O‘zbekiston | 10:56 / 02.02.2024
6846
2 daqiqa o‘qiladi

«Qor erigach yo‘l ta’mirlanadi» - Surxondaryoda o‘quvchilarning maktabga loy yo‘ldan qatnayotgani yuzasidan hokimlik izoh berdi

Sariosiyo tumani Karsh mahallasida maktab bolalari toshloq, loy yo‘l orqali maktabga qatnamoqda. Viloyat hokimiyati bu ichki yo‘l noqonuniy qurilishlar sabab ta’mirlanmay qolganini, qorlar erigach, ta’mirlash ishlari boshlanishini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Karsh mahallasidagi bolalar toshloq, loy bo‘lib ketgan yo‘l orqali maktabga qatnayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimiyati munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Karsh mahallasi Sariosiyo tumani markazidan qariyb 70 km uzoqlikda, tog‘li hududda joylashgan. Hududda 487 nafar fuqaro 91 ta xonadonda yashaydi. Mahalladagi 80 o‘rinli maktab 2018 yilda qurilgan va hozirda barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.

2022-2023 yillar davomida mahallaga transport borishi uchun 11 km uzunlikdagi tog‘li hudud orqali yangi yo‘l ochilgan. Mahallaning 5 km ichki yo‘llari toshlanib, ta’mirlangan. Shunga qaramay, videodagi ichki yo‘lda noqonuniy qurilmalar sababli ta’mirlash ishlari bajarilmay qolib ketgan.

Yo‘llar, mahallalardagi infratuzilmani rivojlantirish avvalo aholi farovonligini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan bo‘lib, bolalarning sifatli ta’lim olishi hamda xavfsiz va qulay yo‘llardan maktabga borishlarini ta’minlash bizning vazifamiz.

Biroq ayni hozirgi kunlarda Karsh mahallasiga boruvchi yo‘l to‘liq qor bilan qoplanganligi sababli transportning hududga borish imkoniyati yo‘q. Viloyat hokimining ko‘rsatmasi bilan Karsh mahallasidagi maktabga boruvchi ichki yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgan bo‘lib, yo‘ldagi qor qoplami erigach, ta’mirlash ishlari boshlanadi”,– deyiladi rasmiy izohda.

Hokimiyat qilingan ishlar borasida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishini qayd etdi.

Mavzuga oid