O‘zbekiston | 10:32 / 25.11.2025
4137
2 daqiqa o‘qiladi

Issiqxonalarga gaz beriladi

Shundan so‘ng ham shina, mazut, bitum kabi mahsulotlar yoqqan issiqxonalar jazolanadi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda joylashgan barcha issiqxonalar yaqin vaqt ichida tabiiy gaz bilan isitishga o‘tkazilishi kerak. Bu prezidentning poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona obektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etadi va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Shundan keyin ham qoidalarni buzgan issiqxonalar esa jazolanadi.

Ekologiya qo‘mitasi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritadi:

  • maydoni 200 m2 va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo‘lmaganligi uchun ma’muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish;
  • maydoni 200 m2 va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish.

Bundan oldinroq Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgani ma’lum qilingandi. Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obektlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi yoki tugatishi mumkin.

Mavzuga oid