O‘zbekiston | 16:11 / 13.07.2020
9294
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi

2021-2022 yillarda O‘zbekistonda sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasiga oid prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Foto: Shutterstock

Strategiyaning maqsadi – sun'iy intellekt sohasida milliy ilmiy tadqiqot va rivojlantirish faoliyatlarini tizimli tarzda yo‘lga qo‘yish hamda ta'limni samarali isloh etishdan iborat.

O‘zbekistonda sun'iy intellektni 3 bosqichda rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

1-bosqich. 2021–2022 yillar – sun'iy intellektni rivojlantirishning fundamental asoslarini rivojlantirish va maqsadli tizimlashtirish: Sun'iy intellektni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot va rivojlantirish faoliyatlarini tizimli tarzda tashkil etish, SI sohasida ta'lim tizimini samarali isloh etish hamda ilmiy tadqiqot va ta'limda xalqaro hamkorliklarni jadallashtirish. Shuningdek, ishlab chiqarishda raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlarning innovatsion faolligini oshirish.

2-bosqich. 2023–2025 yillar – sun'iy intellekt sohasida kadrlar malakasi va intellektual salohiyatini halqaro raqobat maydonida sifat jihatidan oshirish va nufuzini ko‘tarish: Ustuvor yo‘nalishlarda yangi ilmiy-tadqiqot va rivojlantirish markazlarini tashkil etish. Biznes – ilm-fan – davlat integratsiya tizimini mustahkamlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari muammolariga SI yordamida ratsional yechimlar to‘plamini taklif etish. Shuningdek, milliy iqtisodiyotda sun'iy intellekt asosidagi yuqori texnologiyalarga asoslangan milliy ishlanmalar eksport ulushini oshirish. Milliy iqtisodiyot tarmoqlarida sun'iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan raqamli ishlab chiqarish mahsulotlaridan keng foydalanish hamda jahon bozorida raqobatbardosh milliy brendlarga ega bo‘lish.

3-bosqich. 2026–2030 yillar – O‘zbekistonda yuqori rivojlangan axborotlashgan jamiyatni shakllantirish: Davlat boshqaruvining shaffof va samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini milliy qadriyatlar va umuminsoniy tamoyillar asosida to‘liq kafolatlaydigan o‘ziga xos bo‘lgan axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shakllangan ma'lumotlar to‘plamidan yuqori qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni yaratish, hamda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor tarmoqlarida Markaziy Osiyo davlatlarida yetakchi va Osiyo davlatlari bilan raqobatlashadigan innovatsion xabga aylantirish.

Quyidagilar 2021-2022 yillarda sun'iy intellektni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • Normativ-huquqiy va ahloqiy munosabatlarda fundamental asoslarni tartibga solish;
  • Axborotlashgan jamiyatni bosqichma-bosqich shakllantish;
  • Kadrlar tayyorlashda ta'lim islohotlari va ilmiy tadqiqot faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • Raqamli mahsulotlarni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va smart industriya.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ishlab chiqqan loyiha bilan ushbu havolada tanishish va muhokamalarda qatnashish mumkin.

Mavzuga oid