Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hayotga qaytayotgan qadimiy meros: O‘zbekistonda hunarmandchilik rivojlanyaptimi?
Ma'lumki yurtimizda hunarmandchilik qadimdan taraqqiy topgan, turli bejirim buyumlar yaratish, kundalik hayotda asqatadigan jihozlar tayyorlash, shu orqali o‘z mehnati bilan odamlarga naf keltirish qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) yo‘nalishlari 25tadan 34taga yetdi. Hozirda ular ichki va tashqi bozor uchun mahsulotlar ishlab chiqarishmoqda. Bu mahsulotlar o‘zining sifati, badiiy jihatdan yuksakligi, tabiiyligi va milliy o‘zligimiz, tarixiy an'analarimizni o‘zida uyg‘unlashtirgani bilan ham ahamiyatlidir.
Jahon bilan hamnafas




Hozirgi kunda hunarmandchilik mahsulotlarini chetga eksport qilish va hunarmandlar faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yilda dunyoning 20dan ortiq davlatida (Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Italiya, Angliya, Koreya, Malayziya, Ozarboyjon, Latviya, Finlyandiya, Hindiston, Fransiya, Gretsiya, Turkmaniston, Eron, AQSh, Ukraina, Turkiya, Xitoy, Ispaniya) 113ta ko‘rgazma va yarmarka o‘tishi rejalashtirilgan.
PF-3393 - sonli Qarorning 5-bandida O‘z.SSP, “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilik mahsulotlarini uzoqdagi tuman (shahar)lardan sotib olish va kelgusida yirik shaharlarda sotish hamda eksport qilish uchun “Hunarmand” uyushmasi huzurida savdo-xarid korxonalari tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
Uyushma ta'sischiligida “Sraft and art” MChJ tashkil etilgan bo‘lib, mazkur korxona kelgusida Respublikaning turistik obektlari, diqqatga sazovor joylari, hududlardagi hunarmandchilik markazlarida hamda bir qator bozorlarda “Art salon”lar ya'ni amaliy va tasviriy san'at asarlarining savdo xarid ishlari bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar tashkil qilishni rejalashtirgan. Bundan tashqari korxona chet el vakolatxonalari, galereyalar va turistik firmalar bilan hamkorlikda ish olib borish, chet ellarda o‘z filiallarini ochish huquqiga xam egadir.




Yangi nizom
Shuningdek, bir qator tashkilot va vazirliklar bilan hamkorlikda “Xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, tanlov, yarmarkalarda namoyish etish uchun hunarmandchilik mahsulotlarini olib chiqishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ni ishlab chiqish belgilangan.



Nizomda qiymati 5000 AQSh dollarigacha bo‘lgan hunarmandchilik mahsulotlari “Hunarmand” uyushmasi Badiiy Kengashi xulosasi va Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasining tegishli sertifikati asosida hech qanday bojxona deklaratsiyalari va yuk xati rasmiylashtirmasdan olib chiqilishi belgilandi. Mahsulotlarning qiymatini aniqlash hamda ko‘rgazma haqida ma'lumotlar berish Badiiy Kengash zimmasiga yuklatildi hamda Kengash xulosasi yuk xati sifatida qabul qilindi. Endilikda xorijga chiqmoqchi bo‘lgan hunarmandlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Hunarmand” uyushmasiga murojaat qilib, Uyushmaning o‘zida Badiiy Kengash xulosasi va Badiiy ekspertiza sertifikatini rasmiylashtirib bojxona organiga taqdim etilishiga tayyor hujjatlar bilan boradi.
Uyushma faoliyatiga nazar
Bugungi kunda “Hunarmand” uyushmasining respublika hududlarida 13ta viloyat boshqarmasi va 92ta bo‘limlari mavjud bo‘lib, uyushma a'zolari soni 20 761 nafarni tashkil etadi. 3735 nafar hunarmandlarga imtiyozli kreditlar olib berishga ko‘maklashildi. 2017 yil dekabr holatiga uyushma a'zolari soni 10 247 nafar bo‘lib, 2018 yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida 10000dan ortiq hunarmandlar uyushmaga a'zo qilindi.



