2026 yil 25 martda qabul qilingan “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi.
2026 yil 9 aprelda qabul qilingan hukumat qarori bilan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan, atrof-muhit va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxona xo‘jaliklari ana o‘sha “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladigan bo‘ldi.
Qarorning qisqacha tafsilotlari:
- Issiqxonalarga ko‘chish xarajatlari qoplab beriladi, kreditlarini qaytarish muddatlari esa uzaytiriladi.
- Ixtiyoriy ravishda ko‘chishga rozi bo‘lmagan issiqxonalar gazdan uziladi; ko‘mir, mazut yoki boshqa narsalarni yoqqan taqdirda jarima 20 barobarga, suv solig‘i 5 barobarga oshiriladi.
- Ko‘chib ketgan issiqxonalardan bo‘shagan yer maydonlarida faqat bog‘dorchilik, uzumchilik yoki ko‘chatchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Batafsil
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari hududidagi issiqxonalar Surxondaryo viloyatiga ixtiyoriy ko‘chib o‘tishga quyidagicha tartibda rag‘batlantiriladi:
- xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan ajratilgan milliy va xorijiy valutadagi kreditlarni qaytarish muddatlari 5 yilga, shundan imtiyozli davri 3 yilgacha uzaytiriladi, avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlab qolinadi;
- 2028 yil 1 aprelga qadar "Surxon-Agro" zonasi hududiga ko‘chadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming so‘mgacha miqdorda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.







