Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kubaga «hujum qilgan» bosqinchilar, Knessetda nutq so‘zlagan Modi, Braziliyadagi toshqinlar va Xitoyga kelgan kansler – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Kubaga «hujum qilgan» bosqinchilar o‘ldirildi
Kuba kuchlari AQShda ro‘yxatdan o‘tgan tezyurar qayiqda Kuba suvlariga suzib kirgan va sohil patrullariga qarata o‘t ochgan to‘rt kishini o‘ldirdi, yana olti nafarini yaraladi.
Kuba tomoniga ko‘ra, tezyurar qayiq Falkones-Key kanali yaqiniga bir dengiz mili masofagacha kelgach, unga Kuba chegara patruli bo‘linmasining besh nafar a’zosi yaqinlashgan. Shundan so‘ng qayiqdan o‘t ochilgan va Kuba kemasi qo‘mondoni yaralangan.
Kuba Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, guruh hukumatga qarshi bo‘lgan kubaliklardan tashkil topgan bo‘lib, ularning ayrimlari ilgari hujumlarni rejalashtirganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan. Ular AQShdan kamuflyaj kiyimida hamda hujum miltiqlari, to‘pponchalar, qo‘lbola portlovchi moddalar, ballistik jiletlar va teleskopik nishonlar bilan qurollangan holda kelishgan.
Bayonotda aytilishicha, ushbu fitna bilan bog‘liq Kuba hududi ichkarisida ham yana bir gumonlanuvchi qo‘lga olingan. «Qo‘lga olinganlarning dastlabki ko‘rsatmalariga ko‘ra, ular terrorchilik maqsadida mamlakat ichkarisiga kirishni rejalashtirgan», - deyiladi rasmiy bayonotda.
Davlat kotibi Marko Rubio jurnalistlarga bu AQSh operatsiyasi emasligini va unga Qo‘shma Shtatlarning aloqasi yo‘qligini aytdi. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Kuba rasmiylari hodisa haqida AQShni xabardor qilgan, biroq AQShning Havanadagi elchixonasi sodir bo‘lgan voqeani mustaqil ravishda tekshirishga harakat qiladi.
«Biz bu borada o‘z ma’lumotlarimizga ega bo‘lamiz, aynan nima sodir bo‘lganini aniqlaymiz. Ochiq dengizda bunday otishmalarni ko‘rish juda noodatiy holat», - dedi u. Shuningde, Rubio Kuba hukumatiga qarshi ritorikasini davom ettirib, hozirgi status-kvo barqaror emasligini va Kuba «keskin» o‘zgarishi kerakligini aytdi.
Ushbu voqea AQSh Kuba oroliga neft yetkazib berishni deyarli butunlay to‘sib qo‘ygani natijasida hukumatga bosim kuchaygan bir paytda yuz bermoqda.
Modi Knessetda nutq so‘zladi
Chorshanba kuni Isroil parlamenti — Knessetda nutq so‘zlagan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Isroil bilan «qat’iy va to‘liq ishonch bilan» birga ekanini aytdi.
Isroilga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Modi «7 oktyabr kungi hujum oqibatida halok bo‘lganlar uchun Hindiston xalqining chuqur hamdardligini» yetkazishini bildirdi. «Hindiston hozirgi va undan keyingi vaqtlarda ham Isroil bilan qat’iy va to‘liq ishonch bilan birga turadi», - dedi Modi.
Lekin Hindiston yetakchisi nutqi davomida urushdagi 70 mingdan ortiq falastinlik o‘limi haqida to‘xtalmadi. BMTning maxsus qo‘mitasi va xalqaro ekspertlar Isroilning G‘azodagi harakatlarini «genotsid» deb atagan. Isroil esa bu ta’rifni rad etadi.
Knessetda Modi «terrorizmga qarshi kurash barqaror va muvofiqlashtirilgan global harakatlarni talab qilishini» aytdi. Shuningdek, u «Ibrohim kelishuvlari» va Donald Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Xavfsizlikdan tashqari, Modi Hindiston va Isroil o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga ham to‘xtalib o‘tdi. «Men kvant texnologiyalari, yarimo‘tkazgichlar va sun’iy intellekt kabi sohalarda katta hamkorlik imkoniyatlarini ko‘ryapman», - deya qo‘shimcha qildi u. 2025 yilda ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi taxminan 13-15 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning qariyb yarmi qurol-yarog‘ va harbiy texnologiyalar savdosi hisoblanadi.
Netanyahu esa Modini juda iliq kutib olib, savdo aloqalarini yuqori baholadi va «ekstremistik Islom»ga qarshi «temir ittifoq» tuzishga va’da berdi. Modi Knessetda Isroil davlati bilan hamkorlik va do‘stlikka qo‘shgan «katta hissasi» uchun «Knesset Spikeri medali» bilan taqdirlandi.
Kansler Xitoyga keldi
Germaniya Federal kansleri Fridrix Mers Pekinda XXR raisi Si Jinping bilan uchrashdi. Uchrashuvda kansler Xitoy yetakchisidan Ukrainadagi urushni tugatishga ko‘ndirish uchun Rossiyaga bo‘lgan ta’siridan foydalanishni so‘radi. Bu haqda Mersning o‘zi chorshanba kuni ma’lum qildi.
«Biz bilamizki, Pekindan kelayotgan signallar Moskvada juda jiddiy qabul qilinadi — bu ham so‘zlarga, ham amallarga tegishli», degan u.