2017 yilda hududiy bo‘linmalarda 1326ta “Usta-shogird” maktablari tashkil etildi, unda 3846 nafar yoshlarga hunar o‘rgatildi. 2018 yilning birinchi choragida usta-shogird maktablari soni 2000taga ko‘paydi. Shogirdlar soni esa 7356 nafarni tashkil etdi.
Farg‘onada milliy matolar to‘qilishining yo‘lga qo‘yilishi (Rasuljon Mirzahmedov tashabbusi bilan), Oqdaryo tumanida yog‘och o‘ymakorligi maktabining shakllanishi va rivojlanishi, O‘zbekiston xalq ustasi xattot Salimjon Badalboyev tomonidan yosh yigit qizlarga xattotlik sir asrorlari bo‘yicha, o‘rda hunarmandlar markazida gilamchilik, kashtado‘zlik, kulolchilik sir-asrorlari bo‘yicha kasb hunar o‘rganib kelishmoqda.
Usta-shogirdlar qonun himoyasida
Bugungi kunda uyushma tomonidan usta-shogird maktablari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Usta hunarmand va shogird o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma ishlab chiqildi. Endilikda usta va shogird o‘rtasidagi munosabatlar qonuniy kuchga kiradi.
Uyushmaning barcha hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan xotin-qizlarning bandligini ta'minlashga ko‘maklashish maqsadida mehnatga layoqatli va hunar egallash istagini bildirgan xotin-qizlarning ro‘yxatini shakllantirish hamda doimiy yangilab borish ishlari olib borilmoqda.
Xattotchilik san'atiga e'tibor
Uyushma tashabbusi bilan joriy yilning 1–3 fevral kunlari poytaxtimizdagi “Yoshlar Ijod saroyi” binosida “Hikmatlar olami” deb nomlangan I Respublika xattotlik festivali o‘tkazildi.


Mazkur festival doirasida 100 nafarga yaqin xattotlar va hunarmandlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda “Eng mohir xattot”, “Yangi yozuv turini yaratgan eng mohir xattot”, Amaliy san'at asarlarida xattotlik namunalaridan foydalangan eng mohir hunarmand”, “Eng yosh xattot”, “Nasx xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Nasta'liq xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Suls xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Devoniy xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Xattotlik bo‘yicha eng mohir ustoz” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va ularga uyushmaning maxsus sertifikatlari va diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Hayotga qaytayotgan qadimiy meros
Marg‘ilonlik hunarmandlarimiz eng qadimgi matolarimizdan Banoras va adraslarni unutilib ketgan Kudin usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Buyuk sohibqiron Amir Temur davridagi sipohlarning tagiga to‘shalgan gilam Farg‘onalik hunarmandlar tomonidan qayta tiklandi. Bundan 100 yil ilgari ipakdan to‘qiladigan G‘ajari bo‘g‘jama Boysun hunarmandlari tomonidan qayta tiklandi.
Samarqand viloyati “Hunarmand” boshqarmasi a'zosi Xolmamat Ismatillayev tomonidan o‘rta asrlarda ishlatilgan bir tomonida pilik uchun cho‘zinchoq burunchasi bo‘lgan yog‘ chiroqlar ( Qora chiroqlar) va o‘sha davrda ishlatilgan siyohdonlar qayta yaratildi. Qadimiy uslubda ishlangan suv qaynatish uchun samovar nusxasi samarqandlik usta-misgar Mehriddin Xaitov tomonidan qayta tiklandi.



Usta-hunarmand Sharif Azimov II- III asrlarda yo‘qolib ketgan Kushon davlati davrida yaratilgan kulolchilik mahsulotlarini qayta tikladi. Bu mahsulotlarga oyog‘i uzun qadahlar, turli shakldagi va hajmdagi kosalar va ko‘zalar kiradi. Bu mahsulotlarning asl nusxalari Surxondaryo viloyati hududidagi Kushon va Afrosiyob xarobalarida olib borilgan qazilma ishlari vaqtida topilgan hamda Respublika muzeylarida saqlanmoqda. O‘rganish ishlarini olib borgan Sharif Azimov Kushon podsholigi davriga xos 40ga yaqin asarlar yaratdi va u bu kulolchilik asarlarini yaratish vaqtida ularga rang va bezak berish usullarini ham tikladi.
Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida 1925-1952 yillar davrida faoliyat yuritgan 1952 yildan boshlab unutilib ketgan chitgarlik hunari (Solijon ota Axmadaliyevlar oilasi asos solgan) qayta tiklandi, Xiva tumanidan gilam to‘quvchi hunarmand Madrim Matkarimov va bir guruh xivalik hunarmandlar tomonidan iste'dodli rassom Begzod qalamiga mansub bo‘lgan tasvir aks ettirilgan gilam qayta tiklandi. Ushbu dizayn XV asr miniatyurasidan olingan bo‘lib, she'riyat va tarixiy kitoblarning nusxalariga bezak berish uchun ishlatilgan, bizning dizaynlarimiz tomonidan bir qanchasi 500 yil ichida birinchi marta qayta jonlantirildi.
Sohibqiron Amir Temur davridagi badiiy asarlarga chizilgan miniatyura asarlari qayta tiklanib 30dan ortiq turdagi xalq amaliy san'ati asarlari poytaxtdagi Amir Temur muzeyiga sovg‘a qilindi.
Mavzuga oid
11:46 / 28.10.2025
Toshkentda naqqoshlik san’ati markazi ochildi
09:21 / 17.09.2025
Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi
14:10 / 01.09.2025
Germaniya O‘zbekistondan ishchilarni hunarmandchilik korxonalariga jalb qiladi
00:50 / 22.06.2025