo‘yilgan, lekin unda «haqoratlash» degan masala yo‘q, «obro‘sizlantirish» turibdi. Shundan kelib chiqib,  «haqorat qilish» qismini chiqarib tashlashni taklif qilaman», – degan deputat.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov bu eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘lgan modda ekanini ta’kidlagan.

«Shu modda kecha fraksiyalarda ko‘tarilgan. Kechasi bilan ishladik. Ertalab ham. Juda jiddiy qaraldi. Qo‘mitaning taklifini ko‘raylik, keyin yana bir muhokama qilamiz», – degan u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov tashabbuskor sifatida fikrlarini bildirdi.

Jahongir Shirinov

«Deputat Jabborovning taklifida jon bor. Haqiqatan ham ushbu modda bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bo‘ldi fraksiyalarda. Qo‘mitamizga kelib ham e’tirozlar bildirishdi. Haqiqatan, ayrim deputatlarimiz aytganidek, ochiqlik siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan bunday tahrirdagi normani kiritishimiz to‘g‘ri kelmasdi.

Avvalambor, loyihada «obro‘sizlantirish maqsadi» haqida deyilyapti, lekin bu bilan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan. Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi tasvirini shunchaki internetga joylashtirish taqiqlanmagan qonunlarda. 

Shuning uchun huquqbuzarlik harakatini aniq ko‘rsatish kerak. Buning uchun esa «obro‘sizlantirish» degan so‘zning tagida aynan qanday harakat yotganini aniqlashtirishimiz kerak.

Masalan, JK 192−moddasiga e’tibor qaratsak, «Raqobatchini obro‘sizlantirish» deganda «yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar» ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, loyihada «haqorat qilish» ham nazarda tutilyapti. Vaholangki, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida haqorat qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. 

Shuning uchun, 195−2-moddan haqorat haqidagi qismini chiqarib tashlagan holda yangi tahrirda bayon etsak: «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni, ularni obro‘sizlantirish maqsadida, ya’ni yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni internet axborot tarmog‘iga joylashtirish».

Mana shu harakatlar bo‘lsa obro‘sizlantirish bo‘ladi», – degan u.

Shundan so‘ng spiker ushbu moddani kiritish zarurati haqida to‘xtalgan.

Nuriddin Ismoilov

«Har qanday odam tasvirga olishi mumkin. Haydovchi bo‘ladimi, boshqa uchinchi shaxsmi. Ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi bilan oddiy fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda. Olaversin. Kerak bo‘lsa o‘zida saqlab qo‘ysin.

Mashinalarda videoregistratorlar bor. Olaversin, unda qolsin. Kerak bo‘lsa, sudda yoki boshqa joyda o‘z haqligini isbotlash uchun foydalansin, kerak bo‘ladigan bo‘lsa qayerga qo‘ysa, qo‘yaversin.

Lekin bundan g‘araz maqsadda deymizmi, idorani obro‘sizlantiradigan holatda, yoki yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni qo‘ymasin. Hozir fotoshop kuchayib ketgan, rangini o‘zgartirib qo‘yadi, formasini o‘zgartirib qo‘yishi mumkin, kiyimini o‘zgartirib qo‘yishi, soqol qo‘yib qo‘yishi mumkin, gaplar qo‘shib qo‘yishi mumkin, gapirmagan gaplarini... sun’iy intellektga o‘xshagan narsalar chiqyapti, ovozini o‘xshatishi mumkin. Shu to‘g‘risida gap ketyapti.

To‘g‘risini aytganda, buni yana alohida tadqiq qilish kerak. Lekin bularning aytayotgani ham to‘g‘ri, agar obro‘sizlantirish uchun bundan foydalanadigan bo‘lsa, albatta javobgarlik bo‘lishi kerak», – degan u.

Deputat Doniyor G‘aniyev yana bir bor ushbu moddaga qat’iyan qarshiligini bildirdi va bu alohida kasb egalari uchun imtiyoz hisoblanishini ta’kidladi.

«Hozir «haqorat qilish» boshqa moddada borligi uchun chiqarilib, tahrir qilinishi aytildi. Ammo baribir savol qolyapti, «yolg‘on axborot orqali obro‘sizlantirish» uchun ham alohida modda bor-da, 202−2-moddamiz bor. Undayam shaxsning qadr-qimmatini yolg‘on axborot tarqatish orqali obro‘sizlantirishga javobgarlik bor.

Hozir biz bitta moddani bitta ma’lum kasb egalariga ochadigan bo‘lsak, bu pretsedent yaratadi. Ertaga biz har bitta kasb egasiga ochib chiqamizmi? Shifokorni obro‘sizlantirgani uchun, pedagogni obro‘sizlantirgani uchun...

Bu yerda umumiy modda turibdi-ku, yolg‘on axborot orqali obro‘sizlantiryaptimi, javobgarlik bor. U huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi bo‘ladimi, doktor bo‘ladimi, davlat xizmatchisi bo‘ladimi, umuman davlat xizmatiga aloqasi yo‘q odam bo‘ladimi, o‘zi mavjud norma bilan bemalol javobgarlikka torsa bo‘ladi. Bu bir.

