O‘zbekiston | 11:53 / 22.10.2025
6738
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek yoshlari uchun katta sovg‘a: “Ming kitob” loyihasi dastlabki 27 ta kitobni taqdim etdi

Jahondagi eng mashhur ilmiy-ommabop kitoblardan 27 tasi “Yoshlar uchun ming kitob” (1000KITOB) loyihasi doirasida o‘zbek tiliga o‘girilib, kutubxonalarga tarqatildi. O‘zbek tili bayrami arafasida taqdim etilgan bu kitoblar to‘plami – prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ulkan ma’rifiy loyihaning dastlabki samarasi bo‘ldi.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Kitoblar taqdimoti 20 oktyabr kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tdi.

To‘plamdagi kitoblarning 19 tasi Oksford universitetining “O‘ta qisqa tanishtiruv” turkumiga kiradi va ularning shakli bir xil: odatdagi kitobdan biroz kichikroq. Kitoblarning aksariyatida asliyatdagi muqova dizayni deyarli o‘zgarmagan.

Chop etilgan kitoblar ro‘yxati:

1. “Ekologiya: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Jaburi Gazul)
2. “Globallashuv: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Manfred Steger)
3. “Intellekt: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Ayan Diri)
4. “Mafkura: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Maykl Friden)
5. “Miya: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Maykl O'shi)
6. “Tarix: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Jon Arnold)
7. “Urush va texnologiya: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Aleks Roland)
8. “Liberalizm: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Maykl Friden)
9. “Demokratiya: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Bernard Krik)
10. “Inson huquqlari: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Endryu Klepem)
11. “Bank: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Jon Uilson, Jon Goddard)
12. “Fandagi inqilob: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Lourens M. Prinsip)
13. “Falsafa: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Edvard Kreyg)
14. “Ta’lim: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Geri Tomas)
15. “Siyosat: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Kennet Minoug)
16. “Kapitalizm: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Jyeyms Fulcher)
17. “Sotsializm: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Maykl Nyuman)
18. “Populizm: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Kas Mudde, Kristobal Rovira Kaltvasser)
19. “Psixologiya: O‘ta qisqa tanishtiruv” (Freda Makmanus, Jillian Batler)
20. “Etika: asoslar” (Juliya Drayver)
21. “Korrupsiya: Har kim uchun zaruriy bilim” (Rey Fisman, Miriam A. Golden)
22. “Muhofazakorlik bo‘yicha qisqacha qo‘llanma” (Rassell Kerk)
23. “Iqlim o‘zgarishi: Har kim uchun zaruriy bilim” (Jozef Romm)
24. “Falsafa: asoslar” (Nayjyel Uorberton)
25. “Yer tarixi: Ilk 4,5 milliard yil, fazoviy zarradan ona sayyoragacha” (Robert Heyzen)
26. “Musulmon madaniy islohoti siyosati: Markaziy Osiyoda jadidchilik” (Adib Xolid)
27. “Institutlar, institutsional o‘zgarish va iqtisodiy samaradorlik” (Duglas Nort)

Yoshlar ishlari agentligi qoshida 2023 yil oxiridan boshlangan loyihada 50 nafar tarjimon, 45 nafar ekspert, 42 nafar muharrir, shuningdek, dizaynerlar va musahhihlar jamoasi ish olib bordi.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Kitoblarning har biri 3 ming nusxadan, davlat buyurtmasiga asosan chop etilgan bo‘lib, ular prezident qarorida belgilanganidek, respublika bo‘ylab axborot-kutubxona markazlari va davlat oliygohlarining kutubxonalariga beg‘araz tarqatildi. 303 ta kutubxona ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishish mumkin.

Sotib olishni xohlovchilar kitoblarning qayta nashrdan chiqishini kutishiga to‘g‘ri keladi. Kitoblarni tayyorlagan nashriyotlar qayta chop etishga buyurtma berib, keyingi nashrlarni bozorga chiqaradi.

Bundan tashqari, kitoblarning ayrimlari – huquq egasidan ruxsat olinganlari – Yoshlar ishlari agentligining Mutolaa platformasiga elektron shaklda joylashtiriladi.

Loyiha ofisi rahbari Eldor Asanovning so‘zlariga ko‘ra, keyingi navbatdagi 16 ta kitob ham chop etishga tayyor: bosmaxonalar o‘rtasida tender yakunlangan va ular tez orada bosmaga topshiriladi. Yana 7 ta kitobni chop etish uchun o‘tkazilgan tender yakuniy bosqichda turibdi.

Shu tariqa, jami 50 ta kitob bilan, “1000KITOB” loyihasining birinchi bosqichi yakunlanish arafasida.

Keyingi bosqich uchun ekspertlar kengashi 64 ta kitobni tanlab olgan bo‘lib, hozirgacha ulardan 42 tasining mualliflik huquqi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 20 dan ortiq kitob bo‘yicha shartnoma ham imzolanib, tarjima ishlari boshlangan.

Mavzuga oid