Xitoy nashrlariga ko‘ra, Si Mersga Xitoy «Ukrainadagi mojaro»ni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashini, biroq bu «barcha tomonlarning qonuniy manfaatlarini hisobga olishi» va ularning jarayonda teng ishtirokini ta’minlashi kerakligini aytgan. Kanslerning tashrifi arafasida Xitoy TIV rasmiysi — Rossiyaning Ukrainadagi urushi Xitoy–Yevropa munosabatlarida muammoga aylanmasligi kerakligini aytgandi.
Aslida Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan betarafligini e’lon qilgan. Biroq Moskvaga harbiy sohada qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni, jumladan, dronlarni yetkazib berishda davom etmoqda. Bu ko‘pincha Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Pekinni tanqid qilishga sabab bo‘lgan.
Germaniya kansleri sifatidagi Xitoyga ilk safarini o‘tkazayotgan Fridrix Mers bu yerga yirik biznes delegatsiyasi hamrohligida kelgan. Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri Xitoy va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘ldi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy AQShni ortda qoldirib, Germaniyaning eng yirik savdo hamkoriga aylangandi. Biroq ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot so‘nggi yillarda yuqori darajada bo‘lmagan.
IShID lagerlari muammosi
Suriya davlat televideniyesi xabar berishicha, o‘tgan oyda Suriyaning al-Xol lageridan Kurd kuchlari chiqib ketganidan so‘ng «ommaviy qochish» yuz berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, IShID bilan aloqador minglab odamlar qochib ketgan bo‘lishi mumkin.
Suriya Ichki ishlar vazirligi vakili Nuriddin Bobo so‘zlariga ko‘ra, Suriya Demokratik Kuchlari lagerdan Suriya hukumati yoki AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan muvofiqlashtirmasdan chiqib ketgan.
Suriya rasmiylari «lagerning tashqi devorida kontrabanda amaliyotlarini osonlashtirgan 100 dan ortiq buzilishlarni (yoriqlarni) aniqlaganini» aytdi va qochganlar soni hali tasdiqlanishi kerakligini qo‘shimcha qildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, al-Xol lagerida 30 000 dan ortiq odam saqlangan.
SDF Ichki ishlar vazirligining ushbu bayonotini mas’uliyatdan qochish uchun qilingan «noto‘g‘ri» bayonot deb rad etdi. Ular Damashqqa qarashli guruhlarni lagerga kirib, IShID a’zolarining oilalarini olib chiqib ketishda aybladi.
SDF Vashingtonning Suriyadagi hamkori va uzoq vaqt davomida IShID qamoqxonalari qo‘riqchisi edi. 2019 yilda AQSh qo‘shinlarining olib chiqilishi va 2024 yil oxirida Assad rejimi qulashi ortidan AQSh kurdlarni «unutdi»
Endilikda Ash-Shar’a kuchlari SDFʼni ularning qo‘l ostidagi hududlardan siqib chiqarmoqda. Bunday vaziyatda kurdlar qo‘riqlayotgan IShID qamoqxonalari ham Suriya kuchlari ixtiyorida qolyapti.
Braziliyada suv toshqinlari
Braziliyaning Minas-Jyerays shtatida sodir bo‘lgan kuchli yomg‘irlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 46 kishiga yetdi.
Shtat o‘t o‘chirish boshqarmasining ma’lum qilishicha, Juis-de-Fora va Uba shaharlarida suv toshqinlari va yer ko‘chkilari 3600 ga yaqin odamni uy-joyidan mahrum qilgan. 21 kishi esa hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Seshanba oqshomida yomg‘ir pasayishi bilan rasmiylar va ko‘ngillilar toshqinlarda uy-joyidan ayrilgan aholiga yordam ko‘rsatishga kirishgan.
De-Fora meri Margarida Salamao xavfli hududlarda yashovchi aholini u yerni tark etishga va ma’muriyat tomonidan tashkil etilgan boshpanalardan yordam so‘rashga chaqirdi.
Braziliyaning katta qismida yomg‘irlar mavsumining cho‘qqisi — dekabrdan martgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Rasmiylarga ko‘ra, bu yil hududda tarixdagi eng seryog‘in fevral oyi bo‘lgan: yog‘ingarchilik miqdori ushbu oy uchun kutilgan me’yordan ikki baravardan oshib ketgan.
Britaniyada Ukraina dron zavodi ochildi
Buyuk Britaniya hududida Ukrainaning zarbdor dronlar ishlab chiqaradigan birinchi zavodi ish boshladi. Bu haqda Ukraina elchisi, sobiq bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu kompaniya dronlari «yuqori texnologiyali urush sharoitida o‘zining samaradorligini allaqachon isbotlagan». Kompaniyaning muhandislik markazi Ukrainada qoladi, ishlab chiqarish liniyalari esa Buyuk Britaniyaga ko‘chiriladi.
«Bu og‘irlik markazini Ukrainadan ko‘chirish emas. Bu bizning umumiy imkoniyatlarimizni kengaytirish va ishlab chiqarish uzluksizligini kafolatlaydigan ikkinchi barqarorlik konturini yaratishdir», - deya ta’kidladi elchi.
Zalujniyning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga doimiy raketa zarbalari infratuzilmani vayron qilib, ishlab chiqarish korxonalariga xavf tug‘dirmoqda.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026