Ikkinchisi, berilayotgan sanksiya ham juda og‘ir bo‘lyapti. Ko‘chadagi istalgan shaxsni, xoh davlat xizmatchisi bo‘lsin, xoh davlat xizmatchisi bo‘lmasin, uni OAV orqali obro‘sizlantirsangiz, 50 baravar jarima to‘laysiz, agar u huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi bo‘lsa, 15 sutkaga qamalishingiz ham mumkin.

Qiziq tomoni, hattoki tuhmat qilsangiz ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortilsangiz ham, qamoq emas, faqat jarima. Lekin huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini obro‘sizlantirish maqsadidagi video tarqab ketsa 15 sutka, tuhmat qilgandan ham ko‘ra og‘irroq jazo bo‘lib qolyapti», – degan deputat.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati

Muhokamalar yakunida Nuriddin Ismoilov tasvirga olishga taqiq yo‘qligi, ammo buzib ko‘rsatish orqali tarqatiladigan bo‘lsa, javobgarlik bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bundan yaxshiroq yechim bo‘lmasligini bildirdi.

Yakunda qonun uchinchi o‘qishda ham qabul qilinib, senatga yuborilgan.

Ilk reaksiyalar

Muhokamalardan so‘ng ijtimoiy tarmoq faollari ham keskin e’tirozlarini bildira boshladi. Xususan, davletovuz telegram-kanali muallifi buni «ochiqlikka tarsaki» deb baholagan.

«Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati muhim qonunning ichida — o‘zlari uchun kerakli normani ham tiqib ketishgan. Ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida fuqarolar tomonidan foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatilishi ma’muriy, hatto 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘lishi haqidagi norma kiritilgan.

Deputatlar haqorat qismini chiqarib tashlashdi, lekin obro‘sizlantirishni qoldirishdi. Ochiqlikka, mamlakatdagi trendga qarshi qaratilgan norma.

Lekin ko‘rinib turibdiki, Ichki ishlar organlari o‘zlarini himoyalab olishmoqda. Himoyalaganda ham qattiroq jazo so‘rashmoqda. Bu norma chiqarilishi kerak. Shundoq ham noto‘g‘ri axborot tarqatganni, darhol topib, uzr so‘rattirib, jazolashmoqda», – deydi u.

Bakiroo telegram-kanali muallifi esa buni «O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam» deb hisoblaydi.

«Obro‘sizlantirish va haqorat uchun qonunchilikda jazo bor. Normal huquqiy davlatda bu qoidalar barcha uchun amal qiladi.

Agar politsiya yo ichki ishlar xodimlari uchun uchun alohida qoidalarni belgilash boshlansa, kuch, ma’muriy resurslar va mablag‘lar noteng taqsimlangani, ayniqsa mustaqil sudning yo‘qligi sharoitida fuqarolarni repressiv apparatga «garovga topshirib» qo‘ygan bo‘lamiz.

Politsiya davlatiga aylangan davlatda politsiya repressiyalardan holi bo‘ladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangizlar, qattiq adashasizlar», – degan u.

Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘z telegram-kanalida e’tirozlarini bildirdi va buni «og‘riga quloqni davolash emas, kesishni istash»ga o‘xshatdi.

«Bu shu deganiki, ertaga birorta nopok, o‘z ishiga noloyiq va qonunbuzar ichki ishlar xodimining videosi yoki suratini internetga joylasangiz, sizga jamoatchilik nazoratidagi faolligingiz, tizimni tozalashdagi yordamingiz uchun rahmat aytishmaydi, balki aksincha 15 sutkagacha tiqib qo‘yishadi.

Aslida bunaqa alohida moddaga ehtiyoj bormi?

Yo‘q! Ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘q va bu ertaga faqat zarar keltiradi.

Hozirgi qonunlarimizda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik qilganlarga jazo bormi? Bor!

Ichki ishlar xodimini haqorat qilgani uchun (xoh hayotda, xoh internetda) jazo bormi? Bor!

Ichki ishlar xodimiga tuhmat qilib, uni obro‘sizlantirgani uchun jazo bormi? Bor!

Bo‘ldi-da, unda yana nima kerak sizlarga?

O‘zi amaliyotda eng ko‘p soxta ayblov qo‘yiladigan moddalardan biri — ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik qilish, degan modda edi, kimnidir 15 sutkaga qamash kerak bo‘lsa, odatda mana shu «dejurniy» ayblovdan foydalanishardi. Endi yana bitta «dejurniy» modda qo‘shilyapti, ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirmoqchi bo‘ldi, deb qamashlar ko‘payadi. Chunki nima obro‘sizlantirish-u, nima obro‘sizlantirish emasligi haqida aniq chegara yo‘q», – deyiladi postda.

 

«Bu juda yomon fikr. Birinchidan, u hokimiyatni tanqid qilgani uchun cheksiz muddatga manipulyatsiya qilinishi va qamoqqa olinishi mumkin. Ammo biz yuzlab holatlarni eslashimiz mumkinki, xodimlar haqiqatda qonunni buzgan va fotosuratlar va videolarni nashr etish huquqlarni himoya qilishning yagona imkoniyati edi», — deb yozdi jurnalist Nikita Makarenko.

Mavzuga oid