Jamiyat | 14:17 / 06.08.2025
3245
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi tashlandiq ko‘cha: Novzadagi qurilishda me’yorlarga amal qilinyaptimi?

Toshkentning Novza ko‘chasida anchadan beri turar joy majmuasi qurilishi davom etyapti. Shu kunlarda qurilish sabab piyodalar o‘tadigan trotuarlar to‘silgan, tuproq uyumi bilan to‘la. Maydondagi yashillik esa yo‘q qilingani aytilmoqda. Holatdan tuman hokimining ham xabari bor.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Chilonzor tumani Novza ko‘chasida “Runa International Trading INC” MJCh shaklidagi xorijiy korxonaning “Novza Residence” turar joy majmuasi barpo etilmoqda. Bo‘rijar kanali ro‘parasida qad rostlayotgan bino qurilishida me’yorlar buzilgan bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, maydon atrofi o‘rab olinganiga qaramay, piyodalar o‘tib-qaytadigan trotuar tuproq uyumlari, taxta va simlar bilan to‘sib tashlangan, shu sabab yurishga noqulay holatda.

23 iyul kuni kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash maqsadida ko‘chaning bir qismini qazib tashlashgandi. Jarayon yakunlangach, kovlangan joylar tuproq, shag‘al bilan yopilib, shu holicha tashlab qo‘yildi. Natijada mashinalar o‘tganida havoga chang ko‘tarilyapti.

Qolaversa, Kun.uz ixtiyorida qurilish maydonidagi yashillik yo‘q qilinganiga oid ma’lumotlar ham mavjud. Tahririyatga kelib tushgan tasvirlarda quruvchi kesilgan daraxtlarni kran orqali bir tomonga olib o‘tgani ko‘rinadi. Holat 18 iyulda bo‘lgan. Kun.uz muxbiri yanvar oyida suratga muhrlagan bir daraxt ham hozir joyida yo‘q. U kesib tashlanganmi yoki ko‘chirib o‘tqazilganmi, bu ma’lum emas.

Google xaritadan olingan tasvirlarda qurilish joyida yashillik ko‘p bo‘lganiga guvoh bo‘lish mumkin. Hozirga kelib shu yashillikdan qanchasi qoldi? Bu ham bizga qorong‘i.

Reportaj uchun materiallar yig‘ish chog‘ida qurilishda ish boshqaruvchi bir kun ichida yo‘llar tozalanib, piyodalar uchun ochilishini ma’lum qildi. Ammo daraxtlar borasida biror izoh bermadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni holatdan Chilonzor tumani hokimining ham xabari bor. Umid qilamizki, bu vaziyatga nafaqat hokimiyat, balki ekologiya boshqarmasidagilar ham befarq qolishmaydi. Biz esa vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 12 sentabr kuni ayni shu qurilish maydonida kotlovan sabab mahallaga kirib-chiqish yo‘lining bir qismi qulab tushgandi.

Shundan so‘ng Qurilish vazirligi bu qurilish tegishli tartibda xabardor qilinmasdan boshlab yuborilgani, Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qarori talablariga zid ekanini aytib chiqqan. Va qurilishni to‘xtatish yuzasidan ogohlantirish xati yuborilgani ma’lum bo‘lgan.

Mavzuga oid