O‘zbekiston | 21:46 / 21.08.2018
22392
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik tadbirkor Afrika tuyaqushlari parvarishini yo‘lga qo‘ydi

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanidagi “Yangiobod” mahallasida yashovchi Husan Haydarov mahalliy sharoitda Afrika tuyaqushlarini boqishni yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda 35 sotixli yerda 9 bosh tuyaqush parvarishlanmoqda.

–  Ancha yillardan buyon tuyaqush boqishga qiziqar edim. Ammo uni qayerdan olib kelishni bilmasdim. Tanishlarimdan Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida bizning iqlim sharoitimizga mos tuyaqush boqish yo‘lga qo‘yilganini eshitib, u yerga bordim, – deydi H.Haydarov. –  Mahalliy mutaxassislardan tuyaqush parvarishlashning o‘ziga xos tomonlari bo‘yicha yetarlicha ma'lumotga ega bo‘ldim. 2017 yilning yanvar oyida o‘z hisobimdan 21 million 600 ming so‘mga 9 ta tuyaqush xarid qildim. Joriy yilning sentabr oyidan makiyon tuyaqushlar tuxumga kiradi. Kelgusi yilning mart oyidan boshlab tuyaqush jo‘jalarini ochirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Ayni paytda mazkur inkubator uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, kelgusida tuyaqush go‘shti hamda tuxumlarini Rossiya va Ukraina davlatlariga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.

Husan Haydarovning ta'kidlashicha, tuyaqushning tuxumi va go‘shti turli xil xastaliklarni davolashda keng qo‘llanilar ekan. Shuningdek, uning patidan nafaqat ayollar uchun sharf va boshqa kiyim-kechaklar, balki tirnog‘idan brilliant va olmosni tozalashda ishlatiladigan kukun ham tayyorlanadi. Terisidan esa poyabzal, qo‘lqop hamda sumka tikilar ekan. 

G‘olib Abdusalomov.
Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.

Mavzuga